Qozog‘istondagi bosmaxona rahbarining taqdiri hanuz noma‘lum qolmoqda

"Golos Respubliki" gazetasini chop etuvchi bosmaxona direktori kaltaklanganidan 2 kun o‘tib g‘oyib bo‘lgan. Gazeta mas‘ullari direktor o‘g‘irlab ketilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Doniyor Moldoshev g‘oyib bo‘lganidan 2 kun o‘tib hamkasblariga telefon qilgan, ammo o‘ta qisqa so‘zlashuv xavotirlarni yanada orttirgan.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti jurnalistning g‘oyib bo‘lganidan xavotirligini bildirdi.

Tahririyat Doniyor Moldashevning dushanba kuni g‘oyib bo‘lgani haqida axborot tarqatgan, u o‘g‘irlab ketilgan bo‘lishi ehtimolini bildirgan edi.

Chorshanba kuni kechqurun "Golos Respubliki" ro‘znomasi xodimlaridan biriga telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lgan, unda Doniyor Moldashev faqat "men Minskdaman" deb aytgan, xolos.

"Taxminan 20:30 da o‘rinbosari Go‘zal Baydalinovaga Doniyor qo‘ng‘iroq qilgan va "men Minskdaman", degan. Uning ovozi tahlikali bo‘lgan va bu jumladan boshqa hech narsa demagan. Qo‘ng‘iroq raqami chiqmadi", - deydi "Golos Respubliki" gazetasi bosh muharriri Oksana Makushina.

Bosmaxona direktorining Moskvaga xizmat safariga borgani va Moskvada uning ortidan kuzatib yurilgani aniqlangani haqida xabar tarqatildi.

Olma otada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida go‘yoki Doniyor Moldoshevni Moskvada ta‘qib etib yurgan shubhali shaxsning mobil telefonga tushirilgan surati ko‘rsatildi.

Makushina xonimga ko‘ra, Doniyor Moldashev 26 mart kuni tongda Olma-Ota aeroportidan kelayotganda uyi yonida do‘pposlangan. Uning qo‘li singan deyilmoqda.

"Golos Respubliki" xodimlarining janob Moldashevga iqtibosan aytishlaricha, u dam olish kuni bo‘lgani uchun hech qayoqqa murojaat qilmagan, faqat shifokor ko‘rigida bo‘lgan.

Faqat dushanba kuni hamkasblari uning do‘pposlangani va Moskvadan olib kelgan hujjatlari va redaktsiya fotoapparati yo‘qolganidan xabardor bo‘lganlar.

Doniyor Moldashev uyiga borgan ro‘znoma xodimlari uni topisholmagan va qariyb uch kun mobaynida u haqda hech qanday xabar bo‘lmagan.

Gazetaning huquqlarini himoya qilayotgan advokat Sergey Utkinning aytishicha, gazeta hukumat organlari tomonidan o‘ziga nisbatan bosim his qilmoqda.

"Gazeta 1,5 yildan beri o‘ziga nisbatan bosim his qilmoqda. Ushbu bosimlar jinoiy to‘dalar tomonidan emas, davlat organlari tomonidan bo‘lmoqda. Gazetaning chop etilish jarayoni ham bunga yoqqol misol. Gazetani birorta bosmaxona qabul qilmayapti. Sabab bosmaxonalarda emas. Prezidentning maslahatchisi o‘z chiqishlarida ushbu holatni ma‘qullagandi va gazeta istalmagan mavzularni chop etayotgani uchun bosilmayapti degandi", deydi advokat Sergey Utkin.

Bosmaxona direktorining g‘oyib bo‘lishiga qaramasdan gazetaning chop etilishi bildirildi.

Qarorgohi Parijda joylashgan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti jurnalistning g‘oyib bo‘lishidan o‘z xavotirini bildirib bayonot chiqargan.

"Biz Moldoshevning g‘oyib bo‘lishini ziyonsiz hodisa deb bilmaganimizdek, bosmaxona sohibiga hujum qilish shunchaki tasodif emas deb hisoblaymiz. "Chegara bilmas muxbirlar" politsiyadan Moldoshevni topish, uni o‘g‘irlaganlar, rejalashtirganlar va hujum qilishni uyushtirganlarni aniqlash borasida qo‘llaridan kelgan amallarni qilishni so‘raydi. Biz prezident saylovlarida ishtirok etayotgan nomzodlarni axborot erkinligiga hurmat bilan qarashga chaqiramiz", - deyiladi bayonotda.

Tahririyat Doniyor Moldashev g‘oyib bo‘lgani haqida xabar tarqatarkan, 2005 yildagi Qozog‘istondagi saylovoldi kampaniyasi chog‘ida halok bo‘lgan jurnalist Oksana Nikitina bilan ro‘y bergan hodisa takrorlanishidan xavotir izhor etiladi.

"Golos Respubliki" ro‘znomasi Qozog‘istonda o‘zining tanqidiy maqolalari bilan tanilgan "Respublika" gazetasining vorisidir.

"Respublika" xodimlari o‘zlariga nisbatan Qozoq rasmiylari tomonidan ko‘plab bosimlar bo‘lganini, nihoyat mahkama ro‘znomani yirik miqdorda jarimaga tortib faoliyatini to‘xtatishga majbur etganini aytadilar.

2009 yilda ijodiy xodimlar "Golos Respubliki" ro‘znomasiga asos solganlar, biroq bu gazetani ham Qozog‘istondagi aksar bosmaxonalar chop etishdan bosh tortganlar.