Sana: Aprel inqilobi Qirg‘izistondagi siyosiy vaziyatni yaxshilay oldimi?

Bugun Qirg‘izistonda prezident Qurmonbek Bakiyevni qudratdan chetlatib, yangi hokimiyatni qudratga keltirgan va mamlakat siyosiy tizimini o‘zgartirgan aprel voqealariga roppa-rosa bir yil to‘ldi. Qirg‘izistonda o‘tgan yil aprelida yuz bergan hodisalar, ular ortidan mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritilishi va parlament saylovlarining bo‘lib o‘tishi, umuman olganda, matbuotda yaxshi yoritildi. Saylovlar ortidan Qirg‘izistonda Markaziy Osiyodagi ilk parlamentar boshqaruvning yo‘lga qo‘yilishi esa, eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya tomonidan xush qarshilanmadi. Prezident Roza O‘tinboyevaning Ovro‘po va Amerika Qo‘shma Shtatlariga safarlari jarayonida uning Qirg‘iz jamiyatini demokratlashtirish sa‘y-harakatlari keng olqishlandi. Aprel voqealaridan ikki oy o‘tib esa, Qirg‘iziston janubida minglab kishilarning umrlariga zomin bo‘lgan milliy nizolarga yuz berdi. Xo‘sh, bularning barchasi manzarasida yuz bergan bu hodisalar Qirg‘izistondagi siyosiy tuzumni yaxshilay oldimi?

Suhbatdoshimiz AQShdagi Jon Hopkins Universitetining Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Erika Marat:

Erika Marat: Men ehtiyotkorlik bilan xushbinlik bildirgan bo‘lardim. O‘tgan yil ko‘plab yutuqlarga erishildi: yangi konstitutsiya qabul qilindi, yangi parlamentar tizimga o‘tildi va odilona bo‘lmasa hamki, shaffof saylovlar bo‘lib o‘tdi. Biroq shu yil oxirida yangi prezident saylanishi bilan, bularning bari chippakka chiqishi mumkin. Hozirda prezidentlikka ko‘z tikib turgan da‘vogarlarning hammasi qudratga tashna va ularni o‘tgan yilgi yutuqlar unchalik qiziqtirmaydi. Lekin, tan olish kerak, bugun Qirg‘izistonda eng hurfikrli, demokratik va tajribali siyosatchi bu - joriy prezident Roza O‘tinboyevadir.

BBC: Lekin hali prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tmasdanoq koalitsion hukumatning anchayin beqaror ekanligi ko‘rinib qolmayaptimi?

Erika Marat: Bu katta muammoligicha qolmoqda. Hozirgi koalitsiyada ichki nizolar kuchli. Ammo asosiy rahbarlarning manfaatiga zid bo‘lmagani uchun koalitsiya parchalanib ketgani yo‘q. Biroq kuni kelib parchalanishi mumkinligi alomatlari mavjud va agar shunday bo‘lsa, Qirg‘iziston siyosiy hayoti mavhumlikka yuz tutadi va prezidentlik tizimi yana qayta tiklanishi mumkin.

BBC: Prezident O‘tinboyeva bir yil oldin halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirib, ularning unutilmasligi va demokratik tizim yo‘lida qo‘shgan hissalari yodda tutilishini aytmoqda. Ammo o‘tgan yilgi hodisalar bo‘yicha yakuniy fikr aytildimi? Sobiq prezident Bakiyev chiqish qilib, ushbu hodisalarni davlat to‘ntarishi deb aytdi, ba‘zilar nazarida bu inqilob edi...

Erika Marat: Bu hodisalardan roppa-rosa bir yil o‘tgan bo‘lsa hamki, biz aslida nima bo‘lganini aniq bilmaymiz. Biz oddiy fuqarolarni otishga kim buyruq berganini va uni amalda kim ijro etganini aniq bilmaymiz. Haliyam ko‘plab noaniqliklar bor, haliyam ko‘plab tortishuvlar bor, turlicha talqinlaru mish-mishlar bor. Mazkur hodisalarni aniqlashga na hukumat va na parlament harakat qildi. 2010 yil 7 aprelida nima yuz bergani yuzasidan yakdillik bo‘lmagani uchun, ular siyosatchilar tomonidan turlicha tahlil etilmoqda. Ammo bugun qirg‘iz siyosatchilari 7 aprel hodisalaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

BBC: Ba‘zilar aprel hodisalari va oradan ikki yil o‘tib, Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik zo‘ravonliklar o‘rtasida bog‘liqlik borligini aytishadi; Ba‘zi fikrlarga ko‘ra, muvaqqat hukumat voqealarning shunday oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantirilgan esa-da, uni bartaraf etish uchun hech nima qilmagan va hattoki, hodisalar uchun ma‘lum ma‘noda mas‘ul. Aprel oyida yuz bergan hodisalar hamda O‘sh va Jalol-Oboddagi milliy nizolar qanchalar bir-biriga bog‘liq deb o‘ylaysiz?

Erika Marat: Men o‘qigan turli hisobotlar, davlat rasmiylari, nodavlat tashkilotlar rahbarlari va oddiy o‘shliklar bilan bo‘lgan turli suhbatlardan xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, hukumat 2010 yil iyunida milliy nizolar yuz berishi ehtimolidan ma‘lum ma‘noda xabardor bo‘lgan. Ammo hukumat dastlabki ogohlantirishlarga yo javob bermaslikka qaror qilgan yo-da javob berishga qodir bo‘lmagan. Yana bir narsani esda tutish lozim: o‘sha paytdagi o‘tish hukumati bir-biriga qarshi bo‘lgan juda g‘alati va turli qutblardagi siyosatchilardan iborat bo‘lgan. O‘shanda vaziyat qay tomonga o‘zgarishini bashorat qilish qiyin bo‘lgani uchun hech kim mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamagan. Muvaqqat hukumat ayni so‘zlar bilan o‘zini himoya qilishga urinadi. Nima bo‘lganida ham o‘tish davri hukumati mas‘ul edi, biroq yuz bergan hodisalar uchun o‘tish hukumatidan biror kishi mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olganini ko‘rmadik. Aksincha, ular sobiq hukumatni hamda qandaydir abstrakt kuchlarni ayblashni o‘zlariga ep bilishdi. Shuning uchun ham, o‘tgan yil iyunida nima bo‘lganiga oid aniq tasavvurga ega emasmiz. Finlyandiya parlamenti a‘zosi Kimmo Kilyunen boshchiligidagi xalqaro tergov guruhi kuzatuvlari asosida tayyorlangan yangi hisobot iyun hodisalarining yangi jihatlarini ochib berishi mumkin, biroq hozirda javoblarga qaraganda savollar ko‘proq.