Tojik-qirg‘iz chegarasidagi mojaroga nima sabab bo‘lgan?

6 aprel kuni Tojikistonning Isfara va Qirg‘izistonning Botken tumani chegarasida kelib chiqqan kelishmovchilik natijasida o‘zaro chegarada har ikki tomondan 500 nafar odam yig‘ilgan.

Isfaradagi Chorko‘ qishloq jamoati rahbarlaridan birining aytishicha, kelishmovchilikka Qirg‘iziston huquq-tartibot mulozimlarining ta‘magirliklari va qonunni buzishlari sabab bo‘lgan.

Ayni bir paytda Qirg‘iziston tomoni tojikistonliklarni qirg‘iz fuqarosi mashinasini garovga olishda ayblashgan.

Voqea joyiga Isfara va Botken tumanlari birinchi rahbarlari yetib kelishgach, norozi odamlar tarqalishgan. Hozir o‘zaro chegaradagi vaziyatning tinch ekani aytiladi.

Isfaradagi Chorko‘ jamoati raisi muovini Abduxalil Sharipovning aytishicha, Qirg‘iziston huquq-tartibot mulozimlarining o‘z vakolatlarini suiiste‘mol qilishlari natijasida ikki o‘rtada norozilik kelib chiqqan.

Bu orada har ikki tomonda odamlar to‘plana boshlangan. Voqea guvohlaridan birining aytishicha, 500 nafarga yaqin odam to‘plangan, har ikki tomondagi olomon soni deyarli teng bo‘lgan.

Chorko‘ jamoati raisi muovini, ayni bir paytda Somoniyon qishlog‘idan mahalliy deputat Abduxalil Sharipovga ko‘ra, Qirg‘iziston tomonida oddiy aholidan tashqari 20 chog‘li militsiya mulozimlari ham to‘planishgan. Ularning orasida zobitlar ham bo‘lgan.

Qirg‘iz militsiya mulozimlari tojikistonlik tadbirkorni o‘z hamkasblariga qo‘l ko‘tarishda ayblashgan.

Ikki oradagi muzokaralar natija bermagach, tojikistonliklar yo‘ldan o‘tib borayotgan qirg‘iz mashinasini garovga olishgan.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha, ikki o‘rtada kelib chiqishi mumkin bo‘lgan janjal oldi olinishiga voqea joyiga Isfara va Botken tumanlari birinchi rahbarlari yetib kelishi sabab bo‘lgan.

Ularning aralashuvi bilan har ikki tomonda tutib turilgan mashinalar va odamlar o‘z hududlariga o‘tkazilgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Isfarada yuz bergan so‘nggi hodisa keyingi yigirma kun orasida Sug‘d va Botken viloyatlari chegaralarida kuzatilayotgan to‘rtinchi mojarodir.

Oldinroq botkenlik noma‘lum kishilar yarim tunda Chorko‘ qishlog‘idagi bog‘lardan biriga kirib kelib, 360 tup daraxtni tagidan kesib tashlashgan edi.

Qirg‘izistonning Laylak tumani huquq-tartibot mulozimlari tomonidan esa, benzin sotayotgan tojikistonlik yigit Qirg‘izistonga zo‘rlik bilan olib ketilgan va qattiq do‘pposlangani G‘afurov tumanidagi Qistako‘z qishlog‘i aholisida norozilik uyg‘otgandi.

Tahlilchi Tilav Rasulzodaning fikricha, ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaralarni aniqlash va belgilash masalalari oxirigacha hal etilmas ekan, bunday kelishmovchiliklar yuz beraveradi.

"Mening fikrimcha, davlatlararo, ya‘ni Tojikiston va Qirg‘iziston orasidagi komissiya o‘z faoliyatini kuchaytirishi va tez orada chegara masalasini hal etishi vaqti kelib yetdi," deydi Tilav Rasulzoda.

Isfara va Botken tumanlari aholisi orasida hali Sho‘rolar Ittifoqi paytida yuz bergan mojaro bir tojikistonlik yigitning o‘limiga olib borgandi.

Garchi keyingi yillarda Tojikiston va Qirg‘izistonda yaxshi qo‘shnichilik borasida ta‘kidlar tez-tez yangrayotgan bo‘lsa-da, lekin kuzatuvchilar ikki o‘rtada yer, suv muammolari mavjudligini ta‘kidlashadi.

O‘rinboy Usmon, BBC, Xo‘jand