Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi 'Qur‘on'ning yoqilishini keskin qoraladi

Image caption Amerikalik ruhoniy Terri Jonesning nazdida "Qur‘on" zo‘ravonlikni targ‘ib etadi

Tojikistonning muxolifatdagi Islom Uyg‘onish partiyasi siyosiy kengashi bayonot bilan chiqib, yaqinda AQShning Florida shtatida "Qur‘oni Karim"ga o‘t qo‘ygan amerikalik ruhoniyning qilmishini keskin qoraladi.

Partiya bayonotida aytilishicha, "bu - ekstremizmning yaqqol bir ko‘rinishi va insoniy qadriyatlarga qarshi sodir etilgan jinoyat sifatida baholanuvchi amaldir".

"Amerikalik ruhoniy Terri Jonesning ishi madaniyatlar va tamaddunlar o‘rtasidagi muloqotga putur yetkazib, millatlararo nizolarning kelib chiqishiga turtki berishi mumkin," deyiladi Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasining bayonotida.

Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi dunyo davlatlari, xalqaro tashkilotlarni bir chetda qarab turmasdan, ushbu buzg‘unchilik amalini qoralash va mazkur masala yuzasidan yagona mavqe‘ tutishga ham da‘vat etgan.

"Islom hech qachon terrorchilik va ekstremizm dini bo‘lmagan. Lekin bu har ikki holatning belgisini amerikalik ruhoniy Terri Jonesning amallarida ko‘rish mumkin," deb aytgan partiya rahbari Muhiddin Kabiriy.

Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi Markaziy Osiyodagi rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan yagona diniy siyosi partiyadir. Partiyaning 40.000 dan ortiq a‘zosi borligi aytiladi.

"Qur‘on"ga o‘t qo‘yish

Amerikalik ruhoniy Uyeyn Sapp 20 mart kuni Florida shtatidagi ibodatxonalardan birida Qur‘on nusxasiga o‘t qo‘ygan, bu jarayonda unga o‘tgan yili 11 sentyabr hujumlari arafasida xuddi shunday rejasi uchun keskin tanqidlarga uchragan amerikalik ruhoniy Terri Jons boshchilik qilgandi.

Terri Jons o‘tgan yil sentyabr oyida ham musulmonlarning muqaddas kitobini yoqish bilan tahdid qilgan edi.

Ammo uning rejasi keng matbuotning nazariga tushib, Islom olamida keskin aks-sadolarga sabab bo‘lgan va AQSh Prezidenti Barak Obama ma‘muriyatining aralashuvi bilan o‘z rejasidan voz kechishga majbur bo‘lgandi.

Biroq bu galgi rejasi Amerikaning o‘zida uncha e‘tibor topmagan esa-da, Internet orqali tarqalib, Osiyo va Yaqin Sharqda keng yoritildi.

Buning ortidan Afg‘onistonda bir necha kun davom etgan norozilik namoyishlari chog‘ida yuz bergan zo‘ravonliklar bois Birlashgan Millatlarning xodimlari doxil o‘nlab kishilar qurbon bo‘lishdi. Ko‘plab kishilarga tan jarohati ham yetdi.

Mazkur voqealar manzarasida fundamentalist ruhoniyning qilmishi AQSh Prezidenti Barak Obama, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay tomonidan keskin qoralandi.

Ammo, shunda ham, ruhoniy Terri Jones Afg‘onistonda yuz bergan g‘alayonlar va insoniy talofatlarga o‘zi aybdor emasligini aytdi.