Osiyo Taraqqiyot Banki qit‘aning iqtisodiy taraqqiyoti borasida nima deydi?

Osiyo Taraqqiyot Bankining yangi hisobotida aytilishicha, inflyatsiya, geosiyosiy mavhumliklar va iqtisodiy taraqqiyotning yangi manbalarini topish muammolariga qaramay, kelasi ikki yilda rivojlanayotgan qit‘a iqtisodi barqaror o‘sishda davom etadi.

Bank hisobotida aytilishicha, Osiyodagi rivojlanayotgan davlatlarda iqtisodiy o‘sish sur‘atlari o‘tgan yil bilan solishtirganda sustroq bo‘lsa-da, 2011 yilda 8 foizchani tashkil etadi.

O‘z o‘rnida bank inflyatsiya masalasi aksariyat Osiyo davlatlari uchun boshog‘riq bo‘lishi va mazkur holat ijtimoiy tangliklarga yetaklashi mumkinligi bilan ham ogohlantiradi.

Osiyo Taraqqiyot Banki Markaziy Osiyo davlatlari neft, gaz, metal, paxta va oltinning jahon bozoridagi narxi yuqoriligidan foyda ko‘rishayotganini aytadi. Va umumiy olganda iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari joriy yilda 6.7 foizni tashkil etishini bashorat qiladi. Bu esa, o‘tgan yil bilan solishtirganda 0.3 foizga ko‘pdir.

O‘z navbatida bank inflyatsiya darajasi ham ortishi, bunga mintaqadagi barcha davlatlarda oziq-ovqat va neftni chetdan sotib olayotganlarida esa, yoqilg‘i narxlarining yuqoriligi sabab bo‘lganini aytadi.

Bank o‘z hisobotida Markaziy Osiyo davlatlaridagi iqtisodiy ahvolga ham birma-bir to‘xtalib o‘tadi va o‘tgan yili O‘zbekistonda kuchli iqtisodiy rivojlanish kuzatilganini ta‘kidlaydi.

Yangi hisobotda aytilishicha, 2010 yilda asosiy eksport mahsulotlari bo‘lgan gaz, paxta, oltin narxining Jahon bozorida sakrab ketgani O‘zbekistonning tovarlar va xizmatlar eksportini 10.8 foizga yetkazgan va bunda Rossiya iqtisodi o‘nglangani ham o‘z samarasini bermay qolmagan.

Osiyo Taraqqiyot Bankiga ko‘ra, O‘zbekistondagi iqtisodiy taraqqiyotga Rossiyadagi mehnat muhojirlari yuborayotgan pul miqdorining 22 foizga ortgani ham jiddiy ta‘sir qilgan.

Bank mu‘tadil qolishi taxmin qilinayotgan bo‘lsa-da, o‘zbekistonlik mas‘ullarga inflyatsiya darajasini nazardan qochirmasliklarini ham tavsiya etadi.

Osiyo Taraqqiyot bankining bashorat qilishicha, agar xususiy sektorni rivojlantirib, tovarlar va energiya sohasidan boshqa sohalarga ham e‘tibor qaratadigan bo‘lsa, O‘zbekiston keng ko‘lamli va izchil iqtisodiy taraqqiyotni ta‘minlashga muvaffaq bo‘la oladi.

Yangi hisobotda qolgan mintaqa davlatlari ham iqtisodiy jihatdan ancha o‘zlarini o‘nglab olganliklari aytilsa-da, Qirg‘iziston bundan mustasnodir.

Bankka ko‘ra, Qirg‘izistonda prezident Qurmonbek Bakiyevni qudratdan chetlatgan o‘tgan yilgi aprel voqealari va iyun oyida yuz bergan qonli etnik nizolar sabab, mamlakat iqtisodi izdan chiqqan.

Savdo-sotiq uchun asosiy naqliyot yo‘li bo‘lgan Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan chegaralarning yopilishi esa, vaziyatni yanada og‘irlashtirgan, deydi Osiyo Taraqqiyot Banki.

Hisobotda aytilishicha, Qirg‘iziston iqtisodining o‘zini o‘nglab olishi yangi hukumatning mamlakatda siyosiy va ijtimoiy barqarorlikni qanchalik ta‘minlay olishiga bog‘liq bo‘ladi.