Tojik - o‘zbek chegarasida bir Tojikiston fuqarosi otib o‘ldirilgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Tojikiston shimolidagi Sug‘d viloyati Zafarobod tumanida istiqomad qilgan Mirsharipov Inomjon tojik chegarachilari tarafidan nishonga olingan.

Hodisa O‘zbekistonning Xavos tumani bilan chegaradosh Sug‘d viloyati Zafarobod tumani Mirzoobod qishlog‘ida yakshanbaga o‘tar kechasi mahalliy vaqt bilan kechki 9:00-10:00 lar atrofida yuz bergan.

Tojikiston chegara kuchlari hodisani tasdiqlashgan va tekshiruv ishlari boshlanganini ma‘lum qilishgan.

Muxbirimiz O‘rinboy Usmonning xabar qilishicha, chegarachilar chegarada odamlar yurganidan xabar topishganidan so‘ng, ularni to‘xtashga chaqirishgan. Lekin, chegarani buzib o‘tayotganlarning bir qismi O‘zbekiston tomonga, ba‘zilari Tojikiston tomonga qocha boshlashgan.

Chegarani buzib o‘tayotgan shaxslar buyruqqa bo‘ysunishmagach, chegarachilar oyoqlarni nishonga olib o‘q uza boshlashgan. Ana shu o‘qlardan biri tojikistonlik yigirma yoshli Inomjon Mirsharipovga borib tekkan.

"Tojikiston chegarachilari ogohlantiruvchi o‘q uzishgan va o‘q uning biqiniga tekkan. Hodisa kechasi sodir bo‘lganligi uchun chegarachilar uni qochib ketganini taxmin qilishgan va unga hech kim yordam ko‘rsatmagan. Mirsharipov Inomjon ko‘p qon yo‘qotishi natijasida olamdan o‘tgan. Kun yorishganidan so‘nggina uning qarindoshlari jasadni topib kelishga muvaffaq bo‘lishgan", deydi muxbirimiz O‘rinboy Usmon.

O‘zbekistonlik va tojikistonlik yosh yigitlarning chegara buzishga jazm etishlari borasida turlicha fikrlar bildirilmoqda.

Marhumning qarindoshlari Inomjonning ota-onasi O‘zbekistonda yashashlari va u Zafarobod va Xovos o‘rtasidagi qonuniy o‘tish joyi O‘zbekiston tomonidan yopib tashlangani sababli ota-onasini ko‘rish uchun yashirin yo‘llar orqali chegaradan o‘tib-qaytishga majbur bo‘lganini aytishadi.

Image caption Chegarada bunday hodisa ilk bor sodir bo‘layotgani yo‘q

Biroq, 1991 yilda tug‘ilgan Mirsharipov Inomjonning tirikchilik vajidan O‘zbekiston tarafiga yashirin o‘tkaziladigan mollarni tashib berish uchun chegaraga borgani ham taxmin qilinadi.

Zafarobod va Xovos tumanlari o‘rtasidagi chegarada bu kabi hodisa ilk bor sodir bo‘layotgani yo‘q.

O‘tgan yilning noyabrida zafarobodlik bir insonning o‘zbekistonlik chegarachilar uzgan o‘qdan nobud bo‘lgani va yana bir kishi yaralangani xabar qilingandi.

Aslida Zafarobod bilan O‘zbekistonning chegaradosh tumanlariga vizasiz borib-kelish uchun zafarobodliklarga ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuv asosida huquq berilgan.

Lekin, ikki oradagi qonuniy o‘tish joylari O‘zbekiston tomonidan yopib tashlangan.

Natijada odamlar qon-qarindoshlarini ko‘rish va yo boshqa biron yumush yuzasidan O‘zbekistonga o‘tishga to‘g‘ri kelsa, chegarani buzishga majbur bo‘lishlari aytiladi.