Nazarboyevning kuyovi milliy jamg‘armani o‘z qo‘liga oldi

Image caption Quliboyev mubohasali tadbirkor Goga Ashkenazi bilan aloqasi tufayli britan matbuoti nazariga tushgan

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning kuyovi Timur Quliboyev 80 milliard dollarlik Samurыq-Qazыna milliy jamg‘armasi rahbari etib tayinlangan.

Bu e‘londan bir kun avval yangi iqtisod, tashqi ishlar va qishloq xo‘jaligi vazirlari tayinlangan. Bugun mudofaa vaziri Adilbek Jaksibekov o‘z lavozimida qolishi xabar qilingan.

Janob Nazarboyev o‘tgan hafta xalqaro kuzatuvchilar tomonidan tanqid qilingan prezidentlik saylovlarida 95 foiz ovoz bilan g‘olib chiqqan.

Olmotidagi muxbirimizga ko‘ra, tahlilchilar janob Quliboyevning milliy jamg‘armaga rais etib tayinlanishini Nazarboyev oilasining yirik biznes ustidan nazoratni yanada qattiqroq nazorat qilish istagi bilan izohlashadi.

Samurыq-Qazыna Qozog‘iston iqtisodining yirik qismini nazorat etadi, va davlat energiya shirkati, milliy temir yo‘l, hamda Kazatomprom uran ishlab chiqaruvchi shirkatga egalik qiladi.

Timur Quliboyev Prezident Nazarboyevning o‘rtancha qizi Dinaraga uylangan.

U oxirgi bir necha oy davomida Britaniya qirolichasining o‘g‘li Shahzoda Andryu bilan bog‘liq korruptsiya da‘volari haqidagi maqolalarda bir necha bor tilga olingan.

Janob Quliboyevning britan shahzodasining do‘sti, londonlik asli qozoq badavlat tadbirkor Goga Ashkenazi bilan to‘rt yoshli o‘g‘li ham bor.

Timur Quliboyev 2011 yilda Forbes jurnalining milliarderlar ro‘yxatidan joy olgan. U Qozog‘iston boylari orasida uchinchi o‘rinda, jahonda esa 938-o‘rinda turadi.