Qozog‘istondagi o‘zbek qochqinlarini ekstraditsiya qilish qarori o‘z kuchida qoldi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption 29 o‘zbek qochqini o‘tgan yil yozidan buyon Olma ota hibsxonalarida ushlab turilibdi

Olma ota shahar mahkamasi o‘zbekistonlik boshpana izlovchilarni vataniga ekstraditsiya qilish borasidagi Qozog‘iston Bosh prokuroturasinining qarorini o‘z kuchida qoldirdi.

Bungacha tuman mahkamasi ham shunday yechimga kelgandi.

Ekstraditsiya bo‘yicha shahar mahkamasi shikoyat uchun eng so‘nggi instantsiya ekanigi aytilmoqda.

Qozog‘iston qonurlariga ko‘ra, boshpana izlovchilar qaror kuchga kirishi bilan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi lozim.

Ammo huquqshunoslar boshpana izlovchilar huquqini Oliy mahkamada himoya qilmaguncha, ularning O‘zbekistonga qaytarilmasligiga umid qilmoqdalar.

Yigirma to‘qqiz boshpana izlovchining shikoyati bilan o‘tgan shahar mahkamasi 14 aprel kuni kutilmaganda va zudlik bilan o‘tkazilgan.

Ikki soat davom etgan jarayonda o‘zlari va yaqinlari ishtirok etmagan boshpana izlovchilarning birortasining ham da‘vosi qondirilmagan.

"Bizga mahkama xabarini berishmadi. Advokatlarning o‘ziga ham bir kun oldin xabarini berishgan. Ular ertalabdan kelishgan. Ikki soat davomida 29 odamning tadirini hal qilib qo‘yishdi", deydi jarayon tugashi bilan shahar mahakasiga kelgan Umida Azimova.

Olma ota shahar mahkamasi Qozog‘iston Bosh prokuraturasining 29 boshpana izlovchini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish qarorini o‘z kuchida qoldirgan.

Qozog‘iston qonunlariga muvofiq, shahar mahkamasi ekstraditsiya uchun eng so‘nggi instantsiya hisoblanadi.

Qaror kuchga kirishi bilan ular O‘zbekistonga yuborilishi kerak.

Ammo Boshpana izlovchilar Qozog‘iston migratsiya politsiyasini ularga qochqinlik maqomini bermaganlikda ayblab mahkamaga bergan.

Ushbu da‘vo hozir kasatsion mahkamada ko‘rib chiqilmoqda.

"Ularni ekstraditsiya qilmasliklariga umid qilayapmiz. Hukumat vakillari ularni hibsga olgandan beri shikoyat qilishning barcha bosqichlaridan o‘tish uchun imkon berishini va‘da berib kelmoqda. Hozircha ularning qochqinlik maqomi borasidagi shikoyatlari kasatsion instantsiyada ko‘rilmoqda. Keyin Oliy mahkamaning oliy nazorat kengashi ko‘rib chiqishi lozim. Shuning uchun ham ularni yaqin orada ekstraditsiya qilmasliklari mumkin", deydi huquqshunos Denis Jivaga.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 29 boshpana izlovchini O‘zbekiston hududida og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblab, davlatlararo qidiruvga bergan.

Olma ota hibsxonalarda saqlanayotgan bu shaxslar Qozog‘iston hukumati va BMTdan qochqinlik maqomi so‘ragan.

Boshpana izlovchilarga ko‘ra, ular O‘zbekistonda diniy e‘tiqodi tufayli ta‘qibga uchragan va vatanlariga qaytarilgan taqdirda ularni azobli qiynoqlar va o‘lim kutmoqda.