Tojikiston sharqida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqdami yoki...?

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Tojikiston huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, Rasht vodiysida hozirda harbiy-o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda

Tojikiston sharqiy mintaqalaridan olingan xabarlarga ko‘ra, payshanba kuni Rasht tumani Boloshahri qishlog‘ida hukumat kuchlari va noma‘lum qurolli guruh o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan.

Bu haqda BBCga Tojikiston Ichki ishlar vazirligidagi nomi oshkor bo‘lishni istamagan manba ma‘lum qilgan.

Ushbu manbaning aytishicha, qurolli to‘qnashuv natijasida Tojikiston Ichki ishlar vazirligining uch nafar va Davlat milliy xavfsizlik xizmatining bir xodimi, qurolli guruhning esa olti a‘zosi halok bo‘lgan.

Unga ko‘ra, hozirda Tojikiston maxsus xizmatlari yashirinishga muvaffaq bo‘lgan mazkur qurolli guruh a‘zolarini qidirish amaliyotini o‘tkazmoqdalar.

Biroq Tojikiston Ichki ishlar vazirligi shtabining boshlig‘i Toyir Normatov bu hodisani na tasdiqlay olishi va na rad etishini aytdi.

Payshanba kuni Rasht vodiysida tojik muxolifatining sobiq dala qo‘mondoni Mullo Abdullo nomi bilan mashhur Abdullo Rahimov guruhiga qarshi maxsus amaliyot boshlatilgani haqida xabar tarqaldi.

Ammo Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari mazkur xabarni darhol rad etib, Tojikiston sharqidagi Nurobod tumanida mamlakatning barcha kuch tizimlari ishtirokida qo‘shma harbiy-o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilayotganini ma‘lum qilishdi.

"Mashg‘ulotlarga aviatsiya, artilleriya va zirhli texnikalar jalb etilgan", - deb aytdi Tojikiston Mudofaa vazirligi matbuot markazi boshlig‘i Faridun Mahmadaliyev.

Sarkash muxolifatchilar

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Ali Bedakiy shu yil boshida hukumat kuchlari amaliyoti chog‘ida halok etilgandi

Tojikiston hukumati Mullo Abdullo va Ali Bedakiy taxallusi bilan mashhur Alovuddin Davlatov qo‘mondonligi ostidagi guruhlarni o‘tgan yili mamlakat sharqida joylashgan Kamarob darasida harbiy avtomashinaga qurolli hujum qilishda ayblaydi.

Mazkur qurolli hujumda Tojikiston Mudofaa vazirligining kamida 26 askari halok bo‘lgandi.

Alovuddin Davlatov joriy yil boshida Tojikiston kuch tizimlari tomonidan halok etildi.

O‘shanda Tojikiston Davlat Televideniyesi Ali Bedakiy maxsus amaliyot chog‘ida halok etilganini e‘lon qildi.

Ammmo keyinchalik Tojikistonda bo‘ylab qo‘l telefonlari orqali huquq-tartibot xodimlarining Ali Bedakiyni qiynoqqa solayotgani aks etgan video tasvirlar tarqaldi.

Biroq Tojikiston Ichki ishlar vazirligi mulozimlari ushbu video tasvirlarni "qalbaki" deya rad etishdi.

Tojikiston Xavfsizlik kengashining kotibi Amirqul Azimov yaqinda o‘tkazilgan matbuot yig‘inlaridan birida Ali Bedakiy uni qo‘lga olish chog‘ida jarohat olgani va shifoxonaga olib ketilayotgan paytda jon berganini izhor etdi.

Tojikistonda fuqarolar urushi yillarida muxolifatning eng taniqli qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan Abdullo Rahimov hukumat va birlashgan muxolifat o‘rtasida 1997 yil iyun oyida imzolangan milliy tinchlik shartnomasiga qo‘shilishdan bosh tortgandi.

Mullo Abdullo ko‘p o‘tmay Afg‘oniston hududiga o‘tib ketdi.

Sobiq quroldoshlar

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Rasht vodiysi Tojikistonning eng tog‘li mintaqalaridan biridir

Ikki yil muqaddam uning o‘z qurolli guruhi bilan Tojikiston sharqiga qaytgani haqida xabarlar tarqaldi.

Tojikiston hukumati Mullo Abdulloning Rasht mintaqasida xalqaro terrorchilar jamlog‘ini qurish niyatida ekanini iddao qildi.

Ammo bugungacha Mullo Abdulloning qayerda ekani noma‘lum qolmoqda.

Shu kunlarda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Rasht mintaqasida mamlakat mintaqaviy politsiyasi ta‘sis etilib, unga sobiq muxolifat qo‘mondonlaridan biri Shoh Iskandarov boshliq etib tayinlanganini e‘lon qildi.

Xabarlarga go‘ra, Shoh Iskandarov o‘tgan yil kuzidan boshlab Tojikiston hukumati va muxolifatning qurolli guruhlari o‘rtasidagi muzokaralarga o‘rtachilik qilgan.

Mazkur muzokaralar natijasida sobiq muxolifatning boshqa bir taniqli qo‘mondoni Mirzoxo‘ja Ahmadov boshchiligidagi guruh hukumatga o‘z qurol-aslahalarini topshirib, huquq-tartibot tizimlarining Mullo Abdullo guruhiga qarshi amaliyotlariga yordam berishga rozi bo‘lgan.

Tojikiston sharqidagi Rasht vodiysi 1990-yillarda O‘zbekiston Islomiy Harakati faol bo‘lgan mintaqa hisoblanardi.