'Rashtda o‘ldirilgan jangarilardan biri Mullo Abdullo ekani aniqlandi'

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Bosh shtabi rahbarining rasman bildirishicha, o‘tgan hafta mamlakat sharqida olib borilgan maxsus amaliyot chog‘ida o‘ldirilgan 15 jangarining biri tojik muxolifatining taniqli sobiq dala qo‘mondoni Mullo Abdullo ekani tasdiqlangan.

Tojikiston ommaviy-axborot vositalariga ko‘ra, janob Tohir Normatov jasadlarning shaxslarini aniqlash jarayoni tugashi bilanoq bu haqda rasman ma‘lum qilgan.

Rasman tarqatilgan so‘nggi xabarlarda aytilishicha, bir guruh jangarilar Rasht tumani markazidan 50 chaqirimcha uzoqlikdagi baland tog‘li hududda yakson etilgan.

Mas‘ullarga ko‘ra, jangarilar u yerda tashkil etilgan xos jamloqda ma‘lum vaqt yashirinib yurgan bo‘lishgan.

Ayon bo‘lishicha, amaliyot chog‘ida, "harbiylarga ko‘mak bergan ikki nafar tinch fuqaro ham halok bo‘lgan. Ikki militsiya xodimi yaralangan".

Tojikistondagi turli kuch tizimlari ishtirokida uyushtirilgan amaliyot 14 aprelda boshlanib, uch kun davom etgan.

Maxsus amaliyot poytaxt Dushanbedan 135 chaqirim uzoqlikda joylashgan Nurobod tumanining Samsolik qishlog‘ida bir guruh noqonuniy qurolli guruh a‘zolarini yo‘q etishga qaratilgan bo‘lgan.

Harbiy amaliyotlarga og‘ir bronetexnika va aviatsiya ham jalb etilgan.

Mullo Abdullo

Mas‘ullar beqaror Rasht vodiysining Kamarob darasida o‘tgan sentyabr oyida amalga oshirilgan va o‘ttizga yaqin hukumat harbiysining umriga zomin bo‘lgan hujum ortidan Mullo Abdulloning iziga tushishgan va so‘nggiga qadar uning qayerda ekanidan bexabar ekanliklarini aytib kelishayotgandi.

Mahalliy jurnalistlarga ko‘ra, Tojikiston kuch tizimlari, hatto, ekspertiza ishlari tugamaguncha, jasadlardan birining Mullo Abdulloniki ekani borasida aniq to‘xtamda bo‘lishmagan.

Ular bundan kelib chiqib, o‘tgan hafta olib borilgan maxsus amaliyotlarning aynan Mullo Abdulloni yo‘q etishga qaratilmagani, ammo harbiylar kutilmaganda uni o‘ldirishning uddasidan chiqqanliklarini aytishadi.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, taniqli dala qo‘mondoni Mullo Abdullo 10 yildan ortiqroqki xalqaro qidiruvda bo‘lgan.

U 1992 va 1997 yillar oralig‘ida Rasht tumanidagi Ichki ishlar bo‘limiga uyushtirilgan qator hujumlar va yana boshqa jinoyatlarda ayblangan.

Kamarobda uyushtirilgan hujumda Mullo Abdullo bilan birgalikda mas‘ul, deb ko‘rilgan "Ali Bedakiy" laqabi bilan mashhur Alovuddin Davlatov esa, shu yil boshida Rasht vodiysida o‘ldirilgandi.

Ammo mahalliy kuzatuvchilar O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining Afg‘onistondan Tojikistonga o‘tishlari faollashgani va Tojikiston sharqidagi mujohidlar guruhiga allaqachon yangi rahbar tayin etilganiga oid xabarlarga tayanib, mamlakatda jangarilar muammosi butkul bartaraf etildi, deb xulosa chiqarishga hali erta ekanini urg‘ulashadi.

Joriy paytda Rasht vodiysidagi vaziyatning barqaror ekani, ortiq ehtiyoj bo‘lmagani sababli, yirik shaharlar istisno, butun Tojikiston bo‘ylab yo‘llarga qo‘yilgan maxsus tekshiruv nuqtalari olib tashlanayotgani aytiladi.