Jahon Banki: 'Sharqiy Ovro‘po va Markaziy Osiyoda millionlab kishilar ochlikka yuz tutishi mumkin'

Jahon Bankining bayon qilishicha, oziq-ovqat va energiya mahsulotlari narxining ortib borayotgani rivojlanayotgan Ovro‘po va Markaziy Osiyo davlatlarida 5 milliondan ortiq insonni qashshoqlik girdobiga tashlashi mumkin.

Bank bu haqda Xalqaro Moliya Jamg‘armasi bilan bo‘lib o‘tgan so‘nggi matbuot anjumani chog‘ida bildirgan.

Jahon Bankiga ko‘ra, joriy yilda mazkur mintaqalarda joylashgan har bir davlatda iqtisodiy o‘sish kutilayotgan esa-da, oziq-ovqat va yoqilg‘i qiymatining ko‘tarilishi ulardan ayrimlariga jiddiy ta‘sir qilishi mumkin.

"Jahon bozorlarida bu kabi mahsulotlar narxining ortib ketishi eksporter davlatlarga nihoyatda qo‘l kelib, ularga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Ozarbayjon, Qozog‘iston va Rossiya kabi neftь eksport qiluvchi yirik davlatlar bundan rosa foyda qilishadi. Iqtisodlari rivojlanib, to‘lov qobiliyatlari ortadi va byudjetlari ham barqarorlashadi. Chunki butun dunyoda qazib chiqariluvchi neftning naq 15 foizi ushbu davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi," deydi bank.

Ammo, Jahon bankiga ko‘ra, xuddi ana shu holat faqat chetdan mahsulot sotib olishga majbur bo‘lgan ko‘plab davlatlar, ayniqsa, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston, Gurjiston va Moldovani qiyin ahvolda qoldirishi mumkin.

Bankning Ovro‘po va Markaziy Osiyoda qashshoqlikni kamaytirish va iqtisodiy siyosatlar bo‘yicha bo‘limi rahbari janob Tsikota, "oziq-ovqat va yoqilg‘i mahsulotlari narxlarining keskin ko‘tarilib ketishidan eng avvalo mintaqa aholisining nochor qatlami azob chekishi, buning oqibatida ularning xarid qobiliyatlari pasayib ketishi," bilan ogohlantiradi.

Unga ko‘ra, aholining kambag‘allik darajasi keskin oshib ketishi xavfi ostida bo‘lgan davlatlarda o‘tgan 2010 yilda oziq-ovqat narxlari 17 foizga sakrab ketgan.

Kambag‘allik

Jahon Banki oziq-ovqat va yoqilg‘i mahsulotlari qiymatlari mintaqa davlatlaridan daromadi eng kam bo‘lganlarida jadallik bilan oshib borayotganini ta‘kidlaydi.

Bu kabi davlatlar ro‘yxatida esa, Qirg‘iziston(27 foiz) va Gurjiston(23 foiz) yetakchilik qilayotgani aytiladi.

Rivojlanayotgan Ovro‘po va Markaziy Osiyo davlatlari so‘nggi global moliyaviy inqirozdan o‘zlarini o‘nglab olayotgan bo‘lishsa-da, ammo bo‘hron oqibatlarini butkul aritishga muvaffaq bo‘lishmagan. Ish haqlarining kamayishi va ishsizlik darajasining ortishi kabi muammolar hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan, deydi bank.

Jahon Bankining ogohlantirishicha, agar mazkur muammolarga zudlik bilan barham berilmasa, oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlarining sakrab ketishi oqibatida mintaqada 5 milliondan ortiq kishi qashshoqlik yoqasida qolishi mumkin.

Bank mintaqaning shundoq ham kambag‘al bo‘lgan davlatlarida ahvol yanada yomonlashishi, Qirg‘izistonda qashshoqlik darajasi 11, Armaniston va Gurjistonda 9, Tojikistonda esa, 8 foizga ortishi mumkinligini aytadi.

Jahon Banki aholining kambag‘al qatlamiga ko‘mak berish uchun ushbu davlatlar hukumatlariga ijtimoiy himoya tizimini kengaytirish va uni aniq maqsadlarga yo‘naltirishni tavsiya etadi.