Shimoliy Tojikistonda zamonaviy, an‘anaviy va Islomiy to‘ylar

Image caption To‘yxona eshigi to‘y va ma‘rakalarni o‘tkazish borasidagi qaror belgilagan vaqtdagina ochiladi

Tojikistonda to‘y qilmoqchi bo‘lgan har bir kishi bu haqda mahalliy hukumatni xabardor etishi shart.

Mahalliy hukumatda esa kelin va kuyovning ota-onasidan to‘y va boshqa ma‘rakalarni tartibga solish borasidagi qonun doirasida to‘y o‘tkazish haqida tilxat olinadi.

Rasmiylar yangi qonun joriy qilingach, millionlab somoniy mablag‘ tejab qolinganini aytishadi.

Lekin, kuzatuvchilar fikricha, garchi to‘yga aytilayotgan mehmonlar soni, to‘y vaqti cheklangan bo‘lsa-da, boshqa chiqimlar oshib ketgan.

"Karnayni eshitib, to‘yxonaga chopavermang!" Karnay sadosi mehmonlarni to‘yga chorlamoqda.

Lekin ilgari uy tomlariga chiqib, shahar yo qishloq ko‘chalarida aylanib chalinadigan karnay-surnay kabi hammani emas, faqat to‘yga taklif etilganlarni chorlamoqda.

To‘yga esa, agar osh tortilayotgan bo‘lsa, 200 kishidan, nikoh oqshomi bo‘lsa, 150 kishidan ko‘p bo‘lmagan mehmon kelishga haqli, xolos.

Agar mehmonlar soni belgilangandan oshib ketsa yoki Tojikistonda amal qilayotgan to‘y va boshqa ma‘rakalarni o‘tkazish tartibiga oid hukumat qoidalari buzilsa, to‘y egasi hech bo‘lmaganda jarimaga tortiladi.

To‘y egasi ortiqcha mehmon kelmasin-da, degan xavotirda, to‘yxonada esa, yor-yor sadosi yangrab, mehmonlar kelin-kuyov istiqboliga o‘rinlaridan turishadi.

21 yoshli G‘olibjon Tojikistonda to‘ylarning tartibga keltirilganidan mamnun.

"Ilgari kim qanday xohlasa, o‘shanday qilardi. Bu ba‘zi birlar uchun yaxshidir, lekin ko‘plar uchun juda og‘irlik qilardi bu. Kambag‘allar qarz olib bo‘lsada yaxshiroq to‘y o‘tkazish uchun urinishardi. Lekin oqibatda qiynalib qolishardi. Masalan, men yaqinda uylandim. To‘y juda qimmatga tushgani yo‘q. Xudoga shukr, to‘ydan keyin qarz bo‘lib qolmadik," deydi G‘olibjon.

Lekin, baribir, to‘ydan keyin qarzdor bo‘lib qolayotganlar yo‘q emas, deydi G‘olibjon.

"Qarz bo‘lib qolgandan keyin oilaviy hayotga ham ta‘sir etadi. Masalan, biz ba‘zi bir qudalarning to‘ydan keyin janjallashib qolishganini eshitamiz. To‘ydan keyin yaxshi yeb-ichmayotganlari haqidagi xabar yangi kelinning ota-onasi qulog‘igacha yetib boradi. Ular hech narsalari yo‘q ekan-ku, qarzga to‘y qilishgan ekan-da, deyishadi. Shu tariqa ayrim yangi oilalar ajralib ketishpti."

"Rossiyadagi to‘yga tayyorgarlik"

Image caption "Nikoh uchun to‘rttadan ko‘p mashina borishi mumkin emas"

Dushanbedagi oliy o‘quv yurtlarining birining talabasi Rustam kelayotgan shanbada to‘yi bo‘lishini aytdi.

Rustam to‘yga qancha sarflanayotganini bilmaydi, lekin bu to‘yni o‘tkazish uchun ota-onasidan tashqari akasi, yangasi va o‘zi ham ter to‘kishganini aytdi:

"Akam va yangam Rosiyada ishlashadi, men darsdan bo‘sh paytlarimda Dushanbedagi bitta firmada ishlab pul to‘pladim."

Hali yangi kelinchak Zilolaning eri ham Rossiyada ishlab, to‘yga pul jamg‘argan.

"Kelin o‘zimizning atlas, do‘ppini kiysa, qanday yaxshi. Lekin hozirda eski urf-odatlarimiz unutilib ketgan. To‘ylarda yor-yor va kelinsalomdan boshqasi qolmayapti," deydi to‘yda milliy kelinlik libosi kiya olmaganidan afsus bildirib Zilola.

Nikoh to‘ylari oldidan, to‘y paytida qariyalarning "Qo‘sha qaringlar" degan duosi takrorlanib turadi.

Lekin Zilolaning aytishicha, to‘ydan so‘ng hech qancha o‘tmasdan ajralib ketayotgan yosh oilalar ko‘payib borayapti.

"Zamon taqozosi bilan ko‘p yigitlarimiz Rossiyada, muhojiratda. Shu sababli kelin-kuyov bir-birini ko‘rmasdan turmush qurish ko‘paygan. Kuyov Rossiyadan turib ota-onasi topgan qizga uylanishga rozilik beradi. U Rossiyadan kelib uylanadi-da, to‘ydan bir oy o‘tar-o‘tmas yana qaytib ketadi. Chunki ishlay desa, Tojikistonda ish yo‘q. Yosh kelin qolaveradi," deydi u.

"Shahar to‘yxonasi haqi bilan o‘tadigan qishloqdagi to‘y"

Jurnalist Xayrullo Ismoilovning kuzatishicha, Tojikistonning turli mintaqalarida to‘ylar bir-biridan farq qiladi.

"Masalan, Xo‘jand shahrini oladigan bo‘lsak, to‘yxonalar narxi qimmat. Ayrim to‘yxonalar narxi 1000 dollardan bir yarim ming dollargacha. Bunga dasturxonga qo‘yiladigan meva-cheva, oziq-ovqat, ichimliklar, san‘atkorlarning xizmati kabilar kirmaydi. Lekin, masalan, Istaravshan nohiyasini oladigan bo‘lsak, to‘y o‘tkazish Xo‘jandga qaraganda ancha arzon. To‘yxonalar 500 somoniyga, undan ham oz pulga bor, juda qimmat bo‘lsa, bir yarim ming somoniyga yetadi," deydi jurnalist.

500 somoniy 110 dollarga teng keladi.

"Qishloqlarda esa, to‘ylar hovlilarda o‘tkaziladi. Bunda ortiqcha chiqim qilinmaydi. Agar solishtiradigan bo‘lsak, Xo‘jandda birgina to‘yxona uchun beriladigan bir yarim ming dollarga ko‘p qishloqlarda to‘yni boshidan oxirigacha o‘tkazsa, kelin tushirib olsa bo‘ladi. Qishloqlarda odamlar ko‘rpangga qarab oyoq uzat, deganlariday holiga yarasha to‘y o‘tkazadi. Lekin Xo‘jandda emas. Masalan, katta shaharlarda bir kishi nomi chiqqan san‘atkorlarni chaqirib, dasturxonni qimmat narsalarga to‘ldirib tashlab to‘y o‘tkazsa, buni ko‘rgan qo‘shnisi qo‘li kalta bo‘lsa-da, qarz ko‘tarib, undan qolishmaslika intiladi. To‘g‘rirog‘i chiranadi," deydi Xayrullo Ismoilov.

"Islomiy to‘y o‘tkazaver, faqat…"

Image caption "To‘yga kelding, o‘ynab qol…"

Ismini oshkor etmaslik va ovozini yozib olmaslikni so‘ragan yigirma besh yoshli yigitning aytishicha, keyingi yillarda Shimoliy Tojikistonda Islomiy to‘ylar o‘tkazish ko‘paygan va bu to‘ylar o‘ta kamchiqim o‘tardi.

Lekin Xo‘janddagi xudkush hujumchi sodir etgan portlashdan so‘ng Islomiy to‘y o‘tkazmoqchi bo‘lgan kishilarga mahalliy hukumatda "mayli, o‘tkazavering, ixtiyoringiz, lekin faqat siz, oilangiz emas, to‘yga keladigan hamma mehmonlar ro‘yxatga olinadi. Bordiyu to‘ydan keyin so‘roqqa chaqirib qolishsa, xafa bo‘lib qolmang yana," deya ogohlantirishmoqda, dedi suhbatdosh yigit.

Jurnalist Xayrullo Ismoilovning aytishicha, Tojikistonda to‘y va ma‘rakalarni tartibga keltirish bo‘yicha qaror qilingandan so‘ng to‘ydan oldin va keyin bo‘ladigan ma‘rakalar kamaygan, mehmonlar soni cheklangan bo‘lsa-da, lekin ko‘p hollarda to‘y chiqimi oshgan.

To‘yxonalar narxi oshishidan tashqari, dasturxonga qo‘yiladigan noz-ne‘matlar qo‘paygan va iloji boricha qimmatroq yegulik va ichkiliklar qo‘yilmoqda.

"Oldinlari to‘yxonalarda hofizlarga pul qistirilardi. Lekin pul qistirish, pul sochish ham ta‘qiqlab qo‘yildi. Lekin bilasizmi, san‘atkorlar qanday yo‘l tutishdi? Ular xizmat narxini bir necha baravar oshirishdi. Hozirda bitta to‘yga 500 dollardan 1000 dollargacha xizmat ko‘rsatadigan san‘atkorlar ko‘paygan. To‘y dasturxoni ham dabdabali bo‘lib ketayotir," deydi jurnalist Xayrullo Ismoilov.

Kuzatuvchilar Tojikistonda to‘ylarni tartibga keltirishning ijobiy tomonlarini aytish bilan birga, ayni paytda to‘y va ma‘rakalarni nazorat etish uchun yangi vazifalar ochilganini ta‘kidlashadi.

Har bir qishloq, shaharda mavjud bu vazifalarda ishlayotgan kishilarga beriladigan maosh oddiy odamlar to‘laydigan soliq hisobidan ekanligini sira o‘ylab ko‘rishganmikan, deydi kuzatuvchi Islom Rasulov.