Qirg‘iziston etnik xunrezlikni yoritgan kitoblar bo‘yicha jinoiy ish ochdi

Image caption Kitoblarda aks etgan suratlarning aksari avvalroq internetda tarqatilgan

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi "Shafqatsizlik falsafasi. Shoqol davri" va "Shafqatsizlik falsafasi. Genotsid davom etmoqda... Shoqollar hali ketmagan" nomli kitoblari ta‘sirida millatlararo adovatni qo‘zg‘atish harakatlari buyicha jinoiy ish ochgan.

Kitoblarga qarshi Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 299-moddasi (milliy, irqiy, diniy va mintaqalararo adovat qo‘zg‘atish) va 299-1 moddasi (milliy, irqiy, diniy va mintaqalararo adovat qo‘zg‘atishga yo‘naltirilgan tashkiliy faoliyat yuritish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘algan. Tergovni Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi olib boradi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining BBCga aytishicha, "Milliy xavfsizlik buyicha davlat qo‘mitasi O‘sh shahri, O‘sh va Jalol-Obod viloyatlarida sodir etilgan fojeali iyunь voqealariga g‘araz bilan va bir tomonlama baho bergan mazkur ikki kitobning Qirg‘izistondan tashqarida nashr etilganligini aniqlagan".

Nashrning mazmunini o‘rganish uchun Qirg‘iziston Fanlar Akademiyasi, Boris Yelьtsin nomli Qirg‘iz-Rossiya Slavyan Universiteti va Husayn Qorasoyev nomli Bishkek Gumanitar Universiteti mutaxassislaridan iborat uchta alohida ekspert komissiyasi tuzilgan.

Bosh prokuratura mulozimlariga binoan, "Komissiya mazkur nashrlarda respublika janubida sodir etilgan dahshatli voqealarni bir tomonlama baholagan ma‘lumot, suratlar va videolavhalar taqdim etilgan, hamda ular millatlararo adovatni qo‘zg‘atishga yunaltirildi degan xulosaga kelgan".

Komissiyalar bu kitoblar va ularga hamroh kompakt disklarning Qirg‘iziston hududida tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularning nashr etilishiga aloqador shaslarga qarshi chora ko‘rishni prokuraturaga tavsiya etgan.

Image caption Kitoblar Qirg‘izistonda qo‘lma-qo‘l tarqatilmoqda

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi mazkur ikki kitobni noqonuniy deb e‘lon qilish, hamda ularni Qirg‘iziston hududida chop etish, nusxa ko‘chirish va tarqatishni taqiqlash yuzasidan mahkamaga murojaat etgan.

Hafta boshida parlament yig‘inida gapirgan deputat Jildiz Jo‘ldosheva "Shafqatsizlik falsafasi. Shoqol davri" va "Shafqatsizlik falsafasi. Genotsid davom etmokda... Shoqollar hali ketmagan" kitoblariga munosabat bildira turib, ushbu kitoblar Finlyandiyada nashr etilganligini aytgan.

Jo‘ldosheva xonim ayni nashrlarni O‘sh va Jalol-Oboddagi etnik zo‘ravonliklarni o‘rganish uchun tuzilgan xalkaro komissiya raisi, finlyandiyalik siyosatchi Kimmo Kilьyunendan noroziligini izhor qilgan.

Kilьyunen janoblari avvalroq o‘z komissiyasi xulosalarini rasmiy Bishkekka topshirgani va ularning jamoatchilikka taqdim etilishini kutayotganini aytgan.

"Shafqatsizlik falsafasi. Shoqol davri" va "Shafqatsizlik falsafasi. Genotsid davom etmokda... Shoqollar hali ketmagan" kitoblarida nashr yoki mualliflar keltirilmagan.

Undagi suratlar va maqolalarning manbai deya ferghana.ru, www.report.kg, White Sail internet ro‘znomasi, Moskovskiy Komsomolets ro‘znomasi va boshqa nashrlar keltiriladi.

Kitoblar nafaqat iyunь zo‘ravonliklari, balki ungacha va undan keyin bo‘lgan voqealarni, xususan 7 aprelь davlat to‘ntarishi, va iyun mojarosi ortidan o‘zbek aholisiga qarshi kuchaygan tazyiqni batafsil yoritadi.

Ularda o‘zbek mahallalarining ishg‘oli, ayollar va bolalarga qarshi hujumlar, tiriklayin yoqib yuborilgan insonlar aks etgan suratlar ham joy olgan.

Mazkur nashrlar Qirg‘iziston hududida, ayniqsa janubda, norasmiy holda noma‘lum shaxslar tomonidan tarqatilmoqda.