Xalqaro Komissiya: 'Qirg‘iziston janubidagi voqealar uchun vaqtli hukumat javobgar'

Qirg‘iziston janubidagi etnik zo‘ravonliklarni o‘rgangan komissiyaning matbuotga sizgan xulosasida O‘tinboyeva hukumati millatlararo munosabatni to‘g‘ri baholay olmaganlikda ayblanadi.

Qirg‘izistonning 24.kg xabar agentligi finlandiyalik diplomat Kimmo Kilyunen boshchiligidagi mustaqil komissiyaning uzoq kutilgan yakuniy hisobotidan parchalar e‘lon qilgan.

Komissiyaning ta‘kidlashicha, yakuniy hisobot Qirg‘iziston va uning tashqarisida olib borilgan mukammal suhbat va tahlillarga asoslanadi. Komissiya 750 dan ortiq guvohlar, 700ta hujjat va bir necha ming foto va videolarni o‘rganib chiqqan.

To‘qnashuvlarda 400dan ortiq inson halok bo‘lgan.

Komissiya qurbonlar, uylari yoqib yuborilgan va talanganlarning ko‘pchiligi o‘zbeklar bo‘lgani, shu bilan birga, qirg‘izlar ham sezilarli darajada jabr ko‘rganini aytgan.

'O‘zbek masalasi'

Mustaqil Xalqaro Kommissiyaning xulosa qilishicha, 2010 yil aprelidagi hokimiyat o‘zgarishidan so‘ng "o‘zbek masalasi" Bishkekda "demokratiyaga qaytish" loyihasining bir qismi sifatida ko‘rilgan.

"Ularning o‘z zahiralari yetarli emasligi ko‘rinib qoldi", - deyiladi hisobotda.

Komissiyaga ko‘ra, Bakiyev tarafdorlarining hokimiyatni bosib olish urinishiga ro‘baro‘ kelgan vaqtli hukumat o‘zbeklarning rahbarlariga yordam so‘rab murojaat qiladi.

Vaqtli hukumatning ayrim a‘zolari Qodirjon Botirov bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lganiga e‘tibor qaratgan komissiya hukumat o‘zbeklar rahbarini "talablar bilan chiqish"ga undaganini aytadi.

Bu esa o‘z navbatida qirg‘izlarda vaqtli hukumat o‘zbeklarni janubda o‘z hokimiyatining tayanchiga aylantirmoqchi, degan qo‘rquvni paydo qilgan.

Vaqtli hukumat o‘zining o‘zbek rahbarlari bilan hamkorligi janubdagi qirg‘izlarga qanday ta‘sir qilishini tasavvur qila olmagan.

"Buning o‘rniga vaqtli hukumat o‘zbeklarga birinchi navbatda o‘zining hokimiyat uchun kurashidagi qo‘shimcha manba‘ sifatida qaradi va Bakiyevlar uyining yoqib yuborilishi ortidan siyosiy muammolar uchun o‘zbeklarni balogardon qildi", deyiladi Xalqaro Komissiya hisobotida.

Janob Kilyunen boshchiligidagi komissiya vaqtli hukumat rahbari va joriy prezident Roza O‘tinboyevaning zo‘ravonliklar miqyosi katta bo‘lgani va muvaqqat hukumat yetarli zahiralarga ega bo‘lmagani" haqidagi da‘volarni rad etgan.

"Prezident O‘tinboyevaning zo‘ravonliklar miqyosi katta bo‘lganidan vaqtli hukumat uni to‘xtatib qololmagani haqidagi bayonoti hokimiyatni aholini himoya qilish kabi asosiy majburiyatidan ozod etmaydi", deyiladi hisobotning matbuotga sizgan xulosasida.

Avtonomiya talab qilinmagan

Xalqaro komissiya janubdagi o‘zbek rahbarlarining avtonomiya talabi zo‘ravonliklarning asosiy sabablaridan bo‘lgani haqidagi rasmiy iddaolarni ham rad etgan.

"Apreli inqilobi"dan keyingi bir necha kun davomida Botirov va O‘zbek milliy madaniy markazining boshqa rahbarlari tomonidan moliyalangan o‘zbeklarning qurultoylari bo‘lib o‘tdi. Ularda vaqtli hukumatning o‘z talablarini ishlab chiqish haqidagi taklifiga binoan, davlatni "Qirg‘iziston respublikasi" deb qayta nomlash, o‘zbeklar zich yashaydigan hududlarda o‘zbek tilini mintaqaviy til sifatida tan olish, ularning hokimiyat va militsiya, soliq inspektsiyasi,prokuratura singari huquq-tartibot idoralaridagi ishtirokini kuchaytirish va o‘zbek tiliga chekloalvrni olib tashlash singari masalalar ko‘rildi. Avtonomiya haqidagi gap-so‘zlarga qaramasdan, bu qurultoylarda avtonomiya talabi ilgari surilmagan", - deyiladi hisobotda.

Mustaqil Xalqaro Komissiya vaqtli hukumatning iyun voqealari Bakiyev tomonidan rejalangani haqidagi iddaolarini ham rad etgan.

Komissiyaning xulosa qilishicha, janub sobiq prezident Bakiyevning istehkomi bo‘lganiga qaramay, millatlararo to‘qnashuvlarni aynan Bakiyev rejalaganini tasdiqlovchi dalillar yetarli emas.

Aniq buyruq bo‘lmagan

Mustaqil Xalqaro Komissiya hisobotida vaqtli hukumatning yana bir qator a‘zolari jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi ta‘kidlanadi.

Jumladan, hodisalar chog‘ida O‘sh shahri va viloyatida xavfsizlik amaliyotlari uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgan sobiq mudofaa vaziri Ismoil Isoqov 11 iyun va undan keyingi kunlarda xavfsizlik kuchlariga jangovar bo‘lmagan qurollardan foydalanish bo‘yicha aniq buyruq bermaganlikda ayblanadi.

Komissiya O‘sh shahar komendanti Bakit Alimbekovning huquq-tartibot idoralarini nazorat qilish vakolatini general Isoqovga topshirish qarori noqonuniy bo‘lgani va u tartib o‘rnatish chog‘ida inson huquqlarini hurmat qilish majburiyatini bajarmaganini aytgan.

Hozirda mamlakat Bosh prokurori vazifasini bajarayotgan sobiq Jalolobod viloyati komendanti Qubatbek Boybolov esa Jalolobodda zo‘ravonlikni to‘xtatish uchun barcha choralarni ko‘rmagani aytiladi.

"Hozirda u Bosh prokuror hisoblanadi va voqealar chog‘ida va undan so‘ng sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan tergovning Qirg‘izistonning milliy va xalqaro huquqiy majburiyatlariga muvofiq olib borilishini ta‘minlay olmadi", deyiladi Xalqaro Komissiya xulosasida.

Komissiyaga ko‘ra, O‘sh shahri hokimi Melis Mirzaqmatovning millatchilik ruhidagi chiqishlari millatlararo tanglikni yumshatishga xizmat qilmagan.

O‘zbek aholisi O‘sh shahar hokimini zo‘ravonliklarni rejalaganlik, Qirg‘izistonning hukumat kuchlarini esa ularda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etganlikda ayblaydi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Mustaqil Xalqaro Komissiyaning xulosasi bu mulozimlarning voqealardagi ishtirokini tekshirish haqidagi talablarning kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Komissiya hisobotining qachon to‘laligicha e‘lon qilinishi ma‘lum emas.

Shu yilning fevralida o‘z tekshiruvini yakunlagan Mustaqil Xalqaro Komissiya rahbari janob Kilyunen Bi-bi-si bilan suhbatda qirg‘iz hukumati hisobotning ruscha tarjimasi uchun vaqt so‘raganini aytgan.

O‘zbekiston janob Kilyunen boshchiligidagi Komissiyaning mandati yetarli emasligi va zo‘ravonliklar BMT mandatiga ega bo‘lgan xalqaro komissiya tomonidan tekshirilishi kerakligini aytib keladi.