Bi-bi-si mehmoni - Zohir A‘lam

BBCUzbek.com o‘quvchilari va tinglovchilarimizning savollariga taniqli adib, "Birlik" Xalq Harakati asoschilaridan Zohir A‘lam javob beradi.

Zohir A‘lam 1943 yilda Toshkentda tavallud topgan.

Toshkent Davlat Universitetining filologiya bo‘limida tahsil olgan.

"O‘zbekiston" nashriyoti va "Sharq yulduzi" jurnalida muharrir bo‘lib ishlagan.

Birinchi kitobi - "Baxtli bilet" 1972 yilda chop etilgan.

"Muqaddima", "Kiyik ko‘zlari" nasriy to‘plamlari hamda "Boyovut", "Mayiz atrofidagi gaplar", "Jomboy hangomalari" singari publitsistik asarlar muallifi.

Uning "Afandining qirq bir pashshasi" p‘esasi respublika teatrlarida qayta va qayta sahnalashtirilgan hamda rus va bolgar tillariga tarjima qilingan.

Zohir A‘lam bolgar mumtoz adabiyoti namoyandasi Pavel Vasilevning "To‘siq", "O‘lchamlar" kabi qissalari, rus adibi Sergey Zaliginning "Komissiya" romanini o‘zbek tiliga o‘girgan.

1980-yillarning ikkinchi yarmidan o‘zbek tiliga davlat maqomi berish, atrof-muhit himoyasi va milliy mustaqillik harakatlarida faol ishtirok etadi.

O‘zining hikoya qilishicha, u 1988 yilda Do‘rmondagi Yozuvchilar bog‘iga tashrif buyurgan eston shoirasi Sirьe Ruutsoo bilan tanishadi, u bilan suhbatlari ta‘sirida 1988 yilning avgustida "O‘zbekiston adabiyoti va san‘ati" ro‘znomasida Estoniya "Xalq Fronti" haqidagi birinchi maqolani chop etadi.

Uning ortidan "Xalq Fronti" faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Boltiqbo‘yiga safar qilgan adib Tallinnda "Xalq Fronti"ning s‘ezdida qatnashadi va estonlarning mustaqillik uchun kurashini dastaklab, nutq so‘zlaydi.

1988 yilning noyabr oyi boshida Toshkentga qaytgan Zohir A‘lam O‘zbekistonda ham milliy mustaqillik uchun kurashuvchi "Xalq Fronti" kabi tashkilot tuzish fikrida bo‘lgani va hamfikrlarni izlashga tushganini aytadi.

U va boshqa ziyolilarning harakatlari samarasi o‘laroq, shu yilning 11 noyabrida shoir va hofiz Dadaxon Hasanning uyida "Birlik" Xalq Harakatining ta‘sis majlisi bo‘lib o‘tadi.

Zohir A‘lam harakatning raisdoshi etib saylanadi.

1990 yildagi bo‘linishdan so‘ng "Erk" partiyasiga o‘tgan Zohir A‘lam bir muddat partiyaning ikkinchi kotibi vazifasini bajargan.

"Muxolifatga bosimlar kuchayganidan so‘ng nima bilan mashg‘ul bo‘ldingiz?" degan savolga u "o‘z millatimdan ko‘nglim sovib, Rauf Parfi bilan aroqbozlik qilib yurdim" deya javob beradi.

Hozirda erkin ijod bilan mashg‘ul.

Zohir A‘lam mustaqillikdan so‘ng bironta ham asari chop etilmagani, maktab darsliklaridan olib tashlangani va 2006 yilda uning p‘esasi asosida taniqli kinorejissyor Shuhrat Abbosov tomonidan suratga olingan "Bir kuni afandi" filmi namoyishi taqiqlab qo‘yilganini aytadi.

Bi-bi-si mehmoniga savollaringizni sahifamiz pastidagi forma orqali yo‘llang.

Suhbatni shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz, uning to‘liq matni bilan ushbu sahifada tanishishingiz mumkin.

Elektron pochtamiz: uzbek@bbc.co.uk

SMS raqamimiz:+44 (0) 207 5571709