O‘zbekistonning Fors ko‘rfaziga chiqish orzusi ushalmoqdami?

Prezident Islom Karimov Turkmaniston rahbari bilan o‘tgan oktyabr oyidagi uchrashuvi chog‘i ayni taklif bilan chiqqandi
Image caption Prezident Islom Karimov Turkmaniston rahbari bilan o‘tgan oktyabr oyidagi uchrashuvi chog‘i ayni taklif bilan chiqqandi

O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon-Qatar va Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlari orqali o‘tadigan transport yo‘lagi tashkil etish loyihasi bo‘yicha kelishuv imzolanishi haqida aytgan.

Rustam Azimovga ko‘ra, mazkur beshtomonlama kelishuv joriy oy oxirlarida imzolanishi kerak.

Prezident Islom Karimov Turkmaniston rahbari Gurbanguli Berdimuhammedov bilan o‘tgan oktyabr oyida Ashxobodda bo‘lgan uchrashuvi chog‘i ayni taklif bilan chiqqandi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov o‘shanda loyihani istiqbolli loyiha ekanini aytarkan, uni "jahon bozoriga chiqish uchun ulkan imkoniyatlar" sifatida ta‘riflagandi.

O‘z navbatida Turkmaniston rahbari ham g‘oyani ma‘qullagani xabar qilingandi.

Aytilishicha, O‘zbekistondan Turkmanistonga, keyin Eron, Oman va Qatorga yetaklaydigan transport yo‘lagi Markaziy Osiyoni Eron va Ummon bandargohlariga bog‘laydi.

Ayni paytda loyiha unga qo‘shilishni istagan davlatlar uchun ochiq ekani aytiladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, bunday transport yo‘lagi mintaqa davlatlariga Fors ko‘rfazidagi bozorlarga chiqish imkoniyatini yaratadi.

Iqtisodiy tahlilchi Anvar Husayinovga ko‘ra, Yaqin Sharq bilan "ko‘priklar o‘rnatish" masalasi anchadan beri mubohasa etib kelinayotgan masala edi. Ammo, turli sabablar bilan bu ish to‘xtab turgandi.

"Lekin, oxirgi yilda bu loyihaga qaytadan jon kirdi va manfaatdor davlatlarning faolligi oshib ketdi. Loyiha barcha tomonlar uchun manfaatli bo‘ladi. Masalan, O‘zbekiston uchun bu juda ahamiyatli. Chunki, Turkmaniston, Eron orqali jahonning rivojlanish markazlariga yetib borish yaqin. Birgina paxtamizni xorijga olib chiqishda Qozog‘iston, Rossiya orqali Uzoq Sharqqa, okeanlarga chiqish uchun uzoq yo‘l bosganmiz. Hozir Qozog‘iston Rossiya bojxona xizmatlarini birlashtirdi. Tariflarni yagona Bojxona ittifoqiga kirmagan davlatlar uchun qimmat qilib qo‘ydi. Shuning uchun ham, eksport sohasida Rossiya, Qozog‘iston yo‘llaridan foydalanish oxirgi yillar O‘zbekiston uchun qimmatga tushyapti. O‘zbekiston o‘zidan ko‘plab xom ashyolarni, sanoat, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini dunyo bozorlariga chiqarishga yangi yo‘llarni qidirmoqda", deydi iqtisodiy tahlilchi Anvar Husayinov.

Tahlilchiga ko‘ra, Fors ko‘rfazi bandargohlariga yetaklovchi transport yo‘lagining ochilishi bilan O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy, madaniy tomondan rivojlanishiga ham katta imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkin.

"Fors ko‘rfazi davlatlariga yetaklovchi transport yo‘lagining ochilishi bilan xorijga mol chiqarish uchun katta imkoniyatlar yaratiladi. Ayni paytda O‘zbekistonga kirib keladigan mahsulotlar narxi ham ancha arzonga tushadi", tushadi deydi Anvar Husayinov.

Ko‘plab mutaxassislar bu kabi kelishuvlar turli sabablar bilan qog‘ozda qolib ketishi va yo sust amalga oshishini aytishadi.

Ammo, Anvar Husayinov "O‘zbekiston-Turkmaniston-Eran-Ummon-Qatar" transport yo‘lagini qurish barcha tomonlar uchun foydali ekani hisobga olinadigan bo‘lsa, loyihaning amalga oshishiga umid bog‘lash mumkinligini aytadi.