Qozog‘iston mahkamasi yana bir o‘zbekistonlikni deportatsiya qilish borasida hukm chiqardi

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Olma ota mahkamasi o‘zbekistonlik boshpana izlovchilardan yana birini deportatsiya qilish borasida qaror chiqargan.

Ayolining aytishicha, Sherzod Shernazarovga shikoyat ariza berish uchun 3 kun muhlat berilgan.

Unga ko‘ra, 32 yoshli Sherzod Shernazarov ustidan mahkama bugun Qozog‘istonda dam olish kuni bo‘lishiga qaramay o‘tkazilgan va bunga tushuntirish ham berilmagan.

"Kecha advokatlariga telefon qilgan edim. U bayram bo‘lgani uchun sud seshanba kuni bo‘lishini aytgandi. Ammo, bayram bo‘lganiga qaramay, o‘tkazib yuborishibdi. Ko‘pchilikni shunaqa tez sud qilishyapti. Qamalganlarni ba‘zan dam olish kunlari ham qilishyapti", deydi u.

Payshanba kuni qozoq huquq-tartibot xodimlari Sherzod Shernazarovga sim qoqib, hujjatlari bilan kelishni so‘rashgan.

"Bizni chaqirishdi payshanba kuni. "Pasportlaring bilan kelinglar, tekshiramiz", deyishdi. Borganimizda: "O‘zbekistonda qidiruv e‘lon qilingan ekan", deb aytishdi. Keyin advokatimiz: "Ayolini qo‘yib yuboringlar, 4ta bolasi bor", deb telefon qildi. 1 yosh eng kichkinam. O‘sha bilan birga borgandim. Keyin tushuntirish yozdirib olishdi-da, qo‘yib yuborishdi. Ammo, juma kuni ertalab hujjatlaringni olib ket, deb aldab chaqirib, olib kirib ketishdi", deydi Sherzod Shernazarovning rafiqasi.

Nogiron ekani aytilayotgan Sherzod Shernazarov O‘zbekistonning Chirchiq viloyatida yashagan va u yerda taksi haydab kun kechirgan. U oilasi bilan Qozog‘istonga bir yil muqaddam, o‘tgan yilning fevral oyida kelgan. Ayolining aytishicha, bunga O‘zbekistonda namoz o‘qigani uchun so‘roqqa tutilgani va kaltaklangani sabab bo‘lgan.

Xabar qilinishicha, hozir u diniy oqimlarga a‘zolik va konstitutsion tuzumga tajovuzda ayblanib, qidiruvga berilgan.

Ekstraditsiya borasidagi qaror ilk bor chiqarilayotgani yo‘q

Sherzod Shernazarov O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish borasida mahkama hukmi o‘qilgan ilk boshpana izlovchi emas.

O‘tgan oy Olma ota shahar mahkamasi Qozog‘iston Bosh prokuraturasi tarafidan 29 boshpana izlovchini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha chiqargan qarorini o‘z kuchida qoldirgandi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ushbu 29 boshpana izlovchini O‘zbekiston hududida og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblab, davlatlararo qidiruvga bergan.

Olma ota hibsxonalarda hozirgacha 31 nafar o‘zbekistonlik qochqin ushlab turilibdi. Ushbu odamlar Qozog‘iston hukumati va BMTdan qochqinlik maqomi so‘ragan.

Boshpana izlovchilar O‘zbekistonda diniy e‘tiqodlari tufayli ta‘qibga uchraganlari va vatanlariga qaytarilgan taqdirda ularni azobli qiynoqlar va o‘lim kutayotganini aytishadi.

Bugungacha Qozog‘istondan O‘zbekistonga 4 nafar boshpana izlovchi deportatsiya qilingan.