Olma otada qariyb 6 ballni tashkil etgan zilzilalar kuzatildi

Olma ota shahrida bir kecha kunduzda 10 marotaba yer qimirlashi kuzatilgan. Yakshanba kuni ertalab mahalliy vaqt bilan soat 8:31 da sodir bo‘lgan yer silkinishi 5.4 ballni tashkil qilgan. Undan keyingi silkinishlar pastroq bo‘ldi.

Zil-zila epitsentri Olma ota shahrining shimoli-sharqidagi 70 chaqirimlik masofa bo‘lgani aytilgan.

Binolarning buzilishi va insonlarning talofati haqida hech qanday xabar chiqmagan. Ammo, ayrim vebsahifalarda zil-zila natijasida uylarning devorlarida paydo bo‘lgan yoriqlar suratlari chop etilgan.

Markaziy kanal orqali zil-zila o‘chog‘i bo‘lgan posyolka ham ko‘rsatilgan. U yerda odamlar hali ham qo‘rquvda yurganini bilish mumkin. Zilzila bu yerdagi eski uylarda katta yoriqlar hosil qilgan va suv tizimini ishdan chiqargan.

Yer silkinishi haqida markaziy kanallar orqali ma‘lumot berilmasligi ortidan odamlar orasida vahima ko‘tarilgan.

Tungi 12 gacha 10 balli zil-zila bo‘lishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar yashindek shaharliklar orasida tarqaldi.

Shahar ko‘chalarida tungi 12 gacha ko‘chalarda yurgan odamlarni, bolalari bilan mashinalarda tunni o‘tkazgan ota-onalarni ko‘rish mumkin edi.

Favqulotda holatlar departamenti va Seysmologiya instituti xodimlari zil-zila haqida dushanba kuni ma‘lumot berishgan. Ular odamlarni vahimaga tushmaslikka chaqirgan.

Olma-ota shahar favqulotda holatlar departamenti rahbar o‘rinbosari Yuriy Ilьin markaziy kanal orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri bergan intervyusida zil-zila bilan bo‘lgan axborot jangida, xususan, mish-mishlar tarqalishi borasida yengilganlarini aytgan.

Ilьin janoblari odamlarga o‘z vaqtida yer silkinishi borasida ma‘lumot bermagani uchun uzr so‘ragan. U zil-zila bo‘yicha maxsus qonun qabul qilinishini ham nazardan qochirmagan. Bunday holatlarda uyali aloqa kompaniyalari odamlarni sms orqali ogoh etishi ko‘zda tutiladi.

Olma otada bundan roppa rosa 100 yil oldin kuchli yer silkinishi bo‘lgan. O‘sha vaqti Vernыy deb atalgan qal‘adagi aksar binolar yer bilan yakson bo‘lgani aytiladi.

Kuzatuvchilar bundan sal oldinroq Olma otada oradan 100 yil o‘tib, ushbu silkinishlar qaytarilishi mumkinligini aytishgan edi.