HRV: 'Qirg‘iz hukumati xalqaro komissiya tavsiyalari asosida ish tutishi kerak'

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Human Rights Watchga ko‘ra, Qirg‘iziston hukumati hisobotdan o‘rin olgan tavsiyalar asosida ish tutishi lozim.

"Hukumat komissiya qo‘lga kiritgan dalillarga sinchkovlik bilan qarashi va tavsiyalarini bajarishi kerak", deydi tashkilot tadqiqotchisi Ole Solvang.

Solvang xonim xalqaro hay‘at hisobotda qator diqqat talab qiladigan nuqtalar mavjudligini ta‘kidlaydi.

Human Rights Watchga ko‘ra, xalqaro mustaqil tergov hay‘ati nafaqat hodisalar tafsilotlarini xronologik izchil tarzda taqdim etgan, balki zo‘ravonliklarni keltirib chiqargan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va tarixiy omillarini tahlil qilgan.

Tergov xulosalari 750 dan ortiq guvoh bilan suhbat, 700 ta hujjat, 5.000 ga yaqin fotosurat va 1.000 ta videolavha asosida chiqarilgan.

Hisobotda har ikki etnik qirg‘izlar va o‘zbeklarga qarshi qilingan zo‘ravonliklar tafsilotlari aks etgan. Komissiya 11-13 iyun kunlari O‘sh shahrining ayrim mahallalarida uyushtirilgan muayyan hujumlarni insoniyatga qarshi jinoyat sirasiga kiritish mumkinligini aytgan. O‘z o‘rnida, hisobotda ta‘kidlanishicha, isbot talab qilmaydigan mazkur xulosa har qanday mahkama tomonidan tasdiqlanishi mumkin.

Komissiya hisobotida, ayniqsa, zo‘ravonliklar jarayonida olamonning qo‘lida qurollar, o‘q-dorilar va hatto zirhli harbiy mashinalar bo‘lganidan alohida xavotir bildiriladi. Unda aytilishicha, ba‘zi xavfsizlik xizmati xodimlari o‘zbek mahallalariga qilingan hujumlarda ishtirok etgan.

Human Rights Watchning urg‘ulashicha, jinoyatlar tabiati va jiddiyligi bahsu munozarani emas, adolatni yuzaga chiqarishni talab qiladi.

"Barcha jinoyatlar tekshirilishi va tergov qilinishi shart, chunki har bir jabrdiyda adolatni qaror toptirishga loyiq", deydi Solvang xonim.

Xalqaro tergov hay‘ati xulosasida jabr ko‘rganlarning 75 foizi o‘zbeklar ekani aytiladi.

Solvang xonimga ko‘ra, siyosiy jihatdan qanchalar og‘ir bo‘lmasin Qirg‘iziston hukumati buni tan olishi kerak.

Qirg‘iziston rasmiylari janubda sodir etilgan zo‘ravonliklar bo‘yicha minglab jinoiy ishlar ochgan. Ammo, xalqaro komissiya hisobotida ta‘kidlanishicha, hukumat o‘zbek ozchiligini ta‘qib qilishda davom etmoqda.

Human Rights Watchga ko‘ra, hukumatning tekshiruvlarga biryoqlama yondashuvi etnik guruhlar o‘rtasida faqat tanglikni kuchaytirish va Qirg‘izistonning xalqaro doiradagi mavqe‘ini pasaytirishga xizmat qilgan.

Tashkilot Qirg‘iziston hukumati zudlik bilan bu kabi jiddiy inson huquqlari toptalishi hollariga barham berishga harakat qilishi lozimligini uqtiradi.

AQShning munosabati

Ayni paytda Qo‘shma Shtatlar qirg‘iz hukumatining xalqaro tekshiruvlarga hamkorligini olqishlagan.

"Qo‘shma Shtatlar Qirg‘iziston respublikasi hukumatini iyun hodisalari yuzasidan Mustaqil Xalqaro Komissiya tekshiruvlarini so‘ragani bilan tabriklaydi", deb aytgan Amerika Davlat Departamenti voizi Mark Toner.

Shu bilan birga AQSh tarafi Qirg‘iziston hukumatini yangi zo‘ravonliklar boshlanib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi.

"Ishonamizki, 2010 yil iyunidagi fojeali voqealarga oid faktlarni xolis va atroflicha tushunish uzoq muddatli yarashuv va kelajakda bunday hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik uchun muhimdir", deydi AQSh rasmiysi.

Shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari Qirg‘iziston hukumatining milliy yarashuvni rag‘barlantirish uchun aybdorlarni javobgarlikka tortish tashabbuslari va chaqiriqlarini olqishlashi aytadi.

7 kishidan iborat xalqaro hay‘at xulosasiga ko‘ra, prezident Qurmonbek Bakiyevni hokimiyatdan chetlatgan aprel hodisalari ortidan Qirg‘izistonda qudratga kelgan hukumatining zaifligi yuzlab insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan iyun hodisalari ortidagi asosiy omil bo‘lgan.