'O‘zbeklar janub hodisalari bo‘yicha xalqaro tergov xulosasidan rozi'

Image caption Ravshan Gapirovga ko‘ra, aybdorlar jazolanmas ekan, Qirg‘iziston janubida barqaror tinchlik o‘rnatish qiyin.

O‘shdagi huquq faoli Ravshan Gapirovga ko‘ra, Qirg‘iziston janubida o‘tgan yilning iyun oyida yuz bergan qonli nizolar borasidagi xalqaro mustaqil tergov hay‘ati chiqargan xulosasi yuzasidan o‘zbeklarning munosabati ijobiy bo‘lmoqda.

Xalqaro mustaqil tergov hay‘ati o‘z tekshiruvlari ortidan e‘lon qilgan hisobotida 11-13 iyun kunlari O‘sh shahrining ayrim mahallalarida uyushtirilgan muayyan hujumlarni insoniyatga qarshi jinoyat sirasiga kiritish mumkinligini aytgandi.

Xalqaro hay‘at, bundan tashqari, iyun oyidagi voqealar chog‘ida boshqa ko‘plab jinoyatlar ham sodir etilgani va inson huquqlariga oid xalqaro qonunlarning jiddiy oyoq-osti qilinish hollari yuz berganligini ham ma‘lum qilgan.

Ravshan Gapirovga ko‘ra, tekshiruv hay‘atining hisoboti ko‘plab "bahsli masalalarga yechim topib bergan".

Huquq faoli Qirg‘iziston hukumati ayni hisobot asosida aybdorlarni javobgarlikka tortishi kerakligini aytadi.

"Qirg‘iziston hukumati bu ishni qilmaydigan bo‘lsa, bu yerda Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti turibdi, BMT turibdi, ular qilishi kerak. Agar qilinmasa, bu yerda tinchlik bo‘lmaydi", deydi Ravshan Gapirov.

Hisobotda aytilishicha, Qirg‘izistonning asosan O‘sh va Jalol-Obod shaharlarida yuz bergan milliy nizolar chog‘ida har ikki tomondan ham jiddiy insoniy talofatlar berilgan: 470 ga yaqin kishi qurbon bo‘lgan va yana minglab kishilarga tan jarohati yetgan.

Bundan tashqari, hisobotga ko‘ra, yuz minglab kishilar o‘z turar-joylarini tark etishga majbur bo‘lishgan, asosan o‘zbeklarga tegishli bo‘lgan ko‘plab binolar vayron etilgan.

Tergov xulosalari 750 dan ortiq guvohlar bilan suhbat, 700 ta hujjat, 5.000 ga yaqin fotosurat va 1.000 ta videolavha asosida chiqarilgani aytiladi.

Xalqaro mustaqil hay‘at, o‘z o‘rnida, jinoiy tergov jarayonlarini olib borish vakolatiga ega bo‘lmagani va hujjatlashtirilgan jinoyatlarga mas‘ul shaxslarni aniqlash mavqeida ham bo‘lmaganini aytadi. Lekin bu yo‘lda qirg‘izistonlik mas‘ullar tomonidan barcha imkoniyatlar ishga solinishi muhimligini alohida urg‘ulaydi.

Qirg‘iziston hukumati esa, xalqaro hay‘at hisobotidan ko‘ngli to‘lmaganini bildirgan.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди