Qirg‘izistonda iyun nizolari jabrdiydalariga tovon puli beriladi

O‘tgan yil iyun oyida janubiy O‘sh va Jalol-Obod viloyatlarida kelib chiqqan milliy nizolarda qurbon bo‘lgan va bedarak ketganlarning oilalariga qirg‘iz hukumati 1 million som (qariyb 25.000 AQSh dollari) miqdorida tovon puli berishga qaror qilgan.

Rossiyaning "Regnum" axborot agentligi tarqatgan xabarlarga ko‘ra, bu haqdagi buyruq Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev tomonidan imzolangan.

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmatining bildirishicha, buyruq bir marotabalik moliyaviy yordamni ko‘zda tutadi. Tovon puli uchun mo‘ljallangan mablag‘ esa, respublika byudjetidan ajratiladi.

Iyun oyidagi zo‘ravonliklar chog‘ida jiddiy jarohat olganlar esa, sud-tibbiy ekspertiza xulosalarini taqdim eta olishsa, 100 ming so‘m miqdorida tovon puli olishadi.

Unchalik og‘ir jabr ko‘rmaganlar ham, agar qo‘llarida salomatliklariga oid lozim hujjatlari bo‘lsa, 50 ming som miqdoridagi tovon puliga umid qilishlari mumkin bo‘ladi.

Hukumat e‘lon qilgan buyruqda harbiylar, huquq-tartibot xodimlari va ularning oilalari alohida tilga olib o‘tiladi.

Xalqaro mustaqil tergov hay‘atining yaqinda e‘lon qilgan hisobotiga qaralsa, milliy nizolar chog‘ida har ikki tomondan ham jiddiy insoniy talofatlar berilgan: rasman 470 ga yaqin kishi qurbon bo‘lgan va yana minglab kishilarga tan jarohati yetgan.

Qirg‘izistonlik rasmiylar iyun voqealaridan qisqa vaqt o‘tmay, qurbonlarning soni ikki mingga yaqin ekanini ham taxmin etishgandi.

Zo‘ravonliklar chog‘ida asosan o‘zbeklarning jabr ko‘rganliklari aytiladi.

Tovon puli berilsin!

Shu yilning mart oyida Bishkekdagi Hukumat uyi qarshisida davomiy namoyishlar uyushtirgan “Osh sheyitteri” birlashmasi iyun hodisalarida o‘ldirilgan yaqinlarining har biri uchun qirg‘iz puliga bir million somdan tovon puli ajratib berilishini talab qilishgandi.

"Osh sheyittari" etnik nizolarda yaqinlari qurbon bo‘lgan mahalliy qirg‘izlar tomonidan tashkil etilgan birlashma hisoblanadi.

Namoyishlar chog‘ida ular bilan bir necha bor uchrashgan va bu xususda hukumat yig‘ini ham o‘tkazgan Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev o‘shanda davlat byudjetidan 500 million som ajratib berishni taklif qilgandi. Hukumat a‘zolari ham Bosh vazir taklifini qo‘llab-quvvatlashgandi.

Janob Atambayev, o‘z o‘rnida, hukumati, ayniqsa, iyun voqealarida jabr ko‘rgan oilalarga yanada ko‘proq yordam berish istagida ekanini ham bayon qilgandi.

Iyun hodisalariga doir barcha hisobotlarga qaralsa ham, zo‘ravonliklar sabab, yuz minglab kishilar o‘z turar-joylarini tark etishga majbur bo‘lishgan, asosan o‘zbeklarning hovlilari va ularga tegishli tijoratlar vayron etilgan.

Qirg‘iz Bosh vaziri namoyishchilarning talablariga yon bosib, milliy nizo qurbonlariga maxsus rasmiy maqom berilishi ehtimolini ham nazardan soqit etmagandi.

Namoyishchilar esa, halok bo‘lgan yaqinlariga “Qirg‘iziston qahramoni” unvoni berilishini talab etishgandi.