Turkmaniston saylov hay‘atining qudratli raisiga nima bo‘ldi?

Image caption Mirat Garriyev Turkmaniston siyosatida katta qudratga ega siyosatchilardan biri, deb ko‘riladi - surat "Xronika Turkmenistana" veb sahifasidan olindi

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov saylov hay‘atining mamlakat siyosatida katta qudratga ega bo‘lgan raisi Mirat Garriyevning mavqeini yanada oshirdi.

Turkmaniston saylov hay‘atiga uzoq yillardan beri raislik qilib kelgan 79 yoshli Mirat Garriyev Yoshullilar Kengashi raisi o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarildi.

Ushbu kengashga prezident Gurbanguli Berdimuhammedovning o‘zi raislik qiladi.

Yoshullilar Kengashi esa, mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishni tavsiya etish qudratiga ega tashkilot hisoblanadi.

Mirat Garriyev, "Bizga boshqa prezidentni saylashning nima keragi bor. Yashasin, hozirgi prezident Gurbanguli Berdimuhammedov!" degan so‘zlari bilan taniqli.

Janob Garriyev Turkmanistonni uzoq yillar boshqargan marhum Turkmanboshi Saparmurot Niyozov davrida ham kuchli ta‘sirga ega bo‘lgan va aynan Gurbanguli Berdimuhammedovning prezident etib tayinlanishida hissasi katta.

2006 yilning dekabr oyida Turkmanboshining o‘limi ortidan vaqtinchalik prezidentlik vazifasini bajarib turishi uchun Gurbanguli Berdimuhammedovning nomzodini ilgari surgan shaxs ham Mirat Garriyev bo‘ladi.

2007 yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan va kuzatuvchilarning tanqidlari ostida qolib ketgan prezidentlik saylovlarida janob Berdimuhammedovning 90 foizlik natija bilan g‘olib chiqqanini ham aynan Garriyev janoblari e‘lon qilgan.

Oradan ikki yil o‘tib esa, Mirat Garriyev prezident Gurbanguli Berdimuhammedovga "Turkmaniston qahramoni" unvonini berish taklifi bilan ham chiqqan.

Mirat Garriyevdek qudratli shaxsning kutilmaganda boshqa ishga o‘tkazilishi mamlakat ichkarisida turli munosabatlarga sabab bo‘lgan.

Ammo ayrim mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, so‘nggi vazifasidan soqit etilishi janob Garriyevning mamlakat siyosiy hayotida yanada erkinroq faoliyat yuritishiga imkon beradi.

Mirat Garriyevning o‘rniga muovini Orazmirat Niyazliyev saylov hay‘atining yangi raisi etib tayinlangan.

Orazmirat Niyazliyev saylov hay‘atiga ishga o‘tmasidan avval Balkan viloyati hokimi bo‘lib ham ishlagan.

Turkmaniston o‘z mustaqilligini e‘lon qilishi ortidan, mamlakat prezidentining har besh yilda o‘tkazilajak saylovlarda xalq tomonidan saylanishi ko‘zda tutilgan.

Marhum Saparmurot Niyozov 1992 yilgi saylovlar ortidan qudratga kelgan bo‘lsa, avvaliga referendum orqali uning vakolati uzaytirilgan va 1999 yilga kelib, mamlakat parlamenti u umrbod prezident bo‘lsin, degan qarorga kelgandi.

Ammo janob Niyozov 2006 yilning dekabr oyida hayotdan ko‘z yumadi va uning o‘rniga yangi prezident saylash uchun 2007 yilning 11 fevral oyida saylovlar bo‘lib o‘tadi.

O‘sha saylovlarda g‘olib chiqqan prezident Gurbanguli Berdimuhammedov to‘rt yildirki, Turkmanistonni boshqarib keladi.