Tojikistonda qamoqdan qochgan mahbus halok etildi

Tojikistonda o‘tgan yilning yozida Milliy Xavfsizlik Xizmati hibsxonasidan qochgan mahbuslardan biri halok etilgan.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, Juma Ibrohimov mahalliy sherigi bilan birga tog‘li Rasht vodiysida o‘tkazilgan xavfsizlik amaliyoti chog‘i o‘ldirilgan.

Aytilishicha, mahbusni tutishga urinilgan mahal ular qurolli qarshilik ko‘rsatishgan.

51 yoshli Juma Ibohimov qator jinoyatlar, jumladan, O‘zbekiston Islomiy Harakatiga a‘zolikda ayblanib, 30 yilga ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lgan.

U va yana 24 mahbus o‘tgan 23 avgustga o‘tar kechasi Dushanbe markazidagi Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasining tergov hibsxonasidan qochishga muvaffaq bo‘lgandi. Ular orasida Tojikiston, Rossiya va Afg‘oniston fuqarolari bo‘lgan.

Mahbuslar qochish chog‘ida qo‘riqchilardan birini o‘ldirib, ularning qurol-yarog‘larini qo‘lga kiritganlar.

Shundan so‘ng, ular o‘sha atrofga yaqin joylashgan Adliya vazirligining tergov izolyatoriga ham hujum qilib, yana to‘rt qo‘riqchini o‘ldirishgan.

Mahbuslar islomiy jangarilar ekani aytilgan. Ular terrorizm va giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib, uzoq yillik qamoq jazolarini ado etayotgan bo‘lganlar.

Hozirgacha qochganlarning aksari qo‘lga olingan va qayta mahkamaga tortilib, uzoq yillik qamoq jazolari berilgan.

Ularga uyushgan jinoyatchilik, qamoqdan qochish, noqonuniy qurol-yarog‘ saqlaganlik, chegarani noqonuniy kesib o‘tganlik va qurolli qarshilik ko‘rsatish kabi ayblovlar qo‘yilgandi.

Tutilganlar orasidan 3 afg‘on Afg‘oniston hududida ushlangan va o‘z mamlakatlarida mahkamaga tortiladi.

Qamoqdan qochgan mahbuslarning 4 nafari ularni tutishga qaratilgan maxsus amaliyotlar chog‘i halok etildi. Hozirda 7 jinoyatchi ochiqda qolmoqda.