Qozog‘istonning Aqto‘ba xavfsizlik qo‘mitasi binosida xudkushlik hujumi sodir etilgan

Qozog‘iston Bosh porkuraturasi tarqatgan xabarga ko‘ra, Aqto‘ba viloyat Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi binosida 25 yoshli Rahimjan Maxatov o‘zini portlatib yuborgan.

Xudkushning o‘zi voqea joyida halok bo‘lgan, uning yonida bo‘lgan ikki kishi jarohatlangan.

Rasmiylarga ko‘ra, ushbu xudkushlik hujumi terror bilan bog‘liq emas, jinoyat sodir etganlikda gumon qilingan shaxsning javobgarlikdan qochish uchun amalga oshirgan chorasidir.

"17 may kuni ertalabki 9.30 da uyushgan jinoiy guruh tarkibida jinoyat sodir etganlikda gumon qilingan Rahimjan Maxatov javobgarlikdan qochish maqsadida Aqto‘ba viloyat Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi binosida o‘zini portlatib yuborgan", dedi Bosh prokuraturaning rasmiy vakili Jandos Umiraliyev Ostonada tashkil etgan matbuot anjumanida.

Bosh prokuratura rasmiy vakiliga ko‘ra, Rahimjan Maxatov uncha kuchli bo‘lmagan qo‘lbola portlash uskunasidan foydalangan.

Jarohat olgan Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi xodimi va qorovulning shifoxonaga yotqizilgani aytilmoqda.

Ushbu hodisa yuzasidan jinoiy ish ochilgan.

Guvohlarga ko‘ra, portlash bino ichida sodir bo‘lgani uchun shaharliklar nima bo‘layotganini tushunishmagan.

Odamlar orasida aksilterror mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda, degan mish-mish tarqalgan.

"Atrofdagilardan hech kim hech narsa eshitmagan. Bino yonida mehmonxona va do‘konlar bor. Biz o‘sha yerdagilardan so‘rab chiqdik. Ular sirena ovozidan boshqa narsa eshitishmagan. Binoga kirganimizda portlash alomatlarini ko‘rdik. Binoning biror yeri qulab tushmagan. Guvohlarning aytishicha, portlash natijasida isitish batareyasining qoldiqlari atrofga uchgan", deydi "Aktobe Times" ro‘znomasi bosh muharriri o‘rinbosari Yuliya Minino.

Qozog‘istonda shu vaqtgacha o‘zini o‘zi portlatish amallari kuzatilmagan.

Ammo so‘nggi yillarda neftga boy bo‘lgan g‘arb mintaqasida norozilik alomatlari ko‘payib borayotgani kuzatilgan.

Aqtoba viloyati Qozog‘istonning g‘arbdagi neftga boy va chetdan ko‘p sarmoya kirgan bo‘lgasi hisoblanadi.