Moskvadagi yong‘inda yetti mehnat muhojiri halok bo‘lgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи BB
Image caption Mehnat muhojirlari yashovchilari ko‘chirilgan eski, yaroqsiz binoda yashaganlar

Moskva markazida chiqqan yong‘indan yetti nafar markaziy osiyolik mehnat muhojiri halok bo‘lgan.

Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, yong‘in elektr isitish jihozlaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida ro‘y bergan bo‘lishi mumkin.

Rasmiylarga ko‘ra, halok va yarador bo‘lganlarning aksari tojikistonlik farroshlar bo‘lishgan.

Rossiya Favqulodda holatlar vazirligi rasmiylariga ko‘ra, yong‘in aholisi ko‘chirilgan eski, yaroqsiz uch qavatli binoda ro‘y bergan.

Dastlabki ma‘lumotlar bo‘yicha bino yerto‘lasida markaziy osiyolik farroshlar istiqomat qilishgan.

Ularning ba‘zilari yerto‘lada oila a‘zolari va kichik bolalari bilan birgalikda kun kechirishgan.

Yong‘indan qurbon bo‘lganlarning aksariyati Tojikiston fuqarolari ekanligi aytiladi.

Moskva Favqulodda holatlar vazirligi xodimlariga ko‘ra, muhojirlar tutundan bo‘g‘ilib o‘lgan bo‘lishlari mumkin.

O‘t o‘chiruvchilar 20 kishini olovdan olib chiqishga ulgurgan.

Besh kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Rasmiylar fikricha, yong‘in elektrdagi qisqa tutashuv yoki elektr isitish jihozlaridan noto‘g‘ri foydalanish natijasida yuz bergan bo‘lishi mumkin.

O‘z navbatda bino atayin yoqib yuborilgan bo‘lishi mumkin degan fikrlar ham yangramoqda.

Hodisa bo‘yicha Rossiya prokuraturasi jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Ayni vaqtda Rossiya hududida mehnat muhojirlarning baxtsiz hodisalardan o‘lish hollari kamaymagani aytiladi.

Joriy yilning fevral oyida Rostov viloyatining Bataysk shahrida ro‘y bergan yong‘in oqibatida to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi nobud bo‘lgandi.

Halok bo‘lganlarning 2 nafari balog‘at yoshiga yetmagan bolalar bo‘lishgan.

2009 yilda Moskva janubi-sharqida yuz bergan yong‘in yetti nafar Tojikiston fuqarosi umriga zomin bo‘lgandi.

Tojikiston Mehnat vazirligi ma‘lumoti bo‘yicha o‘tgan yili Rossiya hududida 800 ga yaqin tojikistonlik halok bo‘lgan.