BMT Markaziy Osiyo mintaqasiga chigirtkaga qarshi kurashda ko‘mak bermoqchi

Birlashgan Millatlar Oziq-ovqat idorasining aytishicha, dalalarini chigirtkadan himoya etish uchun Markaziy Osiyo va Qofqoz mintaqasidagi 10 ta davlatga qariyb 2 million dollar moliyaviy yordam ajratmoqchi.

Agar o‘z vaqtida oldi olinmasa, chigirtka balosi ushbu mintaqalarda 20 million kishini ochlik yoqasida qoldirishi mumkinligi aytiladi.

Chunki ular qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat to‘kisligi va kishilarning tirikchiliklariga jiddiy tahdiddir.

Xalqaro tashkilotning bayonotida bildirilishicha, "chigirtkalar Afg‘oniston shimoli va Rossiyaning janubiy mintaqalariga ham xavf solishmoqda".

Shu bois, idora Amerikaning ko‘magi bilan 25 million gektar ekin yerlarini chigirtkalardan himoya etish uchun 5 yillik maxsus dasturga qo‘l urmoqchi.

Birlashgan Millatlar idorasi chigirtkalarni jilovlash uchun yangi texnikalardan foydalanishga umid qilmoqda.

Ularning sirasiga tevarak-atrofga ziyoni kam bo‘lgan bio-pestitsidlar ham kiradi.

Chigirtkalar 100 chaqirimgacha uchishga qodir va har qanday ob-havoga osonlik bilan moslashib ketaveradi.

"Chegaralari chigirtkalarning doimiy yashash va ko‘payish manzillari bo‘ylab joylashgani bois, bir davlat ushbu ofatdan ziyon ko‘rsa, kamida bitta qo‘shnisida ham xuddi shunday holat yuz berishi ehtimoli katta," deydi xalqaro tashkilot.

Shu sababdan ham, har ikki mintaqaning aksariyat davlatlari chigirtka balosiga qarshi kurashishda yordam berishini so‘rab, Birlashgan Millatlarning Oziq-ovqat idorasiga murojaat etishgani aytiladi.

Chigirtka galalari Markaziy Osiyodagi ekin dalalariga tez-tez hujum qilib turishadi.

O‘tgan yil may oyida O‘zbekiston va Tojikiston Qishloq Xo‘jaligi vazirlari chigirtka ofatiga qarshi birgalikda kurashish choralarini ham kelishib olishgandi.