Doku Umarov AQSh mukofot e‘lon qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan

AQSh va Rossiya rahbarlari ma‘lum qilishlaricha, Shimoliy Qofqozdagi jangarilar yetakchisi Doku Umarov uchun 5 million AQSh dollari miqdorida mukofot e‘lon qilingan.

Frantsiyaning Dovil shahrida jahonning yirik sakkiz iqtisodiyoti hisoblangan mamlakatlar rahbarlari "Yirik sakkizlik" sammitiga yig‘ilganlar, bu sammit doirasida AQSh Prezidenti Barak Obama va Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev qo‘shma bayonot imzolaganlar.

Hujjatga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari Doku Umarov nomini Rewards for Justice - "Adolat qaror topishi uchun mukofot" deb nomlangan dasturga kiritadi va uni qo‘lga olish uchun yetkazilgan ma‘lumot uchun 5 million dollar pul va‘da qilinadi.

AQShning Rewards for Justice dasturida besh xil mukofot ko‘zda tutilgan.

Bular 25 million, 10 million, 5 million, 1 million va 500000 AQSh dollari miqdoridagi mukofotlar.

Qo‘shma Shtatlar Usama bin Lodin o‘ldirilganidan keyin "Al-Qoida" tashkilotining rahbari deb ko‘radigan Ayman az-Zavohiriy birinchi guruhga kiritilgan, uni tutishda yordam beradigan axborot uchun 25 million AQSh dollari va‘da qilingan.

Ikkinchi guruhdagi Afg‘onistondagi Tolibon rahbari Mullo Umar uchun 10 million dollarlik mukofot e‘lon qilingan.

Chechen jangarilari rahbari Doku Umarov uchinchi guruhdagi qidirilayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilishi ma‘lum qilingan.

2010 yil iyunida AQSh Doku Umarovni xalqaro terrorchilar ro‘yxatiga kiritgan.

Rossiya rasmiylari qator hujumlarda Doku Umarovni ayblashgan.

Internetda paydo bo‘lgan videomurojaatlarda Doku Umarov 2010 yil 29 martida Moskva metrosida sodir etilgan va 2011 yil 24 yanvarida Moskvadagi Domodedovo aeroportidagi portlashlar uchun mas‘uliyatni zimmasiga olgan.