Qirg‘iziston parlamenti: "Kimmo Kilyunen mamlakatga kiritilmasin"

Image caption Kimmo Kiljunen Qirg‘iziston parlamenti qarorini 'afsusli' deya baholaydi

Qirg‘iziston parlamenti o‘tgan yilning iyun oyida yuz bergan qonli nizolarni o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya raisi Kimmo Kiljunenni mamlakatga kirishini taqiqlash yuzasidan ovoz bergan.

Parlamentga ko‘ra, xalqaro tergov hay‘atining ayni hodisalar bo‘yicha hisoboti birtomonlama va milliy xavfsizlikka tahdiddir.

Qirg‘iz deputatlari bu bois ham Finlandiya parlamenti sobiq a‘zosi Kimmo Kiljunen Qirg‘izistonda istalmagan shaxs ekanini aytishgan. Ular xalqaro komissiya rahbari Kimmo Kiljunenni noxolislikda ayblashgan.

Oy boshlarida Kimmo Kiljunen boshchiligidagi xalqaro mustaqil tergov hay‘ati o‘z hisobotida Qirg‘iziston janubida yuz bergan qonli zo‘ravonliklarni urush jinoyatlari yoki qatliom sirasiga kiritmasligi, ammo 11-13 iyun kunlari O‘sh shahrining ayrim mahallalarida uyushtirilgan muayyan hujumlarni insoniyatga qarshi jinoyat sirasiga kiritish mumkinligini aytgandi.

Hisobotda aytilishicha, Qirg‘izistonning asosan O‘sh va Jalol-Obod shaharlarida yuz bergan milliy nizolar chog‘ida har ikki tomondan ham jiddiy insoniy talofatlar berilgan: 470 ga yaqin kishi qurbon bo‘lgan va yana minglab kishilarga tan jarohati yetgan. Shu bilan birga hisobot xulosalarida jabrlanganlarning aksari o‘zbeklar ekani aytilgandi.

Qirg‘iziston parlamenti esa, 3 may kuni e‘lon qilingan ushbu hisobotni tan olmasligini aytgan.

Qirg‘iziston parlamenti majlisida ishtirok etgan 96 deputatdan 95 nafari Kiljunen janoblarini mamlakatga kiritmaslikni ma‘qullab ovoz bergan.

Hukumat xalqaro komissiya hisoboti yakunidagi kelajakda bunday hollarni oldini olishga oid tavsiyalarini qabul qilgan, ammo endi parlament qarorini amalga joriy etish kerakmi-yo‘qligi yuzasidan bir to‘xtamga kelishi lozim.

Kiljunen janoblarining o‘zi BBC bilan suhbatda Qirg‘iziston parlamenti qaroridan afsusda ekanini aytgan.

"Avvalo bu men uchun juda-juda afsusli va qayg‘uli xabar. Chunki, Qirg‘iziston bo‘yicha komissiya maqsadi imkon qadar xolis tahlilu tavsiyalar bilan mamlakatga, milliy yarashuv jarayoniga yordamlashish edi. Men hisobotga hukumatning munosabati tanqidiy bo‘lganini bilaman, ammo ular bizning tavsiyalarimizni qabul qilishgandi. Mana shu eng muhim narsa", deydi u.