Markaziy Osiyodagi eng baland Lenin haykali olib tashlandi

Tojikistonning Xo‘jand shahrida Lenin haykali olib tashlangan. Haykalni yiqitish kecha oqshom - qorong‘u tushgan paytda amalga oshirilgan.

Avvaliga Lenin haykalini yiqitishga qarshi turgan kommunistlar keyinroq bu haykalni boshqa joyga ko‘chirishga rozi bo‘lishgan.

Lenin haykali o‘rniga Ismoil Somoniy haykali o‘rnatilishi mo‘ljallangan.

Keyingi yillarda Tojikistonda Sho‘rolar hokimiyati va Kommunistik firqa yo‘lboshchilari, taniqli odamlarining haykallarini olib tashlash ko‘paygan.

Jumladan, ikki yil oldin Tog‘li Badaxshon markazi Xorug‘ shaxridagi Lenin haykali shaharning ko‘rimsiz bir joyiga ko‘chirilgan va uning o‘rniga Somoniy haykali o‘rnatilgandi.

Ayni bir paytda Tojikistonda milliy qadriyatlarni tiklash va mamlakat tarixida katta iz qoldirgan kishilarning haykallarini o‘rnatib, ularning xotirasini abadiylashtirish uchun intilish kuchayib bormoqda.

Lenin o‘rniga - Somoniy

Xo‘janddagi Lenin haykali shaharga qorong‘ulik cho‘kkanda yiqitilgani uchun aksariyat ko‘pchilik, hatto, bunga qarshi turgan kommunistlarning o‘zlari bexabar qolishdi.

Faqat haykal yonidagi ko‘chadan o‘tayotgan kishilar haykalning olib tashlanishini tomosha qilishgan va tasodifan xabar topgan ayrim jurnalistlar voqea joyiga yetib kelishgan.

Lekin atrofni o‘rab olgan huquq-tartibot mulozimlari suratga va teletasvirga tushirishga to‘sqinlik qilishgan.

"Xo‘janddagi Lenin haykali faqat Tojikistonda emas, balki butun Markaziy Osiyoda eng baland haykal sanalardi. Uning bo‘yi 12 metr, agar taglik asos bilan hisoblanadigan bo‘lsa, 24 metr edi. Lenin haykali bundan 27 yil muqaddam – Tojikiston respublikasi tashkil topganligining 50 yilligi munosabati bilan o‘rnatilgan edi," deydi Tojikiston Kompartiyasining Sug‘d viloyati bo‘limi raisi G‘ufron Rustamov.

Rustamovning aytishicha, haykalni qurgan kishilardan bir guruhi Tojikistonning o‘sha paytdagi Abu Ali ibn Sino nomli mukofotiga sazovor bo‘lgandi va ular orasida shu qurilishga rahbarlik qilgan Oqil Oqilov – Tojikistonning hozirgi bosh vaziri ham bo‘lgan.

- Bu haykal hech kimdan osh-non so‘ramasdi, yangi haykal uchun boshqa joy tanlansa yaxshi bo‘lardi, deydi hech bir firqaga a‘zo emasligini, qaytaga o‘zgacha fikrlashi uchun Sho‘rolar davrida necha yillik umri qamoqda o‘tganini aytgan Begali Madashurov.

Lenin haykali o‘rniga tojik davlatining asoschilaridan biri deb e‘zozlanadigan Ismoil Somoniy haykali o‘rnatiladi. Haykal atrofi Somoniy xiyoboni deb nomlanishi kutilmoqda. Xiyobonni qayta qurish ishlari deyarli bir yil davomida olib borildi.

Tojikiston mustaqillikka erishganidan so‘ng mamlakatning turli shaharlarida tojik tarixida muhim o‘rin tutgan shaxslar - Ismoil Somoniy, Devashtich, Rudakiy, Kamoli Xo‘jandiy haykallari o‘rnatildi.

Lekin tarixchi olim Safarali Erkayev fikricha, hali ko‘pgina ulug‘ shaxslar xotirasi haykal ko‘rinishida abadiylashtirilgan emas. Olimning aytishicha, tojik xalqi tarixida hamda Markaziy Osiyo xalqlari tarixida o‘chmas iz qoldirgan, ajnabiy bosqinchilarga qarshi kurashgan jasur ayol To‘maris, oddiy cho‘pon Shiroq, lashkarboshi Spitamen, Xo‘jand hokimi Temurmalik haykallarini allaqachonlar o‘rnatish zarur edi.

"Lenin haykalini olib tashlashga men qarshi emasman. Lenin haykali o‘rniga buyuk adib Sadriddin Ayniy yo Ahmadi Donishning haykalini o‘rnatishlarini istardim," deydi Ho‘janddagi oliy o‘qv yurtlaridan birida tahsil ko‘rayotganini aytgan Shahnoza.

"Lenin –Rusiya davlatining tashkilotchisi"

"Biz kommunistlar ham milliy qadriyatlar tiklanishi tarafdorimiz va buning uchun intilyapmiz. Lekin bu - boshqa qadriyatlarni yo‘qotish hisobiga bo‘lmasligi zarur. Masalan, Xo‘jand shahrida "O‘roq va bolg‘a" yodgorligi bor edi. Uni olib tashlashayotganda Sho‘rolar ramzi deya izohlashdi. Biz bu yodgorlikning ishchi va dehqon do‘stligini bildirishini tushuntirishga qancha urinsak ham bo‘lmadi. Hozir bu yodgorlik Orjonikidze, Kirov haykallari kabi shahar tashkilotlaridan birining omborida yotibdi. Lenin haykalini ham o‘sha yerga olib borib tashlashsa kerak. Chunki haykal ko‘chirib o‘rnatiladi, deb aytilayotgan G‘alaba bog‘ida hali haykal uchun asos-taglik tayyorlangan emas," deydi G‘ufron Rustamov.

Kuzatuvchilar fikricha, mustaqillik davrida o‘sib-ulg‘ayayotgan yoshlar Lenin shaxsidan unchalik xabardor emas yo u haqida umuman bilishmaydi. Hozir tarix darslarida ko‘proq tojik xalqi qahramonlari hayoti o‘rganiladi.

Yigirma yoshli Daler Leninni yaxshi bilishini aytdi:

"Lenin asosan Rusiya davlatini tashkil etgan odam, xalq yo‘lboshchisi edi. Rus xalqining qahramoni o‘rniga tojik xalqi qahramonining qo‘yilishi, bu yaxshi. Ismoil Somoniy haykalining qo‘yilishi tojik millatiga nisbatan bir hurmat. Hamma Ismoil Somoniyning somoniylar davrida tojik davlatining podshosi ekanligini biladi. U tojiklar nomini ulug‘lagan, tojiklarni jamlab, asrab qolgan," deydi Daler.

Kuzatuvchilar fikricha, garchi Tojikistondagi eng baland Lenin haykali olib tashlangan bo‘lsa-da, lekin hali mamlakatda kommunistlar dohiysining o‘nlab haykallari bor. Lenin bilan bir qatorda Karl Marks haykalini ham uchratish mumkin. Hatto, o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab, SSSRning hamma yerlari butunlay olib tashlangan Stalin haykallari ham Tojikistonning ayrim qishloqlarida qaytadan qad rostlagan.