Nazarboyev: Islomni obro‘sizlantirishga qarshi yagona axborot loyihasi tuzmoq kerak

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Qozog‘istonda aholining 70 foizdan ortig‘ini musulmonlar tashkil etadi

Qozog‘iston Prezidenti Nazarboyevga ko‘ra, Islom dinini obro‘sizlantirishga qarshi turish uchun yagona axborot loyihasini tuzish kerak.

Prezidentning ta‘kidlashicha, dunyodagi aksar global ommaviy axborot vositalari Islomni milliy xavfsizlik, madaniy va diniy asoslarga xavf sifatida talqin qilmoqda.

"Biz hamkorlikda Islomni tinchlik, ezgulik, toqatlilik va adolatli din sifatida ijobiy timsolini shakllantirishimiz lozim. Buyuk ta‘limotning obro‘sizlanishiga global va mintaqaviy darajada qarshi turish uchun islomiy davlatlarda umumiy axborot loyihasi ustida jiddiy o‘ylashimiz kerak", - deb aytgan Ostonada bo‘lib o‘tayotgan 7 - Xalqaro Islom iqtisodiy anjumanida so‘zlagan Nazarboyev.

Shu bilan birga Nazarboyev janoblari Islomni zamonaviylashtirish taklifini ham o‘rtaga tashlagan.

"Islomni zamonaviylashtirish uning asoslarini o‘zgartirishni anglatmaydi. Islom jamiyatini zamonaviylashtirish kundek ravshan, u texnologik, ilmiy va iqtisodiy rivojlanishni qamrab oladi", - deydi Nazarboyev.

Qozog‘istonda musulmonlar aholining 70 % ortig‘ini tashkil etadi. Mamlakatda 24 soatlik islomiy telekanal faoliyat yuritadi. Tuman va shaharlardagi masjidlarda bepul diniy savod ochish kurslari tashkil qilingan.

Image caption Nazarboyev janoblari ayollarning hijob kiyishlarini ma‘qullamagandi

Shunday bo‘lsa-da, mamlakat rahbariyatining dinga bo‘lgan qarashi o‘zgachaligi bilan ajralib turadi.

Ta‘lim va ilm vaziri o‘quv yurtlariga qizlarning hijobda kelishiga qarshiligini ta‘kidlab keladi.

Nazarboyevning o‘zi ham qozoq ayollarining hech qachon hijob kiymaganini bildirgan.

Ostonada anjuman doirasida so‘zlagan diniy ishlar bo‘yicha agentlik rahbari Qayrat Lama Sharifga ko‘ra, musulmon davlatlaridagi hijobga yo‘l ochish orqali Qozog‘istonning milliy rang-barangligiga putur yetishi mumkin.

"Tunis davlati tomonidan 1981 yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra, hijob - islomning asosi emas, u ko‘proq arab va badaviylar madaniyatiga xos", - deydi Qayrat Lama Sharif.