Qirg‘iziston janubida qonli milliy nizolarning bir yilligi xotirlanmoqda

Iyun voqealarining bir yilligi munosabati bilan Qirg‘izistonning janubiy O‘sh shahrida bo‘lib o‘tgan marosimda so‘zlarkan, Qirg‘iziston prezidenti yuz bergan hodisalardan saboq chiqarilishi lozimligini aytgan.

O‘tinboyeva xonim O‘sh shahrida "Onalar ko‘z yoshi" yodgorligining ochilish tantanalarida ham ishtirok etgan.

"Biz kelajakda o‘tgan yilgi voqealarning takrorlanmasligiga umid qilib qolamiz," degan qirg‘iz rahbari.

O‘tinboyeva xonim odamlarni bir-birlarini ayblashdan tiyilishga chaqirib, ularni birdamlikka undagan.

Ammo marosim ortidan, o‘nlab norozi kayfiyatdagi qirg‘izlar shahar maydoniga yig‘ilishgan.

Ular oradan bir yil o‘tsa-da, bedarak ketgan yaqinlarining hanuz topilmaganidan shikoyat etishgan.

Iyun voqealari yuzasidan chiqarilgan ayrim mahkama hukmlaridan o‘z noroziliklarini izhor etishgan.

O‘sh shahrida bo‘lgan muxbirimizga ko‘ra, maydonda biror bir zo‘ravon xatti-harakatlar kuzatilmagan.

O‘tgan yilning 10 iyun kuni kelib chiqqan va to‘rt kun davom etgan milliy nizolarga sahna bo‘lgan Qirg‘iziston janubida bugun rasman motam kuni deb e‘lon qilingan.

Ayni munosabat bilan turli yig‘inlar, ta‘ziya marosimlari va qurbonlar xotirasini yod etishga qaratilgan har xil tadbirlar uyushtirish rejalangan.

Davlat bayroqlari pastga tushirilgan, barcha ko‘ngilochar tadbirlar man qilingan. Spirtli ichimliklar ichish taqiqlangan.

Prezident O‘tinboyevadan tashqari, Qirg‘iziston Bosh vaziri, parlament Oliy kengashi spikeri, boshqa yuqori martabali mulozimlar va diplomatik idoralar vakillari ham Qirg‘iziston janubiga tashrif buyurishgan.

Mintaqadagi vaziyat

O‘shda bo‘lgan muxbirimizga ko‘ra, so‘nggi kunlarda xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilgan, shaharda katta sondagi militsiya va xavfsizlik kuchlarining hozirliklari ko‘zga tashlanadi. Shahar ichkarisi va tashqarisida ko‘plab nazorat nuqtalari tashkil etilgan.

Qirg‘iziston Mudofaa vazirligi esa, kecha Qirg‘iziston janubida ommaviy g‘alayonlar va to‘qnashuvlar kelib chiqqan taqdirda, xavfsizlik kuchlarining o‘tochar qurollardan foydalanishlariga izn berilganini ma‘lum qilgandi.

Muxbirimizga ko‘ra, bugun O‘shda bozoru do‘konlar, idoralar va o‘quv yurtlari ochiq. Transport vositalari ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ammo ko‘chalarda odamlar siyrak, o‘zim suhbatlashgan insonlar esa, o‘tgan yilgi hodisalarning takrorlanishidan xavotirda edilar, deydi O‘shdagi muxbirimiz To‘lqinbek Turdiboyev.

Qirg‘iziston Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi esa, O‘zbekiston, Xitoy va Tojikiston bilan janubiy chegaralarida chegarachilar soni oshirilgan.

O‘tgan yilgi qonli milliy nizolar yuzlab insonlarning umrlariga zomin bo‘lgan, minglab kishilar tan jarohati olishgan va ko‘plab uy-joyu binolar vayron bo‘lgandi.