O‘shlik taniqli fazogir Solijon Sharipov iyun nizolari haqida nima deydi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Doimo ko‘kka intilgan bu insonning oyog‘i bugun o‘zi tug‘ilib o‘sgan yerga bog‘lanib qolgan

Asli O‘shlik fazogir Solijon Sharipov ikki bora fazoga uchgan. Samoda yurgan kam sonli fazogirlardan biri. Ammo doimo ko‘kka intilgan bu insonning oyog‘i bugun o‘zi tug‘ilib o‘sgan yerga bog‘lanib qolgan. U bugun o‘tgan iyun zo‘ravonligidan beri ajralib ketgan o‘zbeklar va qirg‘izlarni yarashtirish ilinjida yoshligi o‘tgan O‘shga, O‘zganga kelib turibdi. Fazogir hatto zo‘ravonlikda oilasi zarar ko‘rgan, o‘qishi qolib ketgan yuzlab o‘shlik o‘spirinlarni Rossiyaga o‘qishga jo‘natgan. Moskvadan O‘shga jo‘nab ketishi oldidan qirg‘izistonlik o‘zbek fazogir Solijon Sharipov bilan bog‘lanib, avvaliga ona yurtidagi bir yil avvalgi zo‘ravonlikdan ilk qanday xabar topgani haqida so‘radik:

Solijon Sharipov: Ishda edim. Rossiya harbiy kuchlarida ishlayman. Hali o‘sha voqeadan bir kun oldin ham O‘sh va Jalol-Obodda vaziyat tang degan gaplarni eshitgandik. Ertalab esa qarindoshlarim qo‘ng‘iroq qilishdi va O‘shda milliy nizo boshlanganini aytishdi. Boshida kichikroq janjaldir, tez orada bosilib qolar, deb o‘yladim. Ammo menga odamlar xadeb telefon qilishar va ahvol juda jiddiyligini aytishardi. Keyin soat o‘nlarda Moskvadagi Qirg‘iz elchiligiga bordim. Elchixona yaqinida odam ko‘p edi. Ammo yanada ko‘proq odam yaqindagi O‘zbekiston elchixonasi oldida to‘plangandi. Esimda, 10 ming nafarcha odam to‘plangandi. Hamma mendan savol so‘rar, menda esa ularga aytadigan javob yo‘q edi. Xuddi o‘sha daqiqalarda O‘sh va Jalol-Obodda odamlar o‘layotganini bilmasdim.

BBC: Elchilik oldida siz nimalardan boxabar bo‘ldingiz?

Solijon Sharipov: O‘sh va Jalol-Obodda O‘zbeklar o‘ldirilayotganini ko‘pchilik allaqachon bilardi. Keyin O‘zbeklar hujum qilmaganini, balki hujumchilar uzoq mintaqalardan kelishganini ham bilishardi. Ya‘ni, hammamiz bilganimizdek, qirg‘izlar shaharga kelishgan va odamlarga hujum qilishayotgandi. Elchilikka kelganlarning ko‘pchiligi qarindoshlari o‘ldirilgan insonlar edi. Ko‘pchilik menga qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘rardi. Men esa, Qirg‘izistondagi do‘stlarimga telefon qildim, O‘sh va Jalol-Obod militsiyasidagi o‘rtoqlarimdan insonlarni qutqarishni so‘radim. O‘sha kuni militsionerlar ko‘plab odamlarni qutqazishdi ham. Moskvadagi elchixonada esa, hech kim Qirg‘izistondagi vaziyat borasida javob bera olmasdi.

BBC: Odamlarni qanday o‘ldirishayotgandi? Bu borada ham hikoyalarni eshitdingizmi?

Solijon Sharipov: Men hozir buni eslashga ham yuragim betlamaydi. Dahshatli edi. Odamlarni, bolalarni qanday o‘ldirishgani, ayollarni qanday zo‘rlashgani haqida men ancha keyin xabar topdim. Ayollar va keksalarni ham o‘ldirishgan. Juda yomon bo‘lgan. Men shu zo‘ravonlikdan ikki-uch hafta o‘tgach, ba‘zi videotasvirlarni ko‘rdim.

BBC: Sizning O‘sh viloyatidagi, O‘zgandagi oila a‘zolaringiz omonmilar? Ular nima qilishgan?

Solijon Sharipov: Barcha qarindoshlarim O‘sh va O‘zganda yashashadi. Otam, hamshiram va inilarim O‘zganda istiqomat qiladilar. Xudoga shukur, O‘zgandagi o‘zbek va qirg‘iz qariyalari birlashib, hujumchilarni to‘xtatib qolishgan. Shu asno shaharni asrab qolganlar. Bo‘lmasa, 1990 yilgi milliy nizoda aynan O‘zgan shahri eng qattiq aziyat chekkandi.

BBC: Siz O‘shdagi zo‘ravonlikni eshitgach, u yerga borgandingiz, shundaymi?

Solijon Sharipov: Men O‘sh va Jalol-Obodga bordim. Odamlar bilan uchrashdim, nimalar sodir bo‘lganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Nimalarni ko‘rganimni tasvirlashga tilim aylanmaydi. Bu uchun so‘z topolmayman. Ikki tarafdan ham ko‘plab insonlar nobud bo‘lgan. Ammo bir taraf hujum qilgan, ikkinchi taraf esa o‘zini himoya qilgan.

BBC: Siz zo‘ravonlikni tasvirlay olmasligingizni aytdingiz. Aynan qanday hodisa sizni qattiq larzaga solgan?

Solijon Sharipov: Men ko‘p odamlarni uchratdim, ular nima bo‘lganini aytib berishdi. Ayniqsa, yosh qizlarning zo‘rlangani va o‘ldirilgani larzaga soldi. Bir holat xotiramda mixlanib qolgan: Katta sondagi odamlar bir odamni ushlab olishadi-da, ustidan benzin quyib, tiriklayin yoqib yuborishadi.Atrofda esa 150 nafarcha odam tomoshabin bo‘lib turadi. U qiynaldi, og‘riqdan baqirdi, chaqirdi, qimirlashga intildi. Ammo hech kim unga yordam bermasdi, hamma tomosha qilib turardi. Bu dahshatli hodisaning videotasviri ham bor.

BBC: U yondirilgan odam kim edi?

Solijon Sharipov: U o‘zbek edi. Yoshgina yigit edi.

BBC: Nega bunday qilishgan deb o‘ylaysiz?

Solijon Sharipov: Odamlar insoniy qiyofasini yo‘qotib qo‘ygan. Bo‘lmasa, qanday qilib odamlar bir inson ustidan benzin quyib, tiriklayin yoqib yuboradi. Buni tushunish qiyin. Bu juda afsuslanarli voqelik.

BBC: Ko‘p qurbonlar o‘zbeklar bo‘ldi. Lekin qirg‘izlar ichida ham o‘lganlar bo‘lgan-ku?

Solijon Sharipov: Albatta, qirg‘izlar orasida ham qurbonlar bo‘lgan. Boshqa millatlar orasida ham o‘lganlar bor. Lekin bir narsa aniq - shaharlarda yashaganlar birovga hujum qilishmagan. Ular o‘zlarini himoya qilishga majbur bo‘lishgan. Uylarini, oilalarini hujumchilardan saqlashga intilishgan. O‘z uyingni himoya qilaturib, ba‘zan o‘sha hujumchini o‘ldirib qo‘yishing ham mumkin. Aksariyat qurbonlar o‘zbeklar edi. Ammo, shaksiz, qirg‘izlar ichida ham o‘lganlar bor edi. Nega o‘zbeklar bunchalik ko‘p o‘ldirilgani borasida to‘xtalsak, hujumchi to‘dalar qo‘lida ko‘plab qurol-aslaha bo‘lgan. Ko‘chalardagi odamlar esa, faqat mahallasini barrikada tiklab, himoya qilishgan. Ammo qo‘lida biron quroli bo‘lgan odamlar haligi qurolini ishga solib, o‘zlarini hujumchilardan himoya qilishgan. Ammo o‘zini himoya qilganlar juda yomon qurollangan bo‘lgan.

BBC: Ammo o‘z jonini xatarga qo‘yib, o‘zbeklarni asragan qirg‘izlar ham bo‘lgan, shundaymi?

Solijon Sharipov: Men faqat o‘zbek yoki qirg‘iz deb aytayotganim yo‘q. Har qanday millat ichida ham yomon odamlar bo‘ladi. Qirg‘izlar orsida mening yaqin do‘stlarim ko‘p. Ular o‘zbeklarni himoya qilishdi. Men bu nizoni o‘zbek va qirg‘iz o‘rtasidagi urush, deb atamagan bo‘lardim. Yoshlar shaharlarga hujum qilishdi va ayollarni, keksalarni o‘ldirishdi.Men Qirg‘iz xalqini hurmat qilaman. Lekin o‘sha paytlari ko‘pchilik aldangandi.

BBC: Nega bu zo‘ravonlik yuzaga keldi, sizningcha?

Solijon Sharipov: Sababi mana bunday, deb aytish juda qiyin. Menimcha, bu uchun vaqt kerak, chuqur va batafsil tekshiruv kerak.

BBC: Nega Qirg‘iz militsiyasi va harbiylari o‘z qurollarini himoya qilmasdan, hujumchi to‘dalarga shundoqqina topshirib qo‘yishgan?

Solijon Sharipov: Bu masala atrofida savollar ko‘p. Kuch tizimlarida ishlovchi ko‘pchilik qirg‘iz millatiga mansub. Militsiyada ishlaydigan o‘zbeklar soni juda oz. Hatto xalqaro tadqiqotlar ham militsiya va harbiylar hujumchilarga o‘z qurollarini berib qo‘yishganini qayd etgan. Ilk ikki kun davomida ular oddiy insonlarni himoya qilishga harakat qilishmadi. Nimadir qilishni boshlashganida esa, juda kech bo‘lgandi.

BBC: Siz bugungi kundagi eng mashhur o‘shliksiz. Kutilmaganda, o‘z yelkangizda mas‘uliyat his qilib qolgandirsiz. Odamlar sizga kelib dardlarini bayon qilishgandir..?

Solijon Sharipov: Odamlar kimga borib shikoyat qilishni bilishmasdi. Men O‘shga borganimda hamma mening oldimga kelar va shikoyatlari yozilgan qog‘ozlarni tutqazishardi. Chunki o‘sha paytlari militsiya va mahkamalar odamlarning shikoyatlarini qabul qilishmadi. Hech kim bu odamlarni himoya qilmagan. Ular o‘zlarini o‘zlari himoya qilishga majbur edilar. Menda hali-hamon dasta-dasta shikoyatlar turibdi. Insonlar boshlariga tushgan ko‘rguliklarni yozishgan. Men ba‘zi shikoyatlarni prezident Roza O‘tinboyeva bilan uchrashganimda unga topshirdim. Chunki men shaxsan o‘zim prezident bilan uchrashib, gaplashishim zarur, degan fikrga kelgandim. Ayrim shikoyatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotiga, Ovro‘poga jo‘natildi.

BBC: Prezident siz aytib bergan hikoyalarni eshitib, ko‘ngli buzildimi, larzaga tushdimi?

Solijon Sharipov: U ko‘p holatlarni bilardi. U meni tushungandek tuyuldi. Ammo o‘sha ko‘rgulik boshiga tushgan odamdan eshitish boshqa, ikkinchi bir og‘izdan eshitish boshqa. Prezident chora ko‘rishga va‘da bergandi. Lekin nimalar kechayotganini u bilardi.

BBC: Mana, O‘shda ikki millatni yarashtirish yo‘lida maxsus haftalik o‘tkazayapsizlar. Bu sa‘y-harakatlar biron samara berishiga ishonasizmi? Chunki O‘shda insonlar hamon ko‘chaga chiqishga qo‘rqib yashashmoqda.

Solijon Sharipov: Umid qilaman, hammasi yaxshi bo‘ladi. Lekin hamma narsani unutish uchun vaqt kerak.

BBC: Qanday qilib bu kabi zo‘ravonlikni unutish mumkin?

Solijon Sharipov: Vaqt o‘zi hammasiga hakim, degan gap bor. Bu bizning vatanimiz. Biz birga yashashimiz kerak. Qirg‘izistonda faqat qirg‘iz va o‘zbek yashamaydi. Ruslar, tatarlar va boshqalar ham istiqomat qiladilar. O‘zbeklar ichida ham, qirg‘izlar ichida ham ko‘pchilik tinch yashashni istaydi. Odamlar bolalari kelajagini, baxtini ko‘rishni niyat qilishadi. Umidimiz shu - odamlar yana avvalgidek tinch-totuv yashab ketishadi. To‘g‘ri, bu gapni aytish qiyin, lekin endi vaqt o‘zi hakim hammasiga.

BBC: Siz fazogir sifatida inson zoti erishishi mumkin bo‘lgan eng yuksak muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdingiz. Ayni paytda, mana, odamzod bir-biriga munosabatda qanchalik tuban ketishiga ham guvoh bo‘lib turibsiz. Bunchalik teskari ikki haqiqat o‘rtasida o‘zingizni qanday his qilasiz?

Solijon Sharipov: Men Sovet Ittifoqida tug‘ilib, o‘sdim. U paytlar boshqacha edi. Odamlar ilmga talpinardi, o‘qishga intilardi. Yangi avlod esa yo‘lini yo‘qotib qo‘ydi. Ko‘plab yoshlar oliy ta‘lim olish imkoniga ega emas. Davlatda umummamlakat mafkurasi yo‘q. Yoshlar o‘qishni emas, pul topishni o‘ylashadi. Ular xalqaro qonunlarni, o‘z haq-huquqlarini bilishmaydi. Keyin boshqalarning haq-huquqlarini ham poymol etishadi. Men kichikkina bir shaharchadan chiqib, shunchalikka erishdim, fazoga uchdim. Ko‘plab yoshlar bugun fazogir bo‘lishni istashmaydi. Hatto, Rossiyada ham yo tijoratchi, yo advokat bo‘laman, deb intilishadi. Lekin hozir O‘zbekiston va yo Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan fazogir chiqishi juda qiyin. Bu uchun o‘sha mamlakatda katta pul bo‘lishi kerak. Balki, bir kun yana biron markaziy osiyolik fazoga uchar...

BBC: O‘sh fojeasiga qaytsak, bu yana qaytarilishi mumkinmi? Chunki 21 yil oldin ham Janubiy Qirg‘izistonda shundayin zo‘ravonlik sodir etilgandi.

Solijon Sharipov: Bu qaytarilmasligi kerak. Ammo hozir biron bashorat qilish ham qiyin. Chunki bu endi hukumatga, rahbarlarga bog‘liq. Baliq boshidan sasiydi, degan maqol bor. Shu bois, hamma narsa tepada o‘tirgan odamlarga borib taqaladi. Sovet Ittifoqi qulashi ortidan hokimiyatga kelganlar xalqni o‘ylashmadi. Ishsizilk kuchaydi. Odamlar bola-chaqalarini boqa olmay qolishdi. Keyin millatchilar paydo bo‘lishdi. Ular barcha muammolar uchun boshqa millatlarni aybdor qilib ko‘rsatishdi. Menimcha, ana shu uchun hozirgidek bir ahvol yuzaga keldi. Agar hokimiyatdagilar risoladagidek yashash uchun kerakli sharoitlarni yaratishsa, odamlar ham urushishmaydi.