Muhojirat hayoti: O‘shlik qochqinlarning bugungi kuniga bir nazar

Muhojirlik qirg‘izistonliklarga shundoq ham yot emasdi.

Yillarki, yuz minglab qirg‘izistonliklar bugun yaqin va uzoq xorijda, asosan, Rossiyada mehnat muhojirligida bandlar.

Ammo 2010 yilgi milliy nizolarga qadar odamlar nochorlik sabab muhojirlikka otlanishardi.

Chunki Qirg‘iziston Markaziy Osiyodagi eng qashshoq davlatlardan biri sanaladi.

Milliy to‘qnashuvlar ortidan esa, tazyiq va ta‘qiblardan qochib, minglab kishilar Qirg‘iziston janubini tark etishmoqda.

Ulardan aksariyati o‘zbeklardir. Borar manzillari esa, asosan Rossiya va Turkiya.

35 yoshli Farida ana shunday qochqinlardan biri. Qirg‘in paytida uyi yonib, kul bo‘lgan. O‘zi esa, 6 yoshli qizalog‘i bilan amal-taqal qilib Rossiyaga qochgan. Yo‘l-yo‘lakay qizalog‘ining qo‘log‘idagi ziragigacha sotishga majbur bo‘lgan. Hozir Moskvada yashaydi.

Farida bir yillik muhojirlik hayoti ortidan ham, bergan qaroridan afsusda emasligini aytadi:

“O‘shda hozir ham hayot yaxshi emas. Bolalarimizning kelajagi bo‘lmagan joyda yashashning ham hojati yo‘q-da!” – deydi u.

Faridaning aytishicha, bir yil ichida hayoti oz bo‘lsa-da, o‘nglangan. Bir rus xonadoniga uy xizmatchisi bo‘lib ishga kirgan.

U uy sohiblari o‘zlaridan yordamlarini hech ham darig‘ tutmasliklarini alohida urg‘ulaydi:

“O‘risning iymoni yo‘q, insofi bor, deb aytishgani rost ekan. Insofi bor odamlar ekan, mana, qo‘llab-quvvatlashdi. Qizimni uch oyga sanatoriyga yotqizishga yordam berishdi. Oilam bilan yashashim uchun to‘rt xonali uylarini berib qo‘yishgan. Faqat uy yumushlarini qilaman. Xizmat haqiga kuniga 1.000 rubldan berishadi. Kiyim-kechaklarimizni ham o‘zlari olib berishadi. Ko‘proq “produkta” olishsa, bizga ham ilinishadi,” deydi u.

Farida ishlab topgan pulini yakkayu yolg‘iz qizining o‘qishiga sarflayotganini aytadi:

“Odamning ma‘lumoti bo‘lmasa, bu dunyoda hech kim emas ekan. Qizim o‘qib, Xudo xohlasa, nonini butun qilib olsa, bo‘ldi, marra meniki. Agar, ishonsangiz, hozir uy-joy qilishni ham o‘ylayotganim yo‘q,” deya o‘z niyatlarini izhor etadi Farida.

Qonli iyun nizolari ortidan qancha odam Qirg‘iziston janubini tark etgani borasida aniq raqamlar yo‘q.

Mas‘ullarning ma‘lumotlarga qaralsa, o‘tgan yilning birgina iyun va sentyabr oylari oralig‘ida O‘shni 40 ming kishi tark etgan.

Ammo mahalliy kuzatuvchilar, jurnalistlar va xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotlari haqiqiy raqamlar bundan ancha ko‘pligini ta‘kidlashadi.

Suhbatdoshim Farida esa, iyun voqealari ortidan oilasidagilarning hammasi har yoqqa sochilib ketgani, O‘shda faqat 82 yoshli keksa onasi qolganini aytadi.

“Onam bilan telefon orqali xabarlashib turaman. Ozroq pul orttirsam, kuniga yarar, deb O‘shga yuboraman. Onam hayot kechirish qiyinlashib ketganidan noliydilar. O‘zbekistondan hech narsa chiqmay qo‘ygani, narx-navolar oshib ketganidan shikoyat etadilar,” deydi Farida menga.

Faridaning aytishicha, yon-atroflarida ham iyun nizolaridan keyin qochib kelgan qirg‘izistonliklar ozmuncha emas.

“Ularning soni rosayam ko‘p. Sverdlovsk, Samara,..Noyabrskiy tomonlarga ketganlar ham bor,” deydi u.

O‘shda qolgan sanoqli inson huquqlari himoyachilari esa, bugunga kelib O‘zbeklar yashaydigan butunboshli ko‘chalar huvillab qolganini aytishadi.

Qirg‘iziston janubidagi o‘zbeklar esa, asosan tijorat bilan shug‘ullanib kelishgan. Do‘kon, nonvoyxona, turli kichik korxonalarini yuritib, shuning orqasidan daromad qilishgan.

O‘tgan iyun oyidagi qonli to‘qnashuvlar chog‘ida ularning aksariyatiga o‘t qo‘yilgan va vayron etilgan.

Qirg‘iziston mas‘ullarga ko‘ra, milliy nizolar oqibatida mamlakat janubida 20.000 dan ortiq ish o‘rinlari yo‘qotilgan.

Mahalliy inson huquqlari faollari ta‘qiblarning ustiga ustak tijoratlarining ham izdan chiqqan o‘zbeklar uchun yashashni deyarli imkonsiz qilib qo‘yganini ta‘kidlashadi.

Suhbatimiz davom etarkan, orada Farida menga Rossiya pasportini olishga ham muvaffaq bo‘lganini aytadi. Men esa, undan qachondir Qirg‘izistonga qaytish niyatingiz bormi, deb so‘rayman.

Farida Qirg‘izistonga qaytib bormasligini, hatto, bu haqda o‘ylab ko‘rmaganligini ham aytadi.

U, “Otasining kindik qoni Andijonning Asakasida to‘kilgani, vaqti kelib, o‘zi ham o‘sha yerda kichkinagina bo‘lsa ham, bir uy tiklab olish niyatida” ekanini ta‘kidlaydi.

Faridaning aytishicha, aka-ukalari ham shunga qaror qilishgan.

“Aka-ukalarim Podmoskovьedan bo‘lsa ham, shu yerlardan eplab uy olamiz, deyishadi. Ammo iloji bo‘lsa keyinroq menga o‘xshab O‘zbekistondan hovli olamiz, degan niyatlari ham yo‘q emas,” deydi Farida.

Suhbatdoshimning eng so‘nggida aytishicha, buyog‘ini endi Xudo ko‘rsatadi...