Iyun qirg‘ini: Qiz berib, qiz olgan xalqning buguni...

Qirg‘iziston janubida asrlarki to‘y va azasini begona bilmagan o‘zbek va qirg‘izning qiz berib, qiz olgan paytlari ham ko‘p bo‘lgan.

O‘tgan yilgi qonli milliy nizolar chog‘ida ko‘pchilik qatori o‘zini o‘zbek, qirg‘iz deb ajratmagan ana shunday oilalar ham jabr ko‘rishdi.

Zo‘ravonliklarda qirg‘iz o‘zbekni, o‘zbek qirg‘izni ayblarkan, o‘zaro ayblovlar quda-andachilik rishtalariga ham ta‘sir etmay qolmadi. Qarindosh-urug‘lar orasiga sovuqchilik tushdi.

Ammo etnik to‘qnashuvlar ortidan bugun ham sanoqli bo‘lsa-da, yana birga oila qurayotgan o‘zbegu qirg‘izlar yo‘q emas.

Sobira aya O‘shning Qorasuv tumanidagi Saroy qishlog‘ida yashaydi.

Qirg‘iziston janubidagi milliy nizolardan keyin ilk aralash nikoh to‘yi ana shu ayaning uylarida bo‘lib o‘tdi.

“ 11 ta farzandim bor. Shundan uchtasi o‘g‘il. To‘ng‘ich o‘g‘limga o‘zbek xonadonidan kelin oldim. Hayotlari yaxshi. Hozir paxta chopig‘iga ketishgan,” deydi Sobira aya menga.

Aya yo‘l ko‘rsatganlaridek, men yosh kelinchak Zilolani paxta dalasidan topdim. U chopiq bilan band edi. Zilolani ish ustida suhbatga tortdim.

“O‘zbek qirg‘iz, deb ajratib o‘tirmadim. Chunki bundan avval bir-birimizni hech qachon ajratmaganmiz. Bularning hammasi iyun voqealaridan keyin paydo bo‘ldi. Men hammamiz musulmonmiz, deb qaraganman. Kelin bo‘lib tushganimdan keyin, televideniyedan muxbirlar kelib, o‘zbek-qirg‘iz oila quribdi, o‘zbek-qirg‘iz oila quribdi, degan gapni chiqarishdi. Men bunaqa gapni bilmasdim,..” deydi iymanibgina Zilola.

Sizlarning oila qurish qaroringizga qarindosh-urug‘laringiz, ota-onangizning munosabatlari qanday bo‘ldi, deb uni suhbatga tortishda davom etaman.

“Yo‘q, yaqinlarim ham qarshilik qilishgani yo‘q. Ular ham xuddi mendek o‘ylashadi. Sen o‘zbek, sen qirg‘izsan, deb hech qachon ajratishmagan, aralashib ketishgan. Chunki mahallada aralash yashaymiz. Endi, birorta esi yo‘q shunday deb aytmagan bo‘lsa, boshqa hech kim bunday demasdi,” deydi u menga.

Milliy nizolar oilaviy munosabatlaringizga qaysidir ma‘noda ta‘sir qildimi, degan savolimga esa, qat‘iy bo‘lmasa-da, “Yo‘q, hech sezmadim,” deydi. Yon-atrofdagi paxta chopiq qilayotgan dugonalari esa, "Ularni kechirolmaydi," deb o‘z fikrlarini bildirishadi.

Suhbatimizga Zilola bilan yonma-yon paxta chopiq qilayotgan opasi qo‘shiladi.

“Singlimning to‘yi urushdan keyin bo‘ldi. Ammo men norozi bo‘lmadim. Singlimni qirg‘izga berdim deb hech qachon achinmayman. O‘zbek, qirg‘iz azal-azaldan birga yashab kelishgan. Bundan keyin ham bahamjihat yashashsin, urush bo‘lmasin,” deya niyat qiladi Xadicha opa.

Aralash nikoh qurganliklari uchun mahalliy hokimiyat yangi oilaga qariyb 2.000 AQSh dollari miqdorida mukofot puli bergan.

Men agar sir bo‘lmasa, bu pulni nimaga sarf qildinglar, deb Ziloladan so‘rayman.

“Qaynota, qaynonam bundan ancha avval besh xonali uy solib qo‘yishgan ekan. Ammo qarovsiz yotgan ekan. Shuni remont qildirdik. Alohida ko‘chib chiqdik,” deydi u.

Men paxta dalasidan yo‘limni Saroy qishloq kengashiga solaman. Idoradagilar esa, yosh oilaga buncha katta miqdordagi pul mukofotini qonli nizolardan keyin millatlararo totuvlikni targ‘ib etish uchun berishganini aytishadi.

Arslonning onasi, Zilolaning qaynonasi bo‘lmish Sobira aya esa, kelinidan mamnun:

“Shuncha yillardan beri o‘zbeklar bilan aralash yashaymiz. Kichkinaligimizdan mol boqib, dalalarda birga yurganmiz. Yaxshi yomon bo‘lgan joyimiz yo‘q edi. Bir-birlariga ko‘ngillari bor ekan, o‘g‘limga olib berdim. Kelinim yaxshi. Sahar turadi, uylarni yig‘ishtiradi, ko‘cha-kuyni supiradi,” deydi Sobira aya.

Qishloqdagilar orasida Arslon bilan Zilolaning to‘yidan keyin bunday to‘ylar ko‘paysa kerak, deguvchilar ham oz emas.

Mahalliy mas‘ullarga ko‘ra, milliy nizolargacha o‘zbek-qirg‘iz oila quribdi, deb alohida ro‘yxatga olish, boshqa qilish, degan narsalar bo‘lmagan.

Chunki millatlararo munosabatlar qay ko‘rinishda bo‘lish-bo‘lmasligidan qat‘inazar, bu ikki millat qadam-qadimdan qiz olib, qiz berib kelishgan.

Ammo zo‘ravonliklarda har ikki tomon ham yaqinlarini boy berishgan emasmi, bugun ular aksariyatining to‘yu a‘zasi ham bo‘lak.

Avvalroq men bilan so‘zlashishga rozi bo‘lgan aralash oilalar esa, negadir so‘nggiga kelib suhbatimizni yaxshi kunlarga qoldirishni iltimos qilishdi.

Ayrim o‘zbeklar esa, millatlarini qirg‘iz, deb yozdirish uchun umuman pasportlarini ham almashtirishmoqda.

Men esa, eng so‘nggida Ziloladan nikoh to‘yi aks etgan bir nechta fotosuratlarini olib, Saroydan yana O‘shga qaytaman...