BBC o‘z muxbirining zudlik bilan ozod etilishini talab qiladi

Image caption O‘rinboy Usmon o‘n yildan beri BBC muxbiri bo‘lib ishlab keladi

BBC muxbiri O‘rinboy Usmonovning hibsga olinishiga doir BBC bayonoti

BBC o‘zining Tojikistondagi muxbiri O‘rinboy Usmonovning hibsga olingani yuzasidan chuqur xavotir izhor etadi.

O‘rinboy Usmonov BBC Markaziy Osiyo Xizmatida o‘n yildan beri ishlaydi. Uning oilasi O‘rinboy Usmonov 13 iyun kuni ishga ketgani bilan uyga qaytmagani haqida xabar qilgan edi.

14 iyun kuni uning oila a‘zolari va hamkasblarining qidiruvlaridan keyin O‘rinboy Usmonov Tojikiston xavfsizlik xizmatining bir necha xodimi bilan o‘z uyida paydo bo‘ladi.O‘rinboy Usmonovning oilasiga ko‘ra, aftidan u kaltaklangan.

Uning uyi xavfsizlik xizmati zobitlari tomonidan tintuv qilingan va uni yana xavfsizlik xodimlari olib ketishgan.

Shundan beri O‘rinboy Usmonovning oilasiga u bilan ko‘rishish uchun ruxsat berilmagan.

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, Usmonov janoblari Tojikistonda ta‘qiqlangan “Hizbut-Tahrir” partiyasiga aloqadorlikda ayblanmoqda. O‘rinboy Usmonov kasbiy faoliyati davomida BBC uchun mamlakatdagi sud jarayonlari va “Hizbut-Tahrir”ning faoliyatiga doir xabarlar tayyorlab kelgan.

BBCda O‘rinboy Usmonovning “Hizbut-Tahrir”ga aloqador degan da‘volarga ishonish uchun hech bir asos yo‘q.

Image caption Britaniya elchixonasi O‘rinboy Usmon taqdiridan xavotirda

BBC Usmonov janoblariga nisbatan nomaqbul munosabat, jumladan uning hibsdaligi payti himoyachi olish huquqi rad etilganini qattiq qoralaydi.

BBC Usmonov janoblarini zudlik bilan ozod etilishini talab qiladi.

Buyuk Britaniyaning Tojikistondagi elchixonasi bayonoti

Biz BBCning Shimoliy Tojikistondagi muxbiri O‘rinboy Usmonovning 14 iyun kuni “Hizbut Tahrir”ga a‘zolik gumonlari bilan hibsga olingani va unga nisbatan nomaqbul munosabatda bo‘lingani xabarlardan xavotirdamiz.

Biz Tojikiston mulozimlaridan ayni masalaga imkon qadar zudlik bilan oydinlik kiritishga chaqiramiz.

Buyuk Britaniya Ovro‘po Ittifoqidagi hamkorlari bilan birga Tojikiston mulozimlariga mamlakatda matbuot erkinligi masalasi muhim ekanini urg‘ulaydi.

Biz Tojikiston hukumatining mamlakatda barqarorlik va xavfsizlikni ta‘minlash borasida harakatlarini e‘tirof etamiz va qo‘llab quvvatlaymiz, ammo Tojikiston mulozimlari o‘z faoliyatlarini xalqaro majburiyatlariga muvofiq ravishda olib borishi lozimligini ta‘kidlaymiz.