Prezident Nazarboyev Avstriyadan sobiq kuyovini ekstraditsiya qilishni so‘radi

Фото муаллифлик ҳуқуқи bbc
Image caption Rohat Aliyev o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etadi

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Avstriyani qotillikda ayblanayotgan sobiq kuyovi Rohat Aliyevni topshirish haqida ogohlantirgan.

Qozog‘iston davlat matbuotiga ko‘ra, janob Nazarboyev bu haqda mamlakat kuch tizimlari rahbarlari bilan uchrashuv chog‘ida gapirgan.

2007 yilga qadar Qozog‘iston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarboyevaning turmush o‘rtog‘i bo‘lgan va hukumatda yuqori lavozimlarni egallagan Rohat Aliyev vatanida ikki yuqori martabali bankirni o‘g‘irlash va o‘ldirishda ayblanadi.

Qozog‘iston mahkamasi uni odam o‘g‘irlashda aybdor deb topib, sirtdan uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etgan.

"Siz bankirlarning o‘limi uchun javobgar bo‘lga jinoyatchilarning ekstraditsiya qilinishi va qonun oldida javob berishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rishingiz kerak", -deb aytgan janob Nazarboyev yuqori martabali prokurorlar bilan uchrashuv chog‘ida.

"Avstriya bizning hamkorimiz va bu davlat bilan salmoqli iqtisodiy aloqalarga egamiz. Endilikda Avstriya rasmiy idoralari bu jinoyatchilarni ekstraditsiya qilmaslik uchun hech qanday asosga ega emas", -deb aytgan janob Nazarboyev.

Chorshanba kuni Qozog‘iston prokurorlari Prezidentning sobiq kuyovi 2007 yilda "Nurbank"ning ikki yuqori martabali mulozimlarini o‘ldirishda ayblanayotganini e‘lon qilishgan.

Joldas Timraliyev va Ayber Hasanovlarning jasadi o‘tgan oy Olma-Ota chetidagi tog‘ etagidan topilgan.

Bankirlar 2007 yilda janob Aliyev bilan kelishmovchilikdan so‘ng o‘g‘irlab ketilgani aytiladi.

Rohat Aliyev ularning o‘g‘irlanishi va o‘ldirilishiga aloqadorligini rad etib keladi.

U o‘ziga qarshi ayblovlarni "davlat tomonidan tashkillashtirilgan fitnaning bir qismi" deya tasvirlagan.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari bo‘lgan janob Aliyev 2007 yilda Prezident Nazarboyevni sovet uslubidagi yakkahokimlikda ayblashi ortidan Avstriyadagi elchilik lavozimidan chetlatilgan.

U o‘zining prezidentlik intilishlari uchun ta‘qib etilganini da‘vo qilgan.

Avstriya janob Aliyev vatanida adolatli hukm etilmasligi mumkin, degan vaj bilan qozoq prokurorlarining ekstraditsiya haqidagi so‘rovlarini rad etib keladi.

Kuzatuvchilar janob Nazarboyevning Rohat Aliyevni qamoqqa tashlash qarori ortida shaxsiy adovat turganiga ishonishadi.