O‘rinboy Usmonov: "Bu mening ishim bilan bog‘liq"

Image caption Ўринбой Усмонов душанба куни бедарак кетиши ортидан ҳибсга олингани маълум бўлган

To‘rt kundan buyon Tojikiston shimolidagi qattiq tartibli hibsxonada yaqinlari va himoyachisidan ixotalab qo‘yilgan O‘rinboy Usmonovning taqdiridan xavotirlar ortib bormoqda.

Payshanba kuni ertalab Xo‘janddagi Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi hibsxonasiga oziq-ovqat va kiyim-kechak olib borgan yaqinlariga nozirlar tergovchi yo‘qligi vajidan mahbusni ko‘ra olmasliklarini aytishgan.

"Egulik va kiyimlarni olib qolishdi, ammo ular yetib boradimi, yo‘qmi, bilmaymiz", deydi O‘rinboy Usmonovning o‘g‘li Oybek Usmonov.

Chorshanba kuni hibsdagi BBC muxbiri bilan uchrashish uchun borgan himoyachisi Fayziniso Vohidovaga xavfsizlik xizmati mas‘ullari O‘rinboy Usmonovning tibbiy ko‘rik uchun boshqa joyga olib ketilganini aytishgan.

Yaqinlari shu yil aprelida qand kasali tashxisi qo‘yilgan 60 yoshli O‘rinboy Usmonovning sog‘ligidan jiddiy xavotir bildirishmoqda.

Oybek Usmonovning aytishicha, hibsga olinganidan bir kun o‘tib, hibsxona nozirlari unga dadasining "ichi og‘riyotgani"ni aytishgan va og‘riq qoldiruvchi dorilarni olib kelib berishni so‘raganlar.

"Men o‘zlarining boshqa dorilarini ham qo‘shib, olib borib berdim. Chunki qay ahvolda ekanliklarini bilmaymiz" deydi Oybek Usmonov.

Tergovchi Said Saymuddinov yaqinlariga mahbusning "ahvoli yaxshi" ekanini aytgan.

BBC va Britaniyaning Dushanbedagi elchixonasi O‘rinboy Usmonovning hibsga olinishini qoralagan va uni zudlik bilan ozod etishga chaqirgan.

Qiynoq xavotirlari Payshanba kuni tushdan so‘ng tergovchi bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lgan himoyachi Fayziniso Vohidova BBCga O‘rinboy Usmonovning "Hizbu Tahrir" noqonuniy diniy guruhiga a‘zolikda ayblanayotganini tasdiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘rinboy Usmonovning hibsga olinishiga sanktsiya bergan mahkama mulozimi uning "himoyachidan voz kechganini" aytgan.

Fayziniso Vohidova juma kuni O‘rinboy Usmonov bilan uchrashuv belgilangani va uchrashuvda himoyachidan voz kechgan yoki yo‘qligi haqida uning o‘zidan so‘rash niyatida ekanini aytdi.

U hozircha O‘rinboy Usmonovning qanday sharoitda saqlanayotgani, unga nisbatan qiynoq qo‘llab-qo‘llanmayotgani haqida ma‘lumoti yo‘qligini bildirdi.

Hibsga olishning qanchalik qonuniyligi haqidagi savolga javob berarkan, "bu borada savollar bor, ammo bu savollarga faqat O‘rinboy bilan uchrashuvdan so‘nggina javob olishim mumkin", - dedi himoyachi.

Yaqinlariga ko‘ra, O‘rinboy Usmonov seshanba kuni uyida tintuv o‘tkazish uchun olib kelingan payt do‘pposlangan alfozda ko‘ringan.

"Ko‘zlari qizargan, gapirishga qiynalardilar, kiyim-kechaklari aftoda holda edi. Qiynalganlari ma‘lum", deydi jurnalistning o‘g‘li Oybek Usmonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dadasi uyda tintuv o‘tkazgan xavfsizlik xodimlari qurshovida olib ketilishidan avval "bu kecha omon qolmasam kerak", deb aytgan.

"Bu mening ishim bilan bog‘liq"

Yaqinlarining aytishlaricha, seshanba kuni Xo‘jandning Bobojon G‘afurov tumanidagi uyida o‘tkazilgan tintuvdan so‘ng, xavfsizlik xodimlari qurshovida olib ketilishidan avval O‘rinboy Usmonov o‘zining hibsga olinishi jurnalistik faoliyati bilan bog‘liq ekanini aytgan.

"Tuhmat qilganlarni Ollohga topshirdim. Bu mening kasbim bilan bog‘liq", deya uning so‘zlaridan qitibos keltirishadi yaqinlari.

O‘rinboy Usmonov 13 iyun kuni soat 14 lar chamasi BBCning Xo‘janddagi idorasidan chiqqanidan so‘ng bedarak ketgan.

O‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, keyinroq uning Xo‘jand viloyat hukumatida bo‘lgani ayon bo‘lmoqda.

"Dadam 2012 yilda Hajga borish uchun o‘zlari va onamning hujjatlarini topshirishga borganlarini bildik. U yerdagi din ishlari bo‘yicha mas‘ul buni tasdiqladi", deydi Oybek.

Uning aytishicha, O‘rinboy Usmonov Xo‘jand viloyat hukumati binosini soat 16 larda tark etgan.

Uning aynan qayerda va qanday hibsga olingani qorong‘u.

Tuni bo‘yi mijja qoqmay, jurnalistning mobil telefoniga qo‘ng‘iroq qilib chiqqan yaqinlari 14 iyun kuni tongda shahar va viloyat shifoxonalaridan uning izini topmaganlaridan so‘ng, militsiyaga murojaat qilishgan.

"Men militsiya idorasida ekanimda, soat 2 larda uydan telefon qilib, dadamni olib kelishganlarini aytishdi", deydi Oybek.

Ayblovlar Xabar agentliklari Tojikiston ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Mahmadullo Asadulloyevning "Usmonov Hizbu Tahrirga 2009 yilda a‘zo bo‘lib kirgan" degan so‘zlarini keltirmoqda.

O‘rinboy Usmonov tojik huquq-tartibot idoralari mamlakat shimoli va poytaxt Dushanbeda ayni guruh a‘zolariga qarshi amaliyotlar o‘tkazishi ortidan hibsga olingan.

Ushbu amaliyotlarda "Hizbu Tahrir"ning "Tojikistondagi amiri" ekani aytilayotgan Sharifjon Yoqubov hibsga olingan.

Rasmiylarga ko‘ra, 43 yoshli Yoqubov o‘tgan yili Dushanbega ko‘chib ketishidan avval Xo‘jandning Bobojon G‘afurov tumanida istiqomat qilgan.

Chorshanba kuni Londondagi qarorgohidan e‘lon qilingan bayonotda BBC O‘rinboy Usmonovning "Hizbu Tahrir"ga biron bir shaklda aloqasi bo‘lishi mumkinligi ehtimolini rad etgan.

"O‘rinboy Usmonov kasbiy faoliyati davomida BBC uchun mamlakatdagi sud jarayonlari va “Hizbut-Tahrir”ning faoliyatiga doir xabarlar tayyorlab kelgan. BBCda O‘rinboy Usmonovning “Hizbut-Tahrir”ga aloqador degan da‘volarga ishonish uchun hech bir asos yo‘q", deyiladi BBC e‘lon qilgan bayonotda.

Tojikiston Jurnalistlar Uyushmasi BBC muxbiri O‘rinboy Usmonovning hibsga olinishi bilan bog‘liq vaziyatni yaqindan kuzatayotganini aytgan.

Tojikistonda Mustaqil Matbuot milliy uyushmasi raisi Nuriddin Qarshiboyev uning tashkiloti O‘rinboy Usmonovga huquqiy yordam ko‘rsatishga tayorligini bildirgan.