"Tojikistonda 200.000 ga yaqin bola o‘z oilasini boqishga majbur"

Xalqaro Mehnat Tashkilotiga ko‘ra, o‘zi va oilasining qornini to‘ydirish uchun bugun Tojikistonda ikki yuz mingtacha bola qora mehnat bilan shug‘ullanishga majbur.

Xabarlarga ko‘ra, so‘nggi ma‘lumotlar ekspress-tadqiqot natijasida qo‘lga kiritilgan.

Tadqiqot natijalaridan ayon bo‘lishicha, chekka hududlarda bolalar pul topish uchun qishloq xo‘jalik va har xil uy yumushlarini qilishadi. Paxta va tamaki dalalarida ter to‘kishadi.

Shahar joylarida esa, bozoru do‘konlarda ishlab, pul topishadi.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti o‘z hisob-kitoblaridan kelib chiqib, ulardan 10 foizi umuman maktab yuzini ko‘rishmaganini aytadi.

Tashkilot "ishchi" bolalarning yoshi yasharib borayotgani, bugun 5 yoki 6 yoshli bolalarning mehnat qilishi odatiy tus olganini urg‘ulaydi.

Ayon bo‘lishicha, ro‘zg‘or tebratishga majbur bolalar aksariyatining otasi yo‘q yoki mehnat muhojirligida band.

Erkaklarning muhojiratda ekanliklari "ishchi" bolalar sonining oshishiga jiddiy ta‘sir ko‘rsatgan. Chunki otalari yo‘q paytda farzandlari ro‘zg‘or tebratish mas‘uliyatini o‘z zimmalariga olishga majburlar, deydi xalqaro tashkilot.

Tashkilotga ko‘ra, ish sharoitlarining yomonligi, og‘ir jismoniy mehnat, yetarlicha dam olmaslik va to‘yib ovqatlanmaslik bolalarning sog‘liklariga ta‘sir etmay qolmaydi.

Tadqiqot natijalaridan ayon bo‘lishicha, bir bolaning kundalik tashigan yuki 800 kilogrammgacha yetishi mumkin ekan.

Ammo xalqaro tashkilot so‘nggi raqamlar ham Tojikistondagi haqiqiy manzarani aks etdirolmasligini urg‘ulaydi.

Ular bolalar mehnati bilan bog‘liq muammoning butun ko‘lamini aniqlash uchun tez orada butun Tojikiston bo‘ylab tadqiqot olib borishmoqchi.

Aholisining soni ( 7.5 million) uncha ko‘p bo‘lmasa-da, Tojikiston sobiq Sho‘rolar hududidagi eng qashshoq davlatlardan biri sanaladi.

Tojikistonda aholining qariyb yarmiga yaqini nochorlikda hayot kechirishadi.

Bir milliondan ortiq tojikistonlik esa, pul topish ilinjida mehnat muhojirligida band.

O‘zbekiston

O‘zbekiston ham bolalar mehnatidan foydalanuvchi davlat sifatida eng ko‘p tanqid qilinuvchi mamlakatlardan biri hisoblanadi.

Ayniqsa, O‘zbekistonning asosiy eksport mahsulotlaridan biri hisoblangan paxta yig‘im-terimida bolalar mehnatidan majburiy foydalanish muntazam tus olgani yaxshi hujjatlashtirilgan.

Ammo Toshkent rasmiylari buni davomli ravishda inkor etib keladilar.

O‘zbekiston prezidenti yaqinda bolalar mehnatining eng yomon ko‘rinishlarini taqiqlovchi xalqaro konventsiyani ratifikatsiya qilish haqidagi qonunga ham imzo chekkandi.

Lekin ba‘zi sharhlovchilar va mutaxassislar buni xo‘jako‘rsinga qilingan harakat sifatida baholashadi.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti esa, ana shu konventsiyalarni amalga tadbiq qilish jarayoni qanday kechayotgani bilan qiziqib, bu borada o‘z tekshiruvlarini o‘tkazish niyatini izhor etib keladi.

O‘tgan yil Olmoniyaning Inson huquqlari bo‘yicha komissari Markus Loyening rasmiy Toshkentdan bunga izn berishini talab qilgandi.

Janob Loyening bolalar mehnati masalasida shaffoflik yaratilishi, tekshiruvchilar O‘zbekistonga kiritilishi va vaziyatni o‘rganishlari lozimligini ta‘kidlagandi.

So‘nggi yillarda qator G‘arb shirkatlari O‘zbekistonga paxta dalalarida bolalar mehnatidan foydalanishni to‘xtatish talabi bilan chiqishgandi.

Mahalliy kuzatuvchilar o‘z oilalalarini boqish uchun turli qora yumushlarda band bolalarning soni ham O‘zbekistonda ozmuncha emasligini aytishadi.

Biz birgina Jizzax viloyati bo‘yicha vaziyatni bilish uchun mahalliy inson huquqlari faoli Baxtiyor Hamroyev bilan bog‘landik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Dunyo

Xalqaro Mehnat Tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab mehnatda band bolalarning soni qariyb 215 millionga yetadi.

Ular ayni muammo bir yoki ikkita davlat bilan cheklanmay, global tus olganligini ham urg‘ulashadi.

Bu kabi bolalarning yarmidan ko‘prog‘i esa, eng oddiy insoniy erkinliklar va huquqlardan mahrum ekanliklari aytiladi.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti bolalar mehnati inson huquqlari bilan bog‘liq masala ekanini urg‘ulaydi.

Tashkilotga ko‘ra, bu kabi hollar aniqlanmog‘i va zudlik bilan bartaraf etilmog‘i lozim.