Iyun qirg‘ini: O‘sh va Jalol-Obod kimdan yordam kutgandi?

O‘sh xunrezligi ilk soatlardayoq butun mintaqani inqirozga ro‘baro‘ keltirdi.

Qirg‘iz to‘dalari hujumlaridan jon saqlash uchun yuz minglab o‘zbeklar O‘zbekiston tarafga qarab qochishardi.

Tutuni osmonga o‘rlagan O‘shdan kelayotganlar yo‘lda duch kelgan insonga bir savolni berishardi - O‘zbekiston yordam berarmikan?

O‘zbekiston yirik qochqinlar oqimiga chegarasini ochishga majbur bo‘ldi.

Ammo chegaraga kelolmagan O‘sh va Jalol-Obod ahli hamon hujum ostida edi.

Qirg‘iziston muvaqqat hukumati vaziyatni nazorat qila olmay qolgan.

O‘zbeklar esa, davlat harbiylari bizga qarshi o‘t ochmoqda, deb aytishardi.

Ko‘pchilik nazdida - qutqaruvchi kuch faqatgina chetdan kelishi mumkin edi.

Qirg‘iziston muvaqqat prezidenti Roza O‘tinboyeva ham buni tan olib, ilk kunlariyoq Rosssiyadan yordam so‘rab chiqdi.

"Vaziyat quyushqondan chiqib ketayapti. Biz bugun qandaydir uchinchi kuchlar kiritilishiga ehtiyojmandmiz. Shu masalada biz yordam so‘rab, Rossiyaga murojaat qildik. Men prezident Medvedev nomiga bu borada yozilgan maktubga imzo chekdim," - degan edi Roza O‘tinboyeva.

Ammo Rossiya harbiy aralashuvni istamadi. Xuddi shunday O‘zbekiston ham.

Markaziy Osiyo davlatlari bu borada qat‘iy biron yo‘l tutishga shoshilayotgan ko‘rinishmasdi.

Natijada O‘shning o‘zbeklar zich yashovchi qator mahallalari vayronaga aylandi.

Ko‘plab insonlar qurolli to‘dalar qarshisida himoyasiz qoldilar.

Ayollar, bolalar va yarador qochqinlarni qabul qilgan O‘zbekiston bir necha kun ichida ularni ortga qaytarib yubordi.

Qirg‘iziston o‘zbeklari vayrona uylariga, mavhumiyat bag‘riga qaytisharkan, O‘zbekiston ular uchun boshqa hech narsa qilmasligini anglab yetishgandi.

O‘zbek hukumati O‘sh va Jalol-Oboddagi zo‘ravonliklarda o‘zbek millati nishonga tushayotganini qayd etdi.

Keyinroq bu borada xalqaro tekshiruv o‘tkazilishini talab qildi.

Lekin Toshkent zo‘ravonlik uchun uchinchi kuchlarni aybladi.

Biroz o‘tib, prezident Islom Karimov O‘zbekiston Qirg‘izistonning ichki ishiga aralashmasligini bildirdi.

Janob Karimov, "Tashqaridan turib qilingan bu ishlardan asl maqsad - ikki millat urushyapti deb, bu mojaroga O‘zbekistonni aralashtirish bo‘lgan. Ammo O‘zbekiston bu kabi mojarolarga qo‘shilmaydi," degan mazmunda chiqish qildi.

Yuz minglab janubiy qirg‘izistonliklarning O‘zbekiston va Rossiyaga tikkan umidlari shu asno puchga chiqdi.

Biroq, ko‘pchilik nazdida, O‘sh voqeasiga harbiy yo‘lda aralashmagan O‘zbekiston nizoning mintaqaga sachrab ketishini to‘xtatib qoldi.

Olma otalik tahlilchi Aleksandr Knyazevga ko‘ra, O‘sh inqirozi payti mintaqa rahbarlari juda to‘g‘ri yo‘l tutishgan.

"Menimcha, o‘tgan iyunda Qirg‘iziston janubidagi voqealarga nisbatan Rossiya ham, O‘zbekiston va Qozog‘iston ham juda maqbul yo‘l tutishdi. Chunki ular aralashgan taqdirlarida davlatlararo qon to‘kilardi. Ayniqsa, O‘zbekiston. Shuni aytish joizki, O‘zbekiston rahbariyati juda to‘g‘ri ish tutib, nizoga harbiy yo‘lda bosh qo‘shmadi. Balki siyosiy va insonparvarlik nuqtai nazaridan yondashdi", - deydi tahlilchi.

Ammo ko‘plab faollar O‘zbekistonni qochqinlarga nisbatan yetarlicha bag‘rikenglik qilmaslikda, ularni qariyb kuch bilan ortga qaytarib yuborishda ayblashadi.

2009 yilgacha O‘shda xalqaro nohukumat tashkiloti safida ishlagan Meri Poul O‘zbekiston ko‘proq ish qilishi mumkin edi, deb aytadi.

"O‘zbekiston ko‘proq qo‘llab-quvvatlashi mumkin edi. Adashmasam, O‘zbekiston zo‘ravonlikning ikkinchi kunigacha chegarani ochmadi. To‘g‘ri, ko‘p sonli odamlarni qochqinlar jamlog‘iga olishdi. Ammo qochqinlar O‘zbekistonda hali qolish istagida bo‘lishsa ham, xabarlarga ko‘ra, ularni aldab-suldab orqaga jo‘natib yuborishgan. Bunday harakat esa, xalqaro qonunlarga zid tushadi. Zo‘ravonlikka qarshi xalqaro doirada ham yetarlicha xatti-harakat kuzatilmadi. Xullas, Qirg‘izistondagi juda ko‘plab O‘zbeklar o‘zlarini O‘zbekiston tashlab qo‘ygandek his qilishdi", - deydi u.

O‘zbekistonlik kuzatuvchilarga ko‘ra, rasmiy Toshkent O‘sh inqirozini hech qachon unutmagan.

Lekin mintaqada boshqa davlatlar bu borada yetarlicha qo‘llab-quvvatlashgani yo‘q.

Yozuvchi Yoqubjon Xo‘jamberdiyevga ko‘ra, mintaqadagi barcha siyosiy rahbarlar bu borada gapirishlari kerak edi.

"Bu narsa Markaziy Osiyo rahbarlaridan lozim edi. Hech kim hech narsa demadi. Ular o‘zlarini go‘yo bu faqat O‘zbekistonning muammosidek tutishdi. O‘zbekiston rahbari Birlashgan Millatlarning Ming yillik yig‘inida ham, ODKB uchrashuvlarida ham bu borada gapirdi. Boshqalar ham gapirishi, munosabat bildirishi kerak edi", - deydi Yoqubjon Xo‘jamberdiyev.

Biroq bunday bo‘lmadi. O‘sh xunrezligi borasida, hatto, mintaqada ham kam gapirildi.

Natijada esa, Qirg‘izistondagi ozchiliklar ahvoliga qandaydir ma‘noda ko‘z yumilgandek tasavvur qoldi.

Meri Poul zo‘ravonlikdan keyin O‘shga borgan. So‘nggi ahvolni kuzatgan.

Uning aytishicha, Qirg‘iz hukumati bugun o‘zbeklarni ta‘qib ostiga olgan va jarohatni davolash emas, balki yashirish yo‘lini tanlamoqda.

"Men O‘shning Cheryomushki mahallasiga borib, odamlar bilan gaplashdim. Bir necha kun vayronalar oralab, dahshatli voqealarni boshidan kechirgan insonlar bilan gaplashdim. Tiriklayin uyida yoqib yuborilgan insonlar, butunlay vayron qilingan tijoratlar, qarindoshlari olida zo‘rlangan qizlar borasida aytib berishdi. Bu hodisalarning tasviriy va video-dalillari bor. Xalqaro tekshiruv ham bu kabi voqealarni qayd etdi. Ammo Qirg‘iz rasmiylari bu holatlarni rad etishmoqda. Ular nafaqat inkor qilishmoqda, balki hali-hamon muntazam ravishda milliy ozchiliklarni ta‘qib qilishmoqda. Hozir Qirg‘izistonda faqat Qirg‘iz millati tan olinmoqda. Qirg‘iz davlatining o‘zi o‘zbeklarga qarshi bo‘lib qolgan. Davlat adolat o‘rnatishni emas, balki bo‘lib o‘tgan zo‘ravonlikni yashirishga urinmoqda", - deydi u.

Bugun Qirg‘izistondagi ozchiliklar tajovuzkor millatchilikdan qo‘rqib yashashmoqda.

Ko‘pchilik Qirg‘izistondagi tajovuzkor millatchilik muammosi bartaraf etilishi zarurligini ta‘kidlaydi.

Aks holda bu illat azaldan turli millatlar yonma-yon yashab kelgan mintaqa uchun tahdid solishi mumkin.

Xalqaro kuzatuvchilarga ko‘ra, kelajakda yana shu kabi xunuk nizo yuzaga kelmasligi, ko‘p tarafdan, mintaqaviy hamkorlikka ham bog‘liq.

Qurolli nizolar va ularni bartaraf etish dasturi rahbari Doktor Neyl Kelvin bu o‘rinda O‘zbekiston va Rossiya yetakchi o‘rin tutishini aytadi.

"O‘zbekiston bu o‘rinda juda muhim mamlakat. Rossiyaning ham o‘rni ahamiyatli. Bu ikki davlat xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda ish tutib, Qirg‘izistondagi milliy ozchilikliklar integratsiyasini ta‘minlash muhimligini Qirg‘iz siyosatchilariga anglatishlari kerak. Ayni damda bu milliy ozchiliklarning muayyan haq-huquqlarini Qirg‘izlar tan olishi yo‘lida ham harakat qilishlari lozim. Bu kabi bir yondashuv hozir juda muhim. Aks holda, hozirgi holat mintaqa xavfsizligi borasida turli savollarni yuzaga chiqaradi", - deydi Neyl Kelvin.

Biroq mintaqadagi kuzatuvchilarga ko‘ra, bu kabi inqiroziy holatlarga tezkor javob berish uchun Markaziy Osiyo ichkarisida hamkorlik yetishmaydi.

Toshkentdagi yozuvchi Yoqubjon Xo‘jamberdiyevning o‘ylashicha, mintaqa davlatlari kerakli choralar borasida jiddiy o‘ylab ko‘rishlari darkor.

"Balki parlament doirasidami, boshqa yo‘ldami, ishqilib, bu kabi hollarga tezlik bilan javob berish yo‘lini muboyasa etishlari kerak. Bu kabi inqirozlarni zudlik bilan hal etish yo‘lida Markaziy Osiyo davlatlari o‘zlari harakat qilishi kerak", - deydi u.

Bir millat yetakchiligida davlatchilik barpo etish g‘oyasi bugun deyarli butun sobiq Sovet Ittifoqida kuzatilayotgan holat.

80chi yillar oxirida kuchaygan millatchilik ehtiroslari hozir biroz tingandek ko‘rinadi.

Ammo milliy ozchiliklar haqlari kamsitib kelinishi va bir millatni ustun qo‘yish harakatlari hamon millatparvarlik shiori ostida amalga oshirilmoqda.

Aleksandr Knyazevning fikricha, bir millat yetakchiligida davlatchilik yuritish g‘oyasidan mintaqa haliyam voz kechishi kerak.

"Eng avvalo mamlakat rahbariyati bir millatni yetakchi va yuqori turadigan millatga aylantirmasligi kerak. Ayniqsa, o‘sha mamlakat nomini ko‘p sonli bir millat nomida atab, keyin xuddi ana o‘sha millatni yetakchiga aylantirishni to‘xtatish kerak. Ya‘ni iqtisod, davlat boshqaruvi, siyosat, tijorat, madaniyat va ta‘limda ham faqat ana shu bir millatni yetakchiga aylantirish harakatlarini bas qilish lozim. Afsuski, bu hozir hamma sobiq Sovet Respublikalarida davom etmoqda", - deydi tahlilchi.

Bir necha yil ilgari ham Markaziy Osiyodagi "demokratiya orolchasi" deb atalgan Qirg‘izistondagi bu voqelik - butun Markaziy Osiyo kelajagida demokratiyadan chekinishga yetaklashi mumkin, degan tahlikalar kuchaygan.

Ko‘pchilik nazdida - Qirg‘iziston tajribasi o‘zini oqlamagani tayin.

Mahalliy tahlilchi Alisher Hamidovning o‘ylashicha, xususan, qirg‘izistonlik o‘zbeklar uchun bugun demokratiya emas, balki erkinliklar cheklangan, ammo tinch mamlakat avlo ko‘rinmoqda.

"Men doimo Qirg‘izistondan faxrlanib kelganman. Biz o‘zbeklar kamsitilsak ham, bu kamsitishlar haqida ochiq gapira olardik. Biroq mana bu voqealar ortidan shunga amin bo‘ldikki, demokratiyani kuchli xavfsizlik idoralari himoyalamasa, u xunuk oqibatlarga yetaklashi mumkin ekan. Hozir ko‘plab qirg‘izistonlik o‘zbeklar balki bunaqa demokratiya emas, aksincha, O‘zbekistondagi kabi barqaror tuzum avlodir, deb o‘ylamoqdalar. Chunki, hech bo‘lmasa, bolalarimiz o‘lib ketishmaydi, deb o‘ylashadi", - deydi u.

Iyun nizosi ortidan o‘n minglab qirg‘izistonlik o‘zbeklar xorijga chiqib ketishdi.

Biroq aksariyat imkonsiz o‘zbeklar O‘sh va Jalol-Oboddagi xonavayron hayotlarini tiklashga intilmoqdalar.

Hozirgi holatda ko‘pchilik bir narsani yaxshi biladi - boshlariga og‘ir kun tushganda hech kim kelib ularni himoya qilmaydi.

Qirg‘iz davlati esa - yana bu kabi og‘ir kun qaytarilmasligini kafolatlashiga hali o‘zbeklarni ishontira olmagan.