Prezident Rahmonning ona shahrida yuz bergan tartibsizliklar yuzasidan jinoiy ish ochildi

Xatlon viloyati prokuraturasi Ko‘lobdagi futbol uchrashuvi ortidan kelib chiqqan tartibsizliklar bilan aloqadorlikda 5 kishiga qarshi jinoiy ish ochgan.

Ulardan ikki nafarining voyaga yetmaganlar ekani aytiladi.

Beshovlon ham "Bezorilik"da ayblanishmoqda.

Tartibsizliklar bilan aloqadorlikda kamida 20 kishining hibsga olingani aytilgandi.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi 14 iyun kuni yuz bergan hodisa yuzasidan kecha rasmiy bayonot ham bergan.

Unda tartibsizliklarga qo‘l urgan ishqibozlarning soni 100 cha bo‘lgani aytiladi.

Militsiya maxsus kuchlari ularni tarqatish uchun maxsus portlovchi uskunadan foydalanishga majbur bo‘lganliklari tan olinadi.

Ayon bo‘lishicha, yarim soat davom etgan noroziliklar chog‘ida ja‘mi 16 kishi yaralangan.

Vazirlik bayonotida jarohat olganlar barchasining Ko‘lob shahar kasalxonasiga keltirilganliklari, ulardan uch nafarining hanuz u yerda qolayotganliklari aytiladi.

Mas‘ullarga ko‘ra, ular ishqibozlar tomonidan otilgan tosh va portlovchi moddalar oqibatida turli ko‘rinishda tan jarohati olishgan.

Uchrashuv

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Tartibsizliklarga Tojikiston prezidentining o‘g‘li Rustam Rahmon sardorlik qiluvchi "Istiqlol" jamoasi g‘olib chiqqan uchrashuv sabab bo‘lgandi.

"Ravshan"(Ko‘lob) jamoasi o‘z stadionida ashaddiy raqiblariga 1:0 hisobida yutqazib qo‘ygandi.

Ko‘loblik ishqibozlar esa, adolatsizlikda ayblab, uchrashuv hakamlari va "Istiqlol" o‘yinchilarini toshbo‘ron qilishga tushishgandi.

Ularning da‘vo qilishlaricha, uchrashuv taqdirini belgilagan yagona to‘p o‘yindan tashqari holatda urilgan.

O‘sha paytda stadionda ja‘mi 20 mingga yaqin odamning bo‘lgani aytiladi.

Tartibsizliklar stadion tashqarisida ham davom etadi.

G‘azabnok ko‘lobliklar "Istiqlol" jamoasiga qarashli avtobus va mashinalarga hujum qilishadi.

Hodisa sathiga maxsus militsiya kuchlari yordamga yetib kelishadi.

Portlovchi moddalar va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz ishga solinadi. Havoga qarata o‘t ochishadi.

Shundan so‘ng norozi ishqibozlar shahar markaziga yo‘l olishadi.

Ko‘lob shahar Ichki ishlar boshqarmasi idorasi qarshisida tartibsizliklar uyushtirishga urinishadi.

Ammo huquq-tartibot xodimlari vaziyatni o‘z nazoratlari ostiga olishga muvaffaq bo‘lishadi.

Futbolchilar, militsiya xodimlari yoki hakamlarga biror bir ziyon yetmaydi.

Mamlakatning bosh hujumchisi

"Istiqlol" jamoasining sardori va hujumchisi Rustam Rahmon yana boshqa rahbarlik lavozimlarida ham ishlaydi.

Tojikiston prezidentining 24 yoshli o‘g‘li hukumat qoshidagi Bojxona xizmatining kontrabanda va bojxona qoidalarining buzilishiga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i, mamlakat Yoshlar Ittifoqi raisi muovini, Tojikiston Futbol Uyushmasi prezidenti o‘rinbosari va Osiyo Olimpiya qo‘mitasi a‘zosidir.

Rustam Rahmon 19 yoshida "Istiqlol" jamoasiga asos solganlardan biriga aylanadi. Klub Tojikiston chempioni sanaladi.

"Istiqlol" bu yilgi futbol mavsumida ham turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.

O‘zi bilan izma-iz kelayotgan "Ravshan" jamoasi bilan oralaridagi farq 4 ochkoni tashkil etib turibdi.

Ammo "Ravshan" ikkita o‘yin ko‘proq o‘tkazgan.

Tojikiston milliy chempionatida ja‘mi 11 ta klub to‘p suradi.