Freedom House: "BBC muxbiri O‘rinboy Usmonov zudlik bilan ozod etilsin"

Ovro‘po Ittifoqi BBC muxbiri O‘rinboy Usmonovning 13 iyun kuni hibsga olinishi va xavfsizlik kuchlari tomonidan unga ko‘rsatilgan nomaqbul munosabatdan jiddiy xavotirda ekanini bayon qilgan.

Xalqaro tashkilot tojikistonlik mas‘ullarni jurnalistga nisbatan nomaqbul munosabatda bo‘linganiga oid da‘volarni batafsil tekshirishga chaqirgan.

Ittifoq O‘rinboy Usmonov hibsga olingan paytda barcha qonuniy jarayonlarga to‘liq rioya etilmaganidan tashvishda ekanligini bildirgan.

Xalqaro tashkilot Tojikistonda matbuot erkinligining muhimligini urg‘ulashda davom etajagini bayon qilgan.

Tojik hukumatining mamlakatda barqarorlik va xavfsizlikni ta‘minlash yo‘lidagi sa‘y-harakatlarini tan olgan holda, ularni shaffof xalqaro huquqiy me‘zonlarga amal qilishga undashini ham aytgan.

27 davlatdan tashkil topgan Ovro‘po Ittifoqi dunyodagi eng yirik donor tashkiloti hisoblanadi.

Ittifoq 1992 yildan buyon Tojikistonga ko‘rsatgan yordam miqdori 500 million yevroni tashkil etadi.

Avvalroq AQSh va Ovro‘po ham BBC muxbirining hibsga olinishidan tashvishda ekanliklarini aytishgan va uni ozod etishga chaqirishgandi.

"Freedom House"

AQShda joylashgan "Freedom House" tashkiloti Tojikistondagi BBC muxbiri O‘rinboy Usmonovni ozod qilish chaqiriqlariga qo‘shilgan navbatdagi nufuzli xalqaro inson huquqlari tashkiloti bo‘lgan.

"Freedom House" tojik hukumatini O‘rinboy Usmonovni zudlik bilan ozod qilishga chaqirgan.

Avvalroq Parijda joylashgan "Chegara bilmas muxbirlar" va yana bir qator matbuot hamda inson huquqlari guruhlari Tojik hukumatini siyosiy va diniy mavzularni yoritishga taqiq qo‘yganlikda ayblashgandi.

Ayni paytda O‘rinboy Usmonov Xo‘janddagi Milliy Xavfsizlik qo‘mitasining hibsxonasida yettinchi tunni o‘tkazgan.

"Tojik rasmiylari ekstremizmga qarshi kurashdan o‘zgacha fikrni bo‘g‘ish va jurnalistlarning siyosiy jihatdan nozik mavzularni yoritishlariga to‘sqinlik qilishda foydalanib kelishadi. Biz tojikistonlik rasmiylarni Usmonovni ozod qilish va hibsdalik chog‘ida uning huquqlarini to‘la ta‘minlashga chaqiramiz", deyiladi "Freedom House" tashkiloti chiqargan bayonotda.

"Freedom House" 2011 yilgi hisobotida Tojikistonni erkin bo‘lmagan davlatlar va tojik matbuotini erkin bo‘lmagan matbuotlar sirasiga kiritgan.

Himoyachisi Fayziniso Vohidova hibsga olinishidan bir hafta o‘tib, bugun dushanba kuni O‘rinboy Usmonov bilan ko‘rishishga muvaffaq bo‘lgan.

U mijozining sog‘lig‘idan shikoyat etganini bildirgan.

Bundan bir necha oy burun O‘rinboy Usmonovning qand kasaliga chalingani aniqlangan. Uning yuragi ham xasta.

Shanba kuni Tojikistonning hukumatparast Pressa.tj nashri hibsdagi BBC muxbiri bilan bir suhbat chop etgan va unda O‘rinboy Usmonov o‘ziga qo‘yilayotgan "Hizbut-tahrir" a‘zosi, degan aybni qat‘iyan rad etgan.

Bugun BBCning O‘rinboy Usmonning hibsga olinishi atrofidagi vaziyatga doir yana bir bayonot e‘lon qilishi kutilmoqda.

Avvalgi bayonotida BBC o‘z muxbirini zudlik bilan ozod etishni talab qilgan va unga nisbatan qo‘yilayotgan ayblarni rad etgan.