Britaniya va Amerika elchixonasi vakillari BBC muxbiri oilasi bilan uchrashdi

Buyuk Britaniya va Amerika elchixonasi vakillari Tojikiston shimolidagi So‘g‘d viloyatiga safar qilib, 11 kundan beri hibsda qolayotgan BBC muxbiri O‘rinboy Usmonning oilasi va himoyachisi bilan uchrashishgan. Diplomatlar O‘rinboy Usmonning ishi har ikki elchixona diqqat markazida ekanini aytishgan.

"Ular, ayniqsa, Britaniya elchixonasi bu ish bo‘yicha qattiq ishlayotganini aytishdi. Ularga ko‘ra, elchixona har kuni BBCning Londondagi bosh idorasi bilan muloqotda va xabarlarni yaqindan kuzatib borayotgan ekan. Elchixona vakillari hibs xato bo‘lganini va biz xavotir bo‘lmasligimiz kerakligini aytib, dalda berishdi", deydi O‘rinboy Usmonning o‘g‘li Oybek Usmonov.

BBCga tushunilishicha, O‘rinboy Usmonning masalasi Prezident Rahmon va Amerika elchisi o‘rtasidagi uchrashuvda ham ko‘tarilgan.

'Biz O‘rinboy Usmonni tashlab qo‘ymaymiz'

Chorshanba kuni Londonda BBC jurnalistlari hibsdagi tojikistonlik hamkasblarini ozod etish talabi bilan namoyish o‘tkazdilar.

Namoyishda ishtirok etgan BBC Jahon Xizmatining boshlig‘i Piter Horroks BBC o‘zining Tojikistondagi muxbirini "tashlab qo‘ymasligini" aytdi.

"Biz O‘rinboy Usmonni tashlab qo‘ymaymiz. Barcha hukumatlarni Tojikiston hukumatiga imkon qadar bosim o‘tkazishga chaqiramiz," - deb aytgan Piter Horroks.

13 iyun kuni hibsga olingan O‘rinboy Usmon avvaliga Milliy Xavfsizlik Xizmati hibsxonasida saqlangan va kecha Ichki ishlar vazirligi tergov izolyatoriga o‘tkazilgandi. Jurnalistga nisbatan ekstremist tashkilotga aloqadorlik ayblovi qo‘yildi.

BBC o‘z muxbirining faoliyati ta‘qiqlangan Hizb ut-Tahrir firqasiga a‘zo ekani haqidagi da‘volar mutlaqo asossizligini aytadi.

BBC chiqargan bayonotda jurnalistlarning turli qarashdagi insonlar bilan suhbatlashish va barcha manbalarni maxfiy tutish haqidagi huquqlari himoya qilinadi.