O‘sh bozoriga o‘zbek tojirlari qaytishmoqda, ammo xavotirlar arimagan

Image caption Beshiksoz Alisher tinchlik bo‘lib turgani uchun Xudoga shukronalar aytadi

"Oldin savdogarlik qilardim. Biznesim bor edi. Hammasini tashib ketishdi" - deydi yig‘isini tuta olmay o‘shlik ayol suhbatdoshim -"Biznesim, qizlarimga yiqqan seplarim, hech narsa qolmadi. Bularni 25 yiqqanman. Mayli, ularga ham Olloh bordir".

Ilojsiz bu ayol yo‘qotgan ashyolari va tijorati uchun yetarli tovon olmagan. Talonchilar esa tutilgani yo‘q.

Bozor yaqinida qator-qator oshxona va do‘konlardan birini yuritgan bu ayol bugun hech vaqosiz qolgan. Bir yil oldin ishbilarmon bo‘lgan oilasi hozir yordamga muhtoj. U hatto o‘z muammolarini aytgani uchun nomini ham oshkor etishdan xavotirlanadi.

Nariroqda esa boshqa tadbirkor batamaom kuyib ketgan oshxonasini ta‘mirlash bilan ovora.

"O‘sha voqealardan beri ko‘chaga ham chiqib bo‘lmay qoldi. Boshqa tomondan kuyib ketgan oshxonamni tiklash uchun pul ham yo‘q" - deydi ismini aytmaslikni so‘ragan bu o‘shlik tadbirkor -"Mana bir yil o‘tdi, oshxonadan qolgan-qutgan temirlarni ishlatib, bir amallab ko‘tarib, tomini yopib oldik".

Ammo tomi yopilgan bo‘lsa-da, bu binoni oshxonaga aylantirguncha hali ko‘p mablag‘, mehnat va vaqt kerak ko‘rinadi. Qo‘shimcha mebelь va jihozlar sotib olish zarur. Ish boshlash uchun ham qo‘shimcha sarmoya lozim.

Yonib ketgan tijoratlar uchun berilayotgan tovon puli bir-ikki ming dollarni tashkil etmoqda. Bu mablag‘ esa hatto kichik tijoratni tiklashga ham yetmaydi.

"Hozir 150 ming so‘m kredit berishmoqchi" - deydi tadbirkor suhbatdoshim -"Ammo uni olsak, avvalo qarzlarimizni uzishimiz kerak. Aka-ukalarimizdan olgan qarzlarni-ku, ishlab uzarmiz. Lekin boshqa qarzlar ham ko‘payib ketdi shu bir yil ichida".

Bugun ko‘plab tadbirkorlar qaytadan tijorat boshlashga biroz xavotirlanib ham turishibdi. Ayniqsa, iyun xunrezligi bir yilligi oldidan O‘shda tahlikalar urchigan edi.

Qator o‘zbek oshxona va tijoratlari esa hozir qirg‘izcha nom bilan qayta ochilmoqda. Bu, hoynahoy, tijoratning xavfsizligi uchun kafolat, deb ko‘riladi.

Bozor jonlanmoqda, ammo...

Iyun zo‘ravonligida qariyb vayron bo‘lgan O‘sh bozori ham jonlanayotganga o‘xshaydi. Bugun qirg‘iz sotuvchilari yonida o‘zbeklar ham savdo qilishayapti. Lekin ko‘pchilik ko‘nglidan xavotir arimagan.

"Ba‘zilar endi-endi ishga chiqishmoqda" - deydi bozordagi kosiblardan biri-"Oldin qo‘rqishardi o‘t-po‘t ketmaydimi, deb... Mana kecha qandil bozoridagilar kelishdi. Endi sekin-sekin ish boshlashadi".

Yaqindagi beshiksozlar va tikuvchilar esa zo‘ravonlik bosilishi bilan ishga qaytishganini aytadilar.

"Ishni to‘xtatmadik. Tug‘ilish ko‘p, beshiklarimiz yaxshi ketadi" - deydi toldan beshik yasab sotadigan Alisher -"Tinchlik bo‘lib turibdi, Xudoga shukur. Bozor ishlayapti".

Ammo O‘sh bozorida huvillab yotgan rastalarni, bo‘m-bo‘sh konteynerlarin ko‘rish mumkin. Sotuvchilarga ko‘ra, bularning egalari hozir Bishkekda. O‘shga kelib, o‘z tijoratlarini qayta ochishadimi yo yo‘qmi - noma‘lum. Zo‘ravonlikdan oldin tiklanayotgan bu tijoratlar shu asno qolib ketgan.

Darhiqiqat, odamlarning asosiy xavotiri - yana qandaydir zo‘ravonlik ro‘y berib, bor tijorat va mol-mulklaridan ajralib qolish ehtimoli. Qirg‘izistondek notinch mamlakatda bunday qo‘rquv asossiz ham emas.

Buning ustiga, Qirg‘iz matbuotida hali-hamon aksilo‘zbek kayfiyatidagi chiqishlarni uchratish mumkin. Huquq faollariga ko‘ra, rasmiy doiralarda ham, huquq tartibot idoralarida ham hamon millatiga qarab ajratish ko‘zga tashlanadi.

Bugun O‘sh markazida o‘zbeklarni kam uchratasiz. Ayollar umuman, soat beshdan keyin ko‘chaga chiqmasliklarini aytishadi. Erkaklar esa zarur ish bilangina markazga tushadilar.

Markazdagi xiyobonlar va dam olish maskanlarida, asosan, qirg‘izlarni uchratasiz.

Huquq faollariga ko‘ra, o‘zbeklar hano‘z ko‘cha-ko‘yda va bozor joylarida haqorat va tahqirga duch kelib turishadi. Lekin ular o‘zlarini hech kim himoya qilmaydi, deb ishonadilar.

Qirg‘iz hukumati esa halicha o‘z fuqarolarini millatidan qat‘iy nazar birdek himoya qilishiga o‘zbeklarni ishontira olgani yo‘q.