O‘sh:Rasmiylar aytayotgan totuvlik nimaga asoslangan?

Image caption O‘shda o‘zbek-qirg‘iz munosabatlari izga tushmoqda, ammo o‘zbeklar o‘zlarini hamon kamsitilgan va himoyasiz his qilishadi

"Men endi Qirg‘izistonga qaytib borishga qo‘rqaman. Militsiya kelib oilamdan surishtirayotganmish. Bilmadim nega?" - savol qo‘yadi asli o‘shlik suhbatdoshim.

Xorijda o‘qigan bu talaba ko‘plab o‘zbek yigitlarini militsiya hibsga olayotgani bois, uni ham faqat o‘zbek bo‘lgani uchungina surishtirishga tushishganini qayd etadi.

Xalqaro va mahalliy inson huquqlari faollariga ko‘ra, darhaqiqat, hali hamon O‘shdagi o‘zbeklar hibs tahdididan holi emaslar. Zotan, iyun zo‘ravonligida o‘zbeklar eng ko‘p jabr chekkani qayd etilsa-da, aksar qamoqqa tashlanganlar ham o‘zbeklar bo‘lishmoqda.

"Kunda yo kun ora telefon qilishadi. Hibsga olishdi, nima qilamiz, pul so‘rashayapti, deya zorlanishadi" - deydi O‘shdan huquq faoli Ravshan Gapirov -"Umuman, to‘polon joyida bo‘lmagan yigitlarni ham hibsga olishayapti. O‘zimning o‘g‘limni ham besh oy hibsda saqlashgan. Ammo aybini topolmay ozod qilishdi. Menimcha, mening o‘g‘lim butunlay oqlangan yagona o‘zbek bo‘lsa kerak".

Ravshan Gapirov hozir o‘g‘lini qamoqqa olib, qiynagan shaxslar ustidan mahkamaga arz qilgan. Biroq uning aytishicha, oddiy odamlarning ahvoli juda nochor.

"Hatto yangi qurilgan uylarning aksarisini ham qirg‘izlarga berishayotgani haqida xabarlar bor" - deydi huquqbon -"Bu masalani ham jiddiy tekshirish zarur. Chunki zo‘ravonlikda uyi va tijorati yonib ketganlarning aksarisi o‘zbeklar edi".

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘sh va Jalolobodda hali hamon o‘zbeklar o‘zlarini kamsitilgan his qiladilar va qo‘rquvda yashashmoqda.

"Hozir avvalgidek ko‘chada haqorat qilish va yo kaltaklash kabi holatlar ancha kamaygan" - deydi Ravshan Gapirov -"Lekin ba‘zilar hamon xavotirda, ko‘pchilik o‘zini himoyasiz his qiladi".

Yangi milliy kontseptsiya

Biroq Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, mamlakatdagi milliy munosabatlar ancha risoladagidek kechmoqda.

So‘nggi nutqlaridan birida Prezident Roza O‘tinboyeva juz‘iy noqisliklarni istisno etganda, mamlakatd milliy birdamlik va totuvlikka erishilganini iddao qildi.

"Endi milliy rivojlanish kontseptsiyasini ishlab chiqdik va bunga ko‘ra ozchiliklar ham siyosiy va ijtimoiy turmushda faol qatnashishlari kerak" - dedi Qirg‘iz prezidenti.

Hozir Qirg‘iziston siyosiy doiralari va kuch tizimlari qariyb qirg‘iz millatidan iborat. Tahlilchilarga ko‘ra, siyosiy hayotga kiritilmagan o‘zbeklar va yo uyg‘urlar ko‘pincha tijorat bilan shug‘ullanishgan. Bu esa ularning nisbatan to‘q yashashlariga sharoit yaratgan.

Joriy hukumati sobiq rahbarlar davrida milliy ozchiliklar muammolariga e‘tibor qaratilmagan, deb aytadi. Rasmiylar bu borada vaziyatni yaxshilashga intilishayotganini ta‘kidlaydilar.

Biroq sobiq diplomat va siyosatshunos Mars Sariyevning aytishicha, aksincha, hozir o‘zbeklarning ahvoli yomonlashmoqda.

"O‘sh voqealaridan beri o‘zbeklarning ahvoli nochor. Qirg‘izlar o‘zbeklarga nisbatan yomon munosabatda bo‘lishayapti" - deydi o‘zi ham qirg‘iz millatiga mansub siyosatshunos -"Shu bois o‘zbeklar qo‘rquvda va o‘zlarini himoyasiz his qilishadi. Chunki o‘zbeklar militsiya va huquq-tartibot idoralarida tarafidan ta‘qib qilinmoqda".

O‘z yerida yashayotgan katta sondagi o‘zbeklarning milliy ozchilik, deb ta‘riflanishini Prezident O‘tinboyeva ham g‘alati holat sifatida qayd etdi.

Lekin bugun qirg‘iz siyosatida ko‘pchilik va yetakchi millat - Qirg‘izlar boshqaruvidagi davlatchilikni rivojlantirish taradforlari ko‘pchilik. So‘nggi parlament saylovida ham millatchilar sezilarli muvaffaqiyatga erishganlar.

Qirg‘izistondagi besh millionga yaqin aholining yarmidan kamrog‘i qirg‘iz millatiga mansub bo‘lib, aksariyat aholi tarkibi ko‘p millatlidir.