Ovro‘po Ittifoqi BBC muxbirini zudlik bilan ozod etishni talab qildi

Ovro‘po Ittifoqi Xo‘janddagi hibsxonada saqlanayotgan BBC muxbiri O‘rinboy Usmonni ozod qilish talabi bilan ikkinchi marotaba bayonot e‘lon qilgan.

Tojikiston Xavfsizlik qo‘mitasi jurnalistni Tojikistonda faoliyati taqiqlangan "Hizbut-Tahrir" firqasi haqida rasmiy idoralarga xabar bermaganlikda ayblamoqda.

Ovro‘po Ittifoqi Tojik rasmiylarini O‘rinboy Usmonga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan.

Ovro‘po Ittifoqining Tojikistondagi vakolatxonasi Tojik rasmiylari tomonidan BBC muxbiri O‘rinboy Usmonga nisbatan "Hizbut-Tahrir"ga a‘zolik ayblovining olib tashlanishini olqishlaydi.

Lekin, shunga qaramasdan, Ovro‘po Ittifoqi vakolatxonasi janob Usmonovga nisbatan hanuz boshqa ayblovlar ilgari surilayotganligidan va ayniqsa bu ayblovlar odatda oddiy jurnalistik faoliyat sifatida ko‘riluvi amallar asosida qo‘yilganidan chuqur xavotirda ekanini izhor etgan.

"Ovro‘po Ittifoqi vakolatxonasi tegishli Tojik rasmiylarini bu ayblovlarni qayta ko‘rib chiqishga da‘vat qiladi va O‘rinboy Usmonovning hibs ostidan zudlik bilan ozod etilishini talab qiladi", deyiladi bayonotda.

Ovro‘po Ittifoqi Tojik hukumatining mamlakatda xavfsizlik va barqarorlikni saqlab qolish harakatlarini tan olgan holda, ayni paytda Tojikistonda matbuot erkinligi va adliya tizimining oshkor xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lishi ham muhim ekanligini urug‘ulashda davom etishini bildirgan.

Bundan oldin Ittifoq BBC muxbiri O‘rinboy Usmon taqdiridan xavotir izhor etib, uni ozod qilishga chaqirgan.

Ittifoq Tashqi Aloqalar bo‘yicha oliy komissari so‘zchisi Maya Kochiyanchich Tojikistonning Ovro‘podagi sheriklari O‘rinboy Usmon ishini yaqindan kuzatishayotganini qayd etdi.

Tashkilot jurnalistga qamoqda nima bo‘lgani borasida Tojik hukumatidan tekshiruv talab qilgan.