OXHT rasmiysi: 'O‘rinboy Usmon masalasida Tojik hukumatining sukutidan noroziman'

Image caption O‘rinboy Usmon 23 kundan beri hibsda ushlab turilibdi

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti BBCning Tojikistondagi muxbiri O‘rinboy Usmonning qamoqda saqlanayotganidan yana bir bor norozilik izhor qildi.

BBC muxbiri O‘rinboy Usmonning Xo‘jandda Tojikiston Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi tomonidan hibsga olinganiga bugun 23 kun to‘ldi.

Tojikiston Xavfsizlik qo‘mitasi avvaliga jurnalistni faoliyati taqiqlangan "Hizbut-Tahrir" firqasiga a‘zolikda ayblagan, biroq keyin mazkur ayblov bekor qilingandi. Hozir esa, O‘rinboy Usmon "Hizbut-Tahrir" firqasi haqida rasmiy idoralarga xabar bermaganlikda ayblanib, hisbda ushlab turilibdi.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti O‘rinboy Usmonning zudlik bilan ozod qilishni talab qilib chiqqan qator xalqaro tashkilotlari safiga qo‘shilgandi.

Tashkilotning matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Dunya Miyatovich mazkur masala bo‘yicha Tojikiston rasmiylariga qilgan murojaatlari javobsiz qolayotganidan taassuf bildiradi.

"Afsuski, hech qanday javob olganim yo‘q. Men hali ham kutayapman. Ko‘proq ma‘lumot olish uchun Venaga kelgan tojikistonlik delegatsiya bilan ham bog‘landim, biroq hech qanday javob olmadim. Men Tojikiston rasmiylarining bunday sukut saqlayotganini hushqarshilamayman. Bunday sukut O‘rinboy Usmonov ishi haqida yaxshi taasurot uyg‘otmayapti", deydi Dunya Miyatovich BBC bilan suhbatda.

Dunya Miyatovich O‘rinboy Usmonning hibsga olinishi bilan bog‘liq jarayon "avval boshidanoq qonuniy tarzda" olib borilganiga shubha bildiradi.

"Bu masalaning insonparvarlik tarafini ko‘zdan qochirmaslik kerak, chunki O‘rinboy Usmonning salomatligi yomon. Shuning uchun, muntazam ravishda bu ishni kuzatib borayapmiz. Dushanbedagi idoramiz ham qo‘shimcha ma‘lumot olishga urinayotir. Men o‘zim bir necha kundan so‘ng Dushanbega safar qilishni rejalayapman. Lekin, safarimdan oldin O‘rinboy Usmonni ozod qilishadi deb umid qilib turibman", deydi Dunya Miyatovich.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti rasmiysi Tojikistonga safari chog‘i hukumat bilan muzokaralarda O‘rinboy Usmonning ishi asosiy masala bo‘lishini urg‘ulaydi.

"Odatda mening Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti a‘zosi bo‘lgan turli davlatlarga safarlarim turli xarakter kasb etadi. Tojikiston bilan bog‘liq qator muammolar bor va men bu muammolarni tojik hukumati bilan muhokama qilishni rejalayapman. Shuningdek, fuqarolik jamiyati vakillari bilan ham uchrashaman. Lekin, bugungi kunda O‘rinboy Usmonning masalasi mening uchun ustivor masala bo‘ladi", deydi u.

Dunya Miyatovich qamoqxonaga borib, BBC muxbirini ko‘rish niyatida ekani, "uning o‘zi va advokati bilan" gaplashishni rejalayotganini aytadi.

"Undan tashqari hukumat rasmiylari bilan ham O‘rinboy Usmon ishi borasida so‘zlashaman. Agar bu ishlarni amalga oshirmasam, safarim foydasiz o‘tgan bo‘ladi", deydi OXHT rasmiysi.