Tojikiston qamoqxonasida BBC muxbirining taqdiri qanday kechmoqda?

Yangi loyihamga hozirlik ko‘rarkanman, o‘tgan qish 19-asrda Markaziy Osiyo yuborilgan britaniyalik hay‘atlarning faoliyatiga oid oid o‘nlab kitoblarni o‘qib tushirgandim.

Ularning safaridan maqsad esa, qirolicha hazrati oliyalarining qamoqxonalarga tashlangan yoki Movarounnahrning shafqatsiz hukmdorlari tomonidan boshi tanasidan judo qilingan fuqarolari taqdiriga oydinlik kiritish bo‘lgan.

Alal-oqibat, men bu mavzudan chalg‘ib, umuman boshqa narsa haqida kitob yozdim.

Oradan bir yilcha vaqt o‘tib, endi bu mavzuga boshqa qaytmasam kerak, degan xayolga ham borib qolgandim. Yo‘q, adashgan ekanman.

Hamkasbim O‘rinboy Usmonni nega hibsga olganliklarini bilish uchun o‘tgan hafta o‘zim Tojikistonga safar qildim.

Chunki uni Tojikistonda faoliyati taqiqlangan "Hizbut-Tahrir" islomiy guruhiga aloqadorlikda ayblashayotgandi.

"Hizbut-Tahrir"

"Hizbut-Tahrir" islomiy partiyasi barcha musulmon davlatlarini birlashtiruvchi islomiy xalifat g‘oyasini ilgari suradi.

Tojikiston doxil ko‘plab Markaziy Osiyo davlatlarida partiyaning faoliyati taqiqlangan. Garchi Britaniya misolida bunday deb bo‘lmasa-da.

Safarim davomida negadir mening xayolimga ham "qirolicha hazrati oliyalari qo‘l ostidagilarining taqdiriga oydinlik kiritish", degan inglizcha ibora keldi.

Tojikistonda ekanman, bundan ikki asr burun britaniyalik vakillar to‘qnash kelgan qiyinchiliklar haqida ham ko‘p o‘yladim.

Safar

Safarim Tojikiston poytaxti Dushanbedan boshlandi.

Men u yerda Tojikiston Tashqi va Ichki ishlar vazirligi amaldorlari bilan uchrashdim.

O‘rinboy Usmonning hibsga olinishi borasida eng avvalo ularning mavqeini bilmoqchi bo‘ldim.

Chunki bundan dunyoning ko‘plab davlatlari norozi ekaniga qaramay, ular deyarli shu paytgacha miq etmay kelishayotgandi.

Boshqa tomondan, bu xususda ularga BBCning mavqeini ham izhor etmoqchi edim.

Muxbirimizga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarga ishonish uchun hech bir asosimiz yo‘qligini anglatmoqchi bo‘ldim.

O‘rinboy Usmon Tojikistonda faoliyat olib borish uchun rasmiy hujjatga ega, o‘z jurnalistik faoliyatini qonunga muvofiq olib borgan va shu sababdan ham, zudlik bilan ozod etilmog‘i lozim edi.

Men dunyoning ko‘plab davlatlari o‘tkazayotgan bosim tojik hukumatining biroz g‘ashiga tegayotganini payqadim.

Tojikistonlik mas‘ullar nazdida bu - mamlakatning obro‘yiga putur yetkazayotgan edi.

Ular bu ishni tezroq hal etish istagida ekanliklariga ishora qilishdi.

Lekin, shunga qaramay, tergov jarayonida O‘rinboy Usmonning "Hizbut-Tahrir" bilan qandaydir aloqalari borligiga dalolat qiluvchi "jiddiy dalillar" aniqlanganini ko‘p marta takrorlashdi. (Men bu dalillarga keyinroq yana qaytaman).

Dushanbeda men yana bir qancha diplomatlar bilan uchrashdim.

Mahalliy jurnalistlar uyushmasining yig‘inida ishtirok etdim.

Ularga ham har birimiz O‘rinboy Usmonning ahvoliga tushishimiz mumkinligini tushuntirmoqchi bo‘ldim.

O‘sha paytga kelib bu shunchaki da‘vat emasdi. Bu - miyamga o‘rnashib qolgan fikr edi.

"Men bu yerda, shinam mehmonxonada yotgan bir paytimda, O‘rinboy-chi,.." degan fikr kechalari menga uyqu bermasdi.

O‘rinboy Usmon kechirayotgan tunlar menga qorong‘u edi: navbatdagi tergov, hibsxona hujrasida o‘tkazilgan tun, hujradoshlarining haqoratlari...- nima bo‘lgan taqdirda ham, uning mahkumlik hayotini juda og‘ir hazm qilayotganiga ishonchim komil edi.

Biz mashinada tog‘ osha olti-etti soat yo‘l bosib, dam olish kuni O‘rinboy Usmon hibsda tutib turilgan Xo‘jand shahriga yetib keldik.

Dushanba kuni esa, Tojikistonda bayram - Mustaqillik kuni edi.

Xo‘jand: Oila qayg‘usi

O‘rinboy Usmonning yaqinlari va do‘stlari uning taqdiridan xavotirdalar. Oilasi esa, u bilan faqat bir marta ko‘rishishga muvaffaq bo‘lgan, xolos.

Sirdaryo qirg‘oqlarida qad rostlagan qadim Xo‘jand shahrini Iskandar Zulqarnayn barpo etgan, deb ishoniladi.

Agar sharoit boshqacha bo‘lganida, men bu shaharning go‘zalligidan mazza qilib rohatlangan bo‘lardim.

Ammo buning o‘rniga men va yana bir hamkasbim hibsdagi muxbirimiz bilan uchrashish uchun u ishlagan idora va himoyachisi orasida zir yugurardik.

Bularning hammasi ish yuzasidan edi. Va hattoki, odatiy tus ham olib qolgandi.

Biroq kechqurun O‘rinboy Usmonning uyiga borganimizda, bular barchasining o‘rnini birdaniga oddiy insoniy og‘riq egalladi.

Uning ayoli va farzandlari otalarining hibsga olinishidan ruhiy larzaga tushishgan va chuqur qayg‘uda edilar.

Bundan bor-yo‘g‘i bir necha hafta burun esa, ular otalarining qutlug‘ 60 yoshga to‘lishini orziqib kutishayotgandi.

O‘rinboy Usmon Tojikistondagi taniqli yozuvchi va shoirlardan sanaladi.

Shu sababdan ham, qilgan xizmatlari uchun mahalliy mas‘ullar uning 60 yoshlik yubileyini keng miqyosda nishonlash qarorida bo‘lishgan.

Ammo, kutilmaganda, yo‘q yerdan uni hibsga olib, ertasi kuni uyida tintuv o‘tkazishadi.

O‘rinboy Usmon negadir o‘sha kuni oila a‘zolari bilan vidolashadi.

Hibsxonada o‘tkazgan ilk tunini nazarda tutib, “bu kecha omon qolmasam kerak”, deydi.

Oilasi esa, hanuz o‘sha uchrashuvni miridan-sirigacha muhokama etishadi: O‘rinboy Usmon qanday ko‘rinishda bo‘lgani, nimalar degani va xonada bo‘lgan maxsus xizmat xodimlari uning og‘zidan chiqayotgan har bir so‘zga qanchalik hushyor bo‘lishgani va hokazo...

Mening qo‘limdan kelgani esa, faqat yupatish bo‘ldi, xolos.

Men O‘rinboy Usmonning hamkasblari ham uning taqdiridan chuqur xavotirda ekanliklari va ozodlikka chiqishi uchun qo‘limizdan kelgan hamma ishni qilishimizni aytdim.

O‘rinboy bilan uchrashuvga hozirlik

Dam olish va bayram kunlari ekaniga qaramay, biz ko‘p kishi bilan, jumladan, O‘rinboy Usmonning himoyachisi Fayziniso Vohidova bilan ham uchrashdik.

U bilan birga hujjatlarni ko‘rib chiqayotgan chog‘imizda ob‘ektiv va sub‘ektiv dalillarni o‘z ichiga oluvchi jinoyat sostavi yo‘qligini ilg‘adim.

Ha, O‘rinboy Usmon jurnalistik faoliyati doirasida, ya‘ni suhbatlashish uchun “Hizbut-Tahrir” a‘zolari bilan bir necha bor uchrashgan. Kompyuteri faylida ushbu partiyaga aloqador ma‘lumotlar ham bo‘lgan.

Biroq u – Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining ruxsatnomasi bilan faoliyat olib borayotgan malakali jurnalist edi. Va BBC muxbiri sifatida mintaqada yuz berayotgan hodisalar, jumladan, diniy muammolarni ham yoritishi lozim bo‘lgan.

Tartib-qoidalarga kelganda esa, hatto, Tojikiston qonunlarida ham me‘yorlar jurnalistlar va fuqarolar uchun farqlidir.

Xuddi xavotirlarimiz va gumonlarimizga javoban qilgandek, tergovchilar o‘sha onda muxbirimizga qo‘yilgan ikki ayblovni olib tashlashga qaror qilishdi.

Ayblovlardan biri O‘rinboy Usmonning “Hizbut-Tahrir” partiyasiga aloqadorligi, ikkinchisi esa, uning g‘oyalarini targ‘ib etish mazmunida edi.

Ammo firqaning faoliyati haqida lozim idoralarga xabar bermaslikka oid ayb saqlab qolindi.

Hozir asosiy muammo ham aynan tergovchilarning O‘rinboy Usmonga qo‘yilgan ana shu aybni ham olib tashlashga yor bermayotganliklaridir.

Chunki, bunday qilgan taqdirlarida, O‘rinboy Usmonni hibsga olgan va unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘agan tergovchi hamda prokuror qilgan qilmishi uchun javob berishi lozim bo‘ladi.

Tergov esa, hanuz davom etmoqda.

Seshanba kuni tongda Tojikiston Davlat Milliy xavfsizlik qo‘mitasining mahalliy bo‘limiga kelishga ruxsat berishmaguncha, men ana shunday fikrda edim.

Ikki qavatli uzun binoning yaqinida esa, ko‘zimiz 40 yoshlarda bo‘lgan ayolga tushdi.

Ayon bo‘lishicha, u ikki oydan beri o‘g‘li bilan ko‘rishishga ruxsat ololmay ovorayu sarson ekan.

Uning o‘g‘li ham xuddi O‘rinboy Usmonga qo‘yilgan ayblarda ayblanayotgan ekan.

Sochi kalta qilib tarashlangan va ko‘zida o‘t yonib turgan Milliy Xavfsizlik xizmati xodimi meni ichkariga taklif qildi.

Milliy Xavfsizlik xizmatidagi uchrashuv

BBC jurnalistlari O‘rinboy Usmonni dastaklab, Londonda bir necha bor norozilik aktsiyasi o‘tkazishdi.

Ikkita stol va oltita stul qo‘yilgan oddiygina xonada xavfsizlik xizmatining ikki xodimidan tashqari, yana ikki nafar mahalliy jurnalistga ham ko‘zim tushdi.

O‘rinboy Usmonni olib kelishganida u bilan ataydan quchoq ochib ko‘rishdim. Og‘riqni qanchalar his etishini bilish uchun bag‘rimga qattiqroq bosishga harakat qildim.

So‘nggi bor ko‘rganimdan ko‘ra ancha ozibdi.

Stolning qarama-qarshi tomonlariga o‘tirdik.

Men O‘rinboy Usmonga hamma uni qo‘llab-quvvatlayotgani, uning ozod etilishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishimiz, uning begunoh ekaniga qattiq ishonishimizni aytdim.

Ammo u miq etmasdi. Ko‘zlari milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomoniga qaragandi.

Men uning hech bir yomon ish qilmagani, shu sababdan ham, har qanday qog‘ozni imzolamasligi lozimgini o‘qtirayotgan chog‘imda, tergovchi , “To‘xtang, to‘xtang, siz u kishiga nimani o‘rgatayapsiz”, deb baqirib qoldi.

Men faqat BBCning mavqeini tushuntirayapman, deb javob berdim.

- Himoyachi kiritib bergan va sizni qo‘llab-quvvatlab yozilgan maqolayu maktublarni o‘qidingizmi, deganimda esa, O‘rinboy Usmon asabiylashib, “Hozir men hech narsa o‘qiy olmayman, boshimga hech narsa kirmaydi,” dedi.

Keyin esa, negadir jo‘shqinlik bilan, “Jurnalistlar shov-shuvning ortidan quvmasliklari kerak, ular o‘z fuqarolik burchlarini yodda tutishlari lozim”, dedi.

Men bu kabi so‘zlarni tojik amaldorlarining og‘izlaridan ham bir necha bor eshitganman.

Keyin esa, yo‘q yerdan, “Men prezidentimiz qurayotgan odil va zamonaviy jamiyatga ishonaman. Va prezident tomonidan tayin etilgan kishilar (ko‘zi bilan xavfsizlik mulozimlariga ishora qilib) adolatni qaror toptirishlariga iymonim komil”, dedi.

Uchrashuvimiz shu bilan yakun topdi.

Men bundan dahshatga tushgandim va bu haqda uchrashuv ortidan milliy xavfsizlik xizmati xodimlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlariga ham aytdim. Ammo o‘shandagi butun holatimni ataydan qog‘ozga tushirmoqchi emasman.

Lekin o‘sha qisqa uchrashuvimizga xayolan qaytib, uning har bir ikir-chikirini miyamda muhokama etarkanman, O‘rinboy Usmon, “Bu-ku, keladi, qo‘llab-quvvatlaydi va ketadi. Men esa, mana bu tergovchilar, mana shu hibsxona va shu davlatda qolaman”, degan o‘yda bo‘lgan bo‘lsa kerak, dedim.

Ana shu chidab bo‘lmas fikr qayta-qayta xayolimga kelaveradi.