"O‘sh voqealari silsilasi qayta o‘rganilishi kerak"

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption O‘shga tinchlik qaytgan, ammo vaziyat tarang, o‘zbeklar hamon qo‘rquv va ta‘qib ostida yashashmoqda

Rossiyada joylashgan "Memorial" inson huquqlari tashkiloti O‘sh zo‘ravonligi voqealari bo‘yicha mavhum qolayotgani holatlarga oydinlik kiritish uchun yangi hisobot ustida ishlamoqda.

Tashkilot vakili Vitaliy Ponomaryovga ko‘ra, ilk tundagi kuch tizimlari harakati va Sulaymon tog‘idagi snayperlar borasida javobsiz qolayotgan savollar ko‘p.

Huquq faoli ilk tunda "Oloy" mehmonxonasi oldida to‘plangan odamlarga qarata harbiy mashinalardan turib o‘t ochilgani da‘volari batafsil tekshirib chiqilishi kerak degan fikrda.

"O‘shdagi zo‘ravonlikning ilk tunida o‘ldirilgan insonlar milliy nizolar qurboni bo‘lganmi va yoki kuch tizimlari o‘qiga uchganmi, bularni o‘rganib chiqish zarur" - deydi suhbatdoshimiz - "Rasmiy qaydlarda falonchi kuchlar mana shu vaqtda pistonchi joyga jo‘natildi, deyiladi. Lekin o‘sha manzilga yetib borgandan keyin nima ishlar bilan shug‘ullanishgani noma‘lum".

"Ilk tunda ko‘chaga chiqqan odamlarning 6-7 nafari harbiylar o‘qidan nobud bo‘lgan" - deydi Vitaliy Ponomaryov -"Qirg‘iz hukumati esa bu holat borasidagi tafsilotlarni yashirishga, u haqida gapirmaslikka urinmoqda".

Huquq faoliga ko‘ra, hozirgacha mavjud hisobotlarda muayyan juz‘iy chalkashliklar kuzatiladi va ayrim holatlar ochiqlanmagan.

Janob Ponomaryov, masalan, Sulaymon tog‘idagi hukumat merganlari, ya‘ni snayperlar ham rasmiy hisobotlarda ko‘rsatilganidan oldinroq tog‘da paydo bo‘lgan, deb ta‘kidlaydi.

"Agar otgan odamlar hukumat merganlari bo‘lmasa ham, tog‘da bemalol formali snayperlar yurishgan. Ular atrofda nimalar bo‘layotganini ko‘rib-bilib turishgan" - deb aytadi "Memorial" vakili.

Image caption "Memorial" vakillariga ko‘ra, O‘sh voqealari payti Sulaymon tog‘idan turib o‘q uzgan merganlar masalasiga ham hali oydinlik kiritish lozim.

Vitaliy Ponomaryov o‘z yangi tadqiqotlarida o‘rganayotgan bu jihatlar borasida Inson Huquqlari bo‘yicha Helsinki Qo‘mitasining Serbiyada o‘tkazilgan maxsus anjumanida bildirgan.

"Buzilgan va‘dalar: OXHT hududlaridagi qiynoqlar va hujumlar" nomli maxsus anjumanda asosiy e‘tibor O‘sh voqealariga qaratilgan.

Unda O‘sh xunrezligi bo‘yicha xalqaro tekshiruv olib borgan finlandiyalik siyosatdon Kimmo Kilyunen ham so‘zga chiqqan va o‘z hisobotini tayyorlashda yordam bergan Qirg‘izistondagi insonlar taqdiridan xavotir bildirgan.

Janob Kilyunenning xalqaro hisoboti Qirg‘iziston hukumatini g‘azabga solgandi. Hisobotda zo‘ravonlik payti aksar o‘zbeklar jabrlanganiga qaramay hozir, asosan, yana o‘zbeklar jazolanayotgani eslatiladi.

Buning ortidan qirg‘iz parlamenti finland siyosatdonini Qirg‘izistonga kela olmaydigan shaxs, ya‘ni persona non-grata, deb e‘lon qilgandi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Qirg‘iziston hukumati vakillari Serbiyadagi anjumanda ham g‘arblik va rossiyalik tadqiqotchilar fikrlariga g‘azab bilan munosabat bildirishgan.

"O‘z muammolarimizni o‘zimiz hal qilamiz, tashqaridan aralashmanglar, deb aytishdi" - Qirg‘iziston vakillari munosabati haqida gapiradi Vitaliy Ponomaryov - "Ularning bildirishicha, Qirg‘izistonda hozir milliy ozchiliklar haq-huquqlari to‘la ta‘minlangan".

Hibslar, qo‘rquv va pul undirish

"O‘shdagi vaziyat hamon tarang qolmoqda. Bunga sabab - militsiyaning noqonuniy amallari" - deydi bir necha hafta oldin O‘shdagi o‘zbek mahallalarida bo‘lib qaytgan Vitaliy Ponomaryov.

"O‘tgan bahordan beri hibslar faollashgan. Aksar hollarda odamlardan pul undirish uchun shunday qilishayapti. Odamlar esa davlat o‘zlarini himoya qilishiga ishonmaydilar. Shu bois bu kabi holatlar tekshirilmasdan qolib ketayapti".

Uning aytishicha, hozir O‘shda qo‘rquv kuchli. O‘n minglab yosh o‘shlik o‘zbeklar bugun Rossiya va boshqa mamlakatlarga chiqib ketishgan. Ko‘pchilik ish izlab ketganini aytadi. Ammo inson huquqlari faollariga ko‘ra, odamlar ta‘qib va tazyiqlardan qochib ketishmoqda.

Vitaliy Ponomaryov O‘shda qiynoqlar ham qo‘llanayotganini urg‘ulaydi.

"Ilgari qiynoqlar haqida qarindoshlar va himoyachilardan eshitardik. Endi esa bizda qiynoqqa tutilgan odamlarning o‘z hikoyalari bor. Biroq mavjud hisobotlarda bu kabi holatlar borasida juda kam eslatiladi yoki umuman tilga olinmaydi".