"Suv resurslarini muvozanatli boshqarish Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikning muhim omilidir"

Фото муаллифлик ҳуқуқи unep.org

"Suv resurslarini o‘ylov bilan boshqarish Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikning muhim omilidir".

Bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit dasturi e‘lon qilgan yangi hisobotning muhim xulosasidir.

Ichimlik suvi ta‘minotida tobora ko‘proq mushkulliklarga duch kelayotgan Markaziy Osiyodagi vaziyatni tahlil qilgan BMT tashkiloti suv resurslarini o‘zaro bo‘lashishda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishni maslahat beradi.

Yaqin-yaqingacha Markaziy Osiyodagi suv ta‘minoti bilan bog‘liq ommaviy axborot vositalarining mavzulari asosan, atrof-muhit, qishloq xo‘jaligi va iqtisod bilan bog‘liq bo‘lib kelgan bo‘lsa, endi ichimlik suv muammosining mintaqa uchun o‘tkir xavfsizlik masalasi sifatida tobora ko‘proq urg‘ulanayotganini ko‘rish mumkin.

Bu BMT Atrof-muhit dasturi yangi hisobotining sarlavhasida ham ko‘rinadi - "Amudaryo basseynida Atrof-muhit va xavfsizlik".

Hisobot mualliflari yozishicha, gidroelektr stantsiyalar loyihalari, samarasiz irrigatsiya tizimi, aholi sonining shiddat bilan ortib borayotgani va iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyodagi atrof-muhit masalalariga aloqador diplomatiyaning eng asosiy mushkulliklarini tashkil etadi.

100 sahifalik hisobotda mintaqadagi deyarli barcha daryolar xaritalari, qaysi daryo qay tomonga oqadiyu, bu daryoda qancha suv yig‘ilib, qanchasi sarflanadi, qanchasi isrof bo‘ladi, suratlar bilan ko‘rsatilgan.

Qurilayotgan, rejalashtirilayotgan suv inshootlari, qaysi mamlakat elektr energiyasini qay yo‘lda olishi chizmalari berilgan.

Dastlab juda batafsil Amudaryo oqimi bo‘ylab ketgan hududlardagi suv ta‘minoti bilan bog‘liq bugungi vaziyat tahlil etiladi, Sho‘rolar davridan suv qancha kamaygani, suv tarkibi naqadar buzilgani tahlil etiladi.

Hamkorlikka da‘vat

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari va BMT Atrof-muhit dasturi ijrochi direktori Achim Steyner hali 1994 yildagi tadqiqotlarda Amudaryo basseyni atrof-muhit va xavfsizlik nuqtai nazaridan dunyoning muammoli nuqtalaridan biri sifatida qayd etilganini, orada o‘tgan davr mobaynida esa bu hududga bog‘liq xavotirlar kamaymadi, aksincha kuchaydi, deb aytgan.

Atrof-muhit dasturi rahbari suv tufayli kelib chiqayotgan muammolarni alohida urg‘ulagan.

"Xavfsizlik istiqbolidan kelib chiqilganda, yuqori oqimda ko‘proq suv olinib, past oqimdagilarga kam suv qolar ekan va oqim sifati buzilar ekan, iqlim o‘zgarishi, suv, energiya va ziroatchilik beqarorlik ortishi va hatto ziddiyatlarga olib kelish potentsialiga ega ekanligi aniqlandi", deb aytgan BMT Atrof-muhit dasturi ijrochi direktori Achim Steyner.

BMT avvalambor mintaqa mamlakatlarini "Chegaralararo suv resurslari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish va foydalanish bo‘yicha konventsiya"ni imzolashga chaqiradi.

Hisobotda mamlakatlar o‘rtasida transchegara suvlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik juda-juda muhimligi, bu hamkorlik uchun esa GESlar haqida bo‘ladimi, irrigatsiya tizimlari haqidagimi ma‘lumot, axborotlarni o‘zaro bo‘lashish muhimligi va suvdan boshqa muqobil energiya manbalarini rivojlantirish maslahati beriladi.