Tojikiston Bosh prokurori: O‘rinboy Usmonov ishi nihoyasiga yetdi

Tojikiston Bosh prokurori BBCning hibsga olingan muxbiri O‘rinboy Usmonov ustidan qo‘zg‘atilgan ish nihoyasiga yetgani va tergov natijalari yuzasidan mamlakat prezidentiga hisobot berilishini aytgan.

Bu haqda Tojikiston Bosh prokurori Sherxon Salimzoda 12 iyul kuni jurnalistlar uchun uyushtirilgan matbuot yig‘inida ma‘lum qilgan.

Janob Salimzoda "O‘rinboy Usmonovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish yuzasidan" mamlakat prezidentiga to‘liq hisobot tayyorlayotganini aytgan.

"Davlat rahbari bu ishga e‘tibor qaratmoqda," dedi u.

"Men jurnalistlardan ish adliya organlari tomonidan to‘laligicha o‘rganilgunga qadar bu haqda erta xulosa chiqarmasliklarini so‘rayman," dedi Sherxon Salimzoda

BBC Jahon Xizmati boshlig‘i Piter Horroks 24-iyun kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga maktub yo‘llab, undan O‘rinboy Usmonovni ozod etishga izn berishni so‘ragan edi.

18 iyun kuni O‘rinboy Usmonov oilasi ham Tojikiston prezidentiga ayni mazmundagi noma yo‘llagan edi.

O‘rinboy Usmonovning advokati Fayziniso Vohidova ham tergov ishi yakunlanganini tasdiqladi.

Uning aytishicha, O‘rinboy Usmonov ustidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha tergov xulosalarini Sug‘d viloyati prokuraturasiga yo‘llashdan oldin yana bir bor advakat ishtirokida ko‘zdan kechirilishini aytdi.

Biroq janob Salimzodaning aytishicha, BBC O‘zbek xizmati muxbiri O‘rinboy Usmonov ustidan ish Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi tomonidan nihoyasiga yetkazilib, allaqachon Sud viloyati prokuraturasiga yuborilgan.

O‘rinboy Usmonov shu yil 13 iyunda Tojikiston Xavfsizlik Qo‘mitasi xodimlari tomonidan mamlakatda faoliyati ta‘qiqlangan partiya - "Hizd ut-Tahrir"ga aloqadorlikda gumon qilinib hibsga olingan edi.

O‘shandan buyon ko‘plab xalqaro tashkilotlar, g‘arb elchixonalari, jurnalistlar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari bayonotlar tarqatib, rasmiy Dushanbedan O‘rinboy Usmonovni darhol ozod etishni talab qildilar.

BBC rahbariyati qarori bilan BBC xodimlari O‘rinboy Usmonov ozodligini talab qilib, har chorshanba kuni Londonda namoyish o‘tkazmoqdalar.

Hozirda Tojikiston Xavfsizlik Qo‘mitasi BBC muxbirini Tojikistonda faoliyati taqiqlangan "Hizbut-Tahrir" firqasi haqida rasmiy idoralarga xabar bermaganlikda ayblamoqda.

Bir necha kun muqaddam BBC muharriri va jurnalisti O‘rinboy Usmonov bilan uchrashgandi.

Ular hamkasblari salomatligi va ruhiyatidan xavotirlarini izhor qilishgan.

O‘rinboy Usmon o‘z hamkasblari bilan suhbat chog‘ida hech qachon "Hizbut-Tahrir" diniy firqasining a‘zosi bo‘lmagani va "Hizbut-Tahrir" g‘oyalarini mutlaqo qo‘llab-quvvatlamasligini aytgan.

59 yoshli O‘rinboy Usmon qand diabeti va yurak xastaligiga chalingan.